1989-yilning 21-oktabrida O‘zbekistonda mamlakat mustaqilligi ramzlaridan biri — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. 2020-yildan boshlab bu sana O‘zbek tili bayrami sifatida nishonlanmoqda. “Daryo” ushbu sana munosabati bilan oktabrni “O‘zbek tili oyligi” deb e’lon qiladi va oy davomida har kuni til masalasida turli yillarda qilingan va hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan chiqishlar, nutqlar, maqolalarni qayta chop etadi.
Bulbul xonishi va “to‘ti falsafasi”
Mabodo, biron sababga ko‘ra, bizning ayrim tilshunos, adabiyotshunos va tarjimashunos olimlarimizni… jazolash lozim bo‘lib qolsa, ularni o‘zlari yozgan kitoblarini ko‘pchilik o‘rtasida ovoz chiqazib o‘qishga majbur qilish kerak. Bundan og‘ir jazo bo‘lmasa kerak jahonda! “O‘quvchi” — zerikib o‘ladi, tinglovchini esa qo‘rg‘oshinday og‘ir mudroq bosadi…Mana, yuqorida nomi zikr etilgan “O‘zbek tilining stilistikasi” (1983) degan kitobda ko‘zga chalingan ba’zi “ilmiy” gaplar: “Emotsional-ekspressiv leksikaning stilistik xususiyatlari”, “stilistik norma va funksional stillarning stilistik-nutqiy strukturasi”…
Mualliflar ranjiydilar: o‘n ikkita so‘zdan naq (atigi! — G‘. S.) bir jufti o‘zbekcha kalima-ku!..
Unday bo‘lsa mana bular-chi: “Professionalizm, texnisizm va terminologik leksika…”, “sintaktik figuralar va troplar”, “…stillarning klassifikatsiyasi, ekstralingvistik va lingvistik faktorlar”, “semantik va emotsional-ekspressiv ottenkalar”, “stilistik effekt”…
E’tiroz: “Bunday qusurlar, darvoqe, o‘zlarida ham bor!..” Nachora, bo‘lsa bordir. Gap “men”, “siz”, “ular”da emas, balki hammamizda, barchamizning umumiy mulkimiz bo‘lgan mavlono tafakkur, til, nutq, tarjima, uslub, insho, bayon haqida.
Mualliflarning yana bir e’tirozini eshitib turibman: kitobning qimmati faqat uning tili, ilmiy istilohlari bilangina belgilanmaydi.
Ehtimol, geometriya, hikmat (fizika), kimyo darsliklari uchun til faqat — shakldir. Biroq til badiiy adabiyot, shuningdek, badiiy tarjima uchun ham shunchaki shakl, libos, tashqi ko‘rk-hasham emas. Buni bejiz so‘z san’ati deyilmaydi. Til badiiy adabiyotning joni. Tili, uslubiy-ifodaviy tarzi g‘arib, qorishiq, beta’sir asarni aslo yaxshi deb bo‘lmaydi.
So‘zshunoslik fanlarining alfozi ham har qanday jimjimadorlikdan xoli, ilmiy tilga xos qanchalik “quruq”, sipo, jiddiy bo‘lmasin, bu inson tafakkuri, nutqi, badiiy adabiyotning qalbi ekanligini to‘la ifodalashi kerak. Axir, uslubiyot ilmi yoki, aytaylik, adabiy tanqidga doir kitobning tili qandaydir chizmakashlik yo bo‘lmasa nabotot fanlarining tilidan farq qilishi kerak-ku!
