2021-yilda Nobel mukofotining tinchlik uchun yo‘nalishida “Novaya gazeta” bosh muharriri Dmitriy Muratov hamda filippinlik jurnalist ayol Mariya Resa g‘olib deb topildi. Ular demokratiya va tinchlikka xizmat qiladigan erkin fikrlash hamda so‘z erkinligi uchun kurashgani uchun mukofot laureatlari bo‘ldi. Muratov oxirgi 11 yil ichida Nobel mukofoti sovrindori bo‘lgan rossiyalik birinchi laureat. “RBK” so‘nggi yillarda Nobel mukofotining tinchlik uchun yo‘nalishida g‘olib deb topilgan tashkilot va jurnalistlar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etgan.
2009-yilda
AQShni 2009–2017-yillarda prezident sifatida boshqargan Barak Obama xalqaro xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan harakatlari uchun tinchlik uchun Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan. Nobel mukofoti sovrindorlarini aniqlash bo‘yicha qo‘mita Oq uy rahbarining inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlash, yadro qurolidan xoli bo‘lgan dunyoni bunyod etishga intilib qilgan harakatlariga yuqori baho bergan. Mukofotning berilishi dunyo jamoatchiligida munozaralarga sabab bo‘lgan, chunki Obama mukofotni qo‘lga kiritgan vaqtida prezidentlik lavozimida bir yil ham ishlab ulgurmagan edi va tanqidchilar uning davlat rahbari sifatida hali hech narsa qilmaganini ta’kidlagan. Amerikalik siyosatchining o‘zi ham mukofotni nohaq berilgan in’om deb atagan.2010-yilda
Xitoylik huquq himoyachisi Lyu Syaobo mamlakatda inson huquqlarini himoya qilish va zo‘ravonlikka qarshi kurashgani uchun Nobelga loyiq ko‘rilgan. U mukofotga sazovor bo‘lgan vaqtida davlat tuzilmasiga qarshi chiqqani uchun qamoqxonada o‘tirgan. Lyu Syaoboning qamalishiga siyosiy islohotlar o‘tkazish hamda so‘z erkinligini talab qilgan “Xartiya 08” harakati sabab bo‘lgan. 2017-yilda Lyu Syaoboning onkologik kasallikka chalingani ma’lum bo‘ldi, u qamoqdan kasalxonaga ko‘chirib o‘tkazildi. Hukumat huquq himoyachisini ozod qilishni rad etdi va uning xorijda davolanishiga ruxsat bermadi. Lyu Syaobo 2017-yil iyul oyida vafot etgan.
2011-yilda
Nobel mukofoti sovrindorlarini aniqlash qo‘mitasi bir yo‘la uch nafar ayolni tinchlik yo‘nalishida laureat deb e’lon qildi. Mukofot Afrika mamlakatlarida prezidentlik lavozimini egallagan birinchi ayol — Ellen Jonson-Serlifga (u 2006–2018-yillarda Liberiyada davlat rahbari bo‘lgan); milliy va xalqaro huquq himoyasi dasturlarida, xususan, “Ayollar Afrikada tinchlik va xavfsizlik uchun” tashkilotida ishlagan liberiyalik faol Leymax Gbovi hamda yamanlik huquq himoyachisi Tavakkul Karmanga nasib etgan. Mukofot ayollar huquqi hamda xavfsizligi uchun kurashdagi harakatlari sabab ushbu uchlikka topshirilgan.
2012-yilda
Tinchlik uchun Nobel qit’ani birlashtirgani, shu bilan birga, tinchlik va demokratiyani mustahkamlashdagi 60 yillik faoliyati uchun Yevroittifoqqa berildi. Bunda YeIning Ikkinchi jahon urushidan keyin Fransiya hamda Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi o‘rni juda katta ahamiyatga ega ekanligi qayd etilgan.
2013-yilda
Tinchlik uchun Nobel mukofoti kimyo qurolidan foydalanishni taqiqlashga qaratilgan tashkilotga berildi. Nobel qo‘mitasi missiyaning faoliyatiga e’tibor qaratib, uning Suriyadagi qurollarni yo‘q qilishdagi harakatlariga yuqori baho bergan. Tashkilot vakillari ham mukofot kelgusidagi ishlarni yanada jadallashtirishini ta’kidlagan.
2014-yilda
Pokistonlik maktab o‘quvchisi Malala Yusufzoy va hindistonlik huquq himoyachisi Kaylash Satyarthi mukofot laureatlari bo‘lishdi. Nobel qo‘mitasi Yusufzoyning qizlar huquqlarini himoya qilishga qo‘shgan hissasini alohida qayd etgan. Malala Yusufzoy 2012-yilda toliblar hujumidan keyin boshidan o‘q yegan, biroq omon qolgan va Buyuk Britaniyada davolangan. 2013-yilda u Nyu-Yorkdagi BMT qarorgohida nutq so‘zlagan. Satyarthi esa Hindistonda bolalar huquqlarini himoya qilgani uchun Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan. Uning “Bolalikni qutqaramiz” tashkiloti minglab bolalarni qullikning turli shakllaridan qutqargan va ularning ta’lim olishiga shart-sharoitlar yaratgan.
Mavzuga doir:
2015-yilda
Nobel qo‘mitasi “Tunisdagi milliy muloqot kvarteti” — 2013-yilda mamlakatda yuzaga kelgan siyosiy inqirozni bartaraf qilishda birlashgan to‘rtta tashkilotdan iborat guruhni tinchlik yo‘nalishidagi mukofot sovrindorlari deb e’lon qildi. Qo‘mita ushbu to‘rtlikning “Arab bahori” davrida 2011-yildagi davlat to‘ntarishi va boshqa voqealardan keyin Tunisda fuqarolar urushining oldini olganini e’tirof etgan.
2016-yilda
Tinchlik yo‘nalishidagi mukofot 2010–2018-yillarda mamlakatni boshqargan Kolumbiya prezidenti Xuan Santosga topshirilgan