Avstriya sobiq tashqi ishlar vaziri Aleksandr Shallenberg 11-oktabr kuni Avstriya hukumati rahbari — federal kansler sifatida qasamyod qabul qildi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
Marosimga Avstriya prezidenti Aleksandr Van der Bellen raislik qildi. Shallenberg jurnalistlarga “mushkul davrda mushkul ish”ga ega bo‘lganini aytgan. “Hammamizga qiyin”, — dedi u.
Avvalroq Avstriya kansleri Sebastyan Kurs korrupsiyada ayblangach, iste’foga chiqish haqidagi qarorini e’lon qilgandi.
Siyosatchi o‘z qarorini “tartibsizlikning oldini olib, barqarorlikni ta’minlash” istagi bilan izohladi. “Hozir ishonchni qayta tiklash muhim… Mening mamlakatim menga o‘z shaxsiyatimdan ko‘ra muhimroq”, — degan u. Kurs kansler vazifasini bajaruvchi etib tashqi ishlar vaziri Aleksander Shallenbergni tayinlashni taklif qilgan. Shu bilan birga u noqonuniy hech narsa qilmaganini ta’kidlagan.
Avstriya hukumatida koalitsiya mavjud, unga Kursning Xalq partiyasi, shuningdek, “Yashillar” partiyasi kiradi. Aynan “Yashillar” 8-oktabr kuni Xalq partiyasidan kansler lavozimiga Avstriyada korrupsiya bo‘yicha tergov qilinmayotgan kishini tayinlashni talab qilgan.
G‘arb ommaviy axborot vositalari mutaxassislarga tayanib yozishisha, Kurs Shallenbergga ishongani hamda uni hukumatni boshqarsa ham, partiya rahbari rolini o‘z zimmasiga olmaydi, deb hisoblagani uchun unga o‘z lavozimini taklif qilgan.
O‘z navbatida, Avstriyaning Fransiyadagi sobiq elchisi Maykl Linxart Avstriya Tashqi ishlar vazirligining yangi rahbari bo‘ladi.
Izoh (0)