Nutq madaniyatini qaror toptirish, parvarish qilishda hamma vosita va imkoniyatlardan bilib foydalanish kerak. Radio, teleko‘rsatuv, ommaviy sayllar, sport eshittirishlari, ma’ruza hamda suhbatlarda nutq toza, bo‘liq, donador, tagdor, ma’nodor va shavqli bo‘lgani yaxshi. Oynayi jahon orqali namoyish qilingan, did bilan tayyorlangan atigi yarim soatlik oddiy “tomosha” (maxsus nutq madaniyatiga bag‘ishlangan bo‘lishi ham shart emas!) minglab darsxonalarda ming soatlab olib borilgan pand, o‘git, nasihatomuz yarim chin, yarim yolg‘on “ilmiy” tahsildan ko‘ra ming marotaba ta’sirchan va samaraliroq. Negaki, “ommaviy axborot vositalari” atalmish radio, teleko‘rsatuv va matbuot har bir xonadonga kirib boradi. Tikuvchining ming urgani, temirchining bir urgani, deydilar. Ayni vaqtda o‘sha ko‘rsatuv, agar pala-partish, g‘aliz tayyorlangan bo‘lsa, nutq odobiga doir ming yillik toat-ibodatni yarim soat ichida bir pul qilishi ham hech gapmas!..
Darvoqe, har qanday kasb-korning ham o‘z ma’naviy-ruhiy iqlimi, dard-hasrati va ishkali bo‘ladi. Masalan, adiblar, olimlar, muallimlar va turli kasb egalarining o‘z “shevalari” bor. Binobarin, har bir kasb-kor egasi: bu xoh muhandis bo‘lsin, xoh shifokor, xoh ishchi yoki kolxozchi bo‘lsin — o‘z “tilida” gapirishi kerak. Oynayi jahon sahniga chiqqan har bir kishining o‘z mavzusi, o‘z “dardi” bor. Biroq ularning barchasini birlashtiradigan bitta mushtarak muammo: bu til masalasi. Barchani, shubhasiz, adabiy tilda so‘zlashga da’vat etish lozim. Shu bilan birga, har kim o‘z alfozini ham saqlasin. Tilda hamma birday “olim” bo‘lishi shart emas. (Bu masalada boshqa birovlar emas, ba’zan olimlarning o‘zlari namuna bo‘lolmaydilar!)
Aslini olganda, bu yerda gap kimning kimligida emas. Lisoniy ifoda illati, bemustasno, hammamizga xos. Ruhiy holatimiz, tilning ahvoli o‘zi shunday bo‘lib qolgan. Nima qilish kerak? Avvalo, bunda jo‘yali, matlub hamda nojo‘ya, nomatlub iboralarni farqlash, saragini sarakka, puchagini puchakka ajratish lozim. Buning shoshilinch ilojini qilmasa bo‘lmaydi. Me’yoridan oshirib solingan o‘g‘it yerning jonini olganiday, o‘ng-u so‘liga qaramay, boshqa tillardan so‘z, ibora, birikma va “tayyor” qoliplarni olaverish ham bora-bora, baayni shunday bir tarzda tilimizni ishdan chiqazib qo‘yishi tayin. Gap shundaki, ko‘pmillatlilik sharoitida tillarning o‘zaro hamkorligi, bir-biriga ta’siri jarayoni toabad oshgandan oshib boraveradi. Bu tabiiy jarayon. Masala shundaki, bu yerda lisoniy-ma’noviy taraqqiyot me’yorini yo‘qotmaslik, uning o‘zligini, o‘z tabiiy hayotiy ildizlarini omon saqlash juda muhim. Aks holda, har qanday “lisoniy vatanparvarlik” quruq da’vat, puch gap bo‘lib qoladi.
Men tilimizning sofligini saqlash uchun uni “xitoy devori” bilan chegaralashga chaqirmoqchi emasman. Bu mutlaqo noimkoniy ish. Dunyoda bunday “sof til”ning o‘zi yo‘q. Til jamiyatning o‘zi, inson tafakkuri singari, boyishga moyil. Boshqa tillardan (va o‘z-o‘zidan ham!) so‘z olish azaliy va abadiy taqdir. Ammo bu qanchalik tabiiy jarayon bo‘lmasin, qaysi tildan qachon, nimani olishni (yoki olmaslikni!) bilish, buni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik kerak.
Erkin Vohidov bizni ishontiradiki, “tilimiz boy va rang-barang, hech bir tushuncha yo‘qki, uning ifodasi bo‘lmasin. Mabodo, Farg‘onada topilmasa, Xorazmda topiladi, Toshkentda topilmasa, Samarqandda bo‘ladi”. Men miqyosni yanada kengaytirgan bo‘lardim: boringki, Farg‘ona-yu Xorazm, Toshkent-u Samarqandda ham topilmasa, qirg‘izda, qozoqda, ozarboyjonda, tatarda, turkman, tojik, boshqird, usmonli turk tomonlarda bo‘ladi. Faraz qilaylik, uyoqlarda ham daraklanmasa, o‘zimizning ko‘hna bisotimizda: “Devonu lug‘otit turk”da, “Qutadg‘u bilig”da, “Hibatul haqoyiq”da, “Muhokamatul lug‘atayn”, “Xamsa”, “Boburnoma”da bo‘ladi. Yana ta’kidlayman: biz “o‘zimizda bo‘lmagani uchun”, degan vaj bilan o‘zgalardan olayotgan narsalarni — “o‘zimizda bo‘lmagani uchun”, deb emas, balki “o‘zimiz bilmaganimiz uchun” deb tuzatib aytaylik. Tilga nah urish, unga tuhmat qilish kerakmas. O‘zimiz burnimizdan narini ko‘rmasak, bunga… til aybdormi?
Men “yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari” tushunchasini faqat davlatlar, xalqlargagina emas, balki jamiki tillarga nisbatan ham qo‘llagan bo‘lardim. Zamona zayli shunday bo‘ldiki, biz o‘lik til hisoblanmish lotindan, qadimgi yunondan hamda bugun tarix “quloq boshiga” chiqazib qo‘ygan xalqlar — rus, ingliz, farang, olmon va boshqa tillardan juda ko‘plab so‘zlar, istilohlar, turli atamalarni olayotganimizni e’tirof etaylik. Taqdir taqozosi shu. Biroq yana shuni ham e’tirof etaylikki, biz baynalmilal aloqalar doirasini juda toraytirib qo‘yganmiz, uni muayyan bir mo‘ljalga yo‘naltirganmiz. To‘g‘rirog‘i, yo‘naltirib qo‘yilganmiz. O‘ylaymanki, tarixan o‘zaro yaqin aloqada, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarida bo‘lib kelgan xalqlar: O‘rta Osiyo fuqarosidan tashqari, hindlar, xitoylar, turklar, arablar, forslar, afg‘onlar va boshqalar o‘rtasidagi o‘zaro baynalmilal, qardoshlik aloqalarini, jumladan, lisoniy munosabatlarni ham tubdan yaxshilash vaqti keldi. Besh yil jahoniy mislsiz qirg‘inbarot urushi olib borilgan olmon (nemis)lar bilanki yaxshi, do‘stona va hatto demokratik qardoshlik aloqalarini o‘rnatishga yetarli daho, chin insoniy idrok tuyg‘ulari topilgan ekan, azaliy yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik maqomida bo‘lib kelingan Sharq xalqlariga bugungi munosabatimizni yanada yaxshilash lozim.
“Ro‘znoma tili”, “kitobiy til”, “tarjima tili”, “shiorlar tili”, “idora tili”… deymiz. “Ro‘znoma tili” — zerikarli, “kitobiy til” — quruq, “tarjima tili” — yasama, “shiorlar tili” — baqiroq, “idora tili” — qashshoq… Xalq jonli tiliga nisbatan olib qaraganda, bularning lug‘ati ham, ifodaviy tarzi — uslubi ham chegaralangan. Bu tabiiy hol. Zero, “ko‘cha tili”da… ro‘znoma chiqarib bo‘lmaganiday, “idoraviy til”da… askiya qilish amri mahol.
Hozirgi qayta qurish va oshkoralik davrida matbuot kalomining e’tibori benihoya ortdi va tobora ortib bormoqda. Bunday sharoitda matbuot tilining iloji boricha quruq, rasmiy bo‘lib qolishidan ehtiyot bo‘lish kerak. Ro‘znoma-jurnallarning ifodaviy tarz-tarovati, shevasida muayyan rasmiyona uslub-ohang bo‘lishi muqarrar. Ayni vaqtda xuddi shu rasmiyatchilik, quruqlik, sipolik matbuotning burdini ketkazadi, uni el nazarida subutsiz qilib qo‘yadi, ta’sirchanligini susaytiradi. Odamlar ro‘znoma va jurnallarni faqat “axborot olish” uchungina o‘qiydigan bo‘lib qoladilar.
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” ro‘znomasining 1989-yil 17-iyun sonini o‘qiganda quyidagi so‘z va jumlalar ko‘zga chalindi. “Bir so‘z bilan aytganda” deymiz. Jumlada to‘rtta so‘z keladi. Bir so‘z bilan aytishni “va’da” qilamiz-u, to‘rtta so‘z qo‘llaymiz. Bu ruscha ikkita so‘z bilan aytiladigan iboraning ikki baravar oshirib qilingan tarjimasi. Holbuki, o‘zimizda shu ma’noda, chindan ham, bir so‘z bilan — alqissa, xullas yoki xullasi kalom desa bo‘ladi.
Keyingi vaqtlarda “ko‘pgina”, “allaqancha”, “bir qancha” ma’nolarida ruschadan o‘girib qator deb ishlatiladigan bo‘ldi. Ikki gapning birida — “qator” deymiz. Zarurat bormi shunga? Shuningdek, “nihoyat”, “oxir-oqibatda”, “qiziqish uyg‘otdi”, “birinchi navbatda”… deymiz. O‘ylab qarasak, asl o‘zimiznikiday bo‘lib ketgan bu singari birikmalar ham ruschadan hijjalab o‘girilgan.
“Ijodiy debyut”, “prinsipial mulohaza” deyish shartmi? Shu ma’nolarni o‘zbekcha ifodalab bo‘lmaydimi?
Radio yoki televizorning qulog‘ini burasangiz, ro‘znoma va jurnal varaqlasangiz, darsxonaga kirsangiz, ommaviy yig‘inlarga borib qolsangiz, darslik va kitob betini ochsangiz, ba’zan hatto adabiy asar o‘qisangiz, turli-tuman ohangga solib aytilayotgan bir xil, sidirg‘a, g‘aliz iboralarni eshitaverib ko‘nglingiz sust tortadi. Bora-bora hamma narsaga befarq bo‘lib qolasiz, dilingiz hech narsani tusamaydigan bo‘ladi, hech narsaga qiziqmay qo‘yasiz.
Qiziq, “risola” yuzasidan berilgan savolga nuqul “risolabop” javobimiz tayyor.
— Xalqning qaysi qismi? — Xalqning keng qatlamlari.
— Nutq madaniyatini nima qilish kerak? — Yuqori pog‘onalarga ko‘tarish kerak.
— Nimani o‘rganmoqdamiz? — Real munosabatlar doirasida yashashga o‘rganmoqdamiz.
— Odamlarga qanday sharoit yaratilgan? — Qulay.
— Odamlarni nima qilmoqdamiz? — Intellektual va ma’naviy jihatdan kamol topdirmoqdamiz.
— Nuqsonlarni qanday fosh etayapmiz? — Ayovsiz.
— Partiyamizning yo‘l-yo‘riqlariga qanday amal qilinmoqda? — Og‘ishmay.
— Kamchilik va nuqsonlarni nima qiladilar? — Bartaraf etadilar.
— Masalani nima qiladilar? — Ko‘taradilar.
— Muammolar nimani kutadi? — Ko‘tarib chiqishni va konkret hal qilishni.
— Adolatli fikrga qanday rioya qilamiz? — To‘la.
— Qanday kunlarda yashayapmiz? — Tarixiy kunlarda.
— Qanday vazifa? — Kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa.
— Qanday tashabbus? — Ijodiy tashabbus.
— Qanday islohot? — Tub iqtisodiy islohot.
— Ishni nima qilish kerak? — Zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarish kerak.
— Qanday muhokama? — Umumxalq muhokamasi.
— Qanday aytish mumkin? — To‘la ishonch bilan.
— Jo‘n asarlarga qanday munosabatda bo‘lamiz? — Murosasiz.
— Masala qayerda turadi? — Diqqat markazida.
— Mas’uliyatni nima qilamiz? — His etamiz.
— Qanday zaylda ish ko‘ramiz? — Sovuqqonlik bilan.
— Bir narsa ikkinchisiga nechog‘liq o‘xshaydi? — Qandaydir darajada.
— Tashabbus qanday bo‘ladi? — Shaxsiy.
— Qahramonlarning qanday dunyosi? — Ichki dunyosi.
— Do‘stni qayerdan topadilar? — Boshqa kishining qiyofasidan.
— Masalaga nima qiladilar? — To‘xtalib o‘tadilar.
— Turmush darajasini nima qiladilar? — Yuqori bosqichga ko‘taradilar.
Va hokazo…
Odamlarni nogahonda uyqusidan uyg‘otib so‘rasangiz ham, ular o‘qlangan miltiqday, “shunday” so‘roqlarga “shunday” javob beradilar. Hech kim “kamchilikni yo‘qotamiz” demaydi. “Bartaraf etamiz” deydi! “Mehnat shavqi” emas, “mehnat ko‘tarinkiligi” deydi.
Shoirlar, voizlar, notiqlar, muallimlar, mutarjimlar, muharrirlar, mualliflar — qo‘yingki, butun matbuot-u nashriyot, radio va oynayi jahon, so‘z mahkamasi va muassasasi, shiorlar, kitoblar, chaqiriq va da’vatlar, murojaat va bayonotlar… — shu tilda!
Hozir hamma narsani qayta qurayotgan ekanmiz, ehtimol, alfozimiz, shevamiz, uslubimiz, shiorimiz, inshomizni ham qayta qurarmiz?..
Bir tilning boshqa tilga ta’sirini biz, nima uchundir, muqarrar ravishda “boyish” deb qabul qilamiz. Holbuki, bu chinakam boyish bilan birga, tilimizni bulg‘ash bo‘lishi ham mumkin. Bu jarayon, ham ijobiy, ham salbiy ma’noda, zohiriy va botiniy holda kechadi. Biz esa, ko‘pincha, ko‘zga ko‘rinib turgan narsalarnigina ko‘ramiz-u, parda ortidagi narsalarni payqamaymiz. To‘g‘rirog‘i, ko‘zga tashlanib turgan natija yoki oqibatni ko‘ramiz-u, ularni keltirib chiqarayotgan tub sababiyatlarni mutlaqo sezmaymiz. Vaholanki, ildizi, sababiyati aniqlanmagan illatni hech qachon quritib bo‘lmaydi. Yoki bir illat quritilsa, o‘sha illatning o‘zi boshqa joydan tag‘in nish urib chiqaveradi…
Tilning boyishi ham, buzilishi ham ikki xil yo‘sinda kechadi. Biri — xorijiy so‘zlarni o‘rinli va noo‘rin qo‘llash. Ikkinchisi — xorijiy tilning ta’siri ostida, ta’bir joiz bo‘lsa, yangicha fikr qoliplari, yangi nutqiy tarkiblarning hosil bo‘lishi.
Ikkinchi yo‘sin, ijobiy ma’noda — qanchalik muqarrar va joiz bo‘lsa, shunchalik samarador; salbiy ma’noda esa — qanchalik pinhoniy bo‘lsa, shunchalik yemiruvchan va xavfli. Chunki bu narsa me’yorni buzadi, tilni kemiradi… Qarabsizki, lafzingizda bironta ham nomatlub xorijiy unsur yo‘q, barchasi o‘zimizning azaliy so‘zlarimiz. Biroq… jumla, fikrning shakl-u shamoyili, tarhi, tarkib, ifodaviy tarz — tilimizga yot. Qip-qizil taqlidning o‘zginasi. Lisoniy taqlid! Bir til boshqa tilga go‘yo taqlid qiladi! Holbuki, har qanday yaxshi narsaga taqlid ham yaxshi emas.
G‘aybulloh as-Salom1989-yil
Izoh (0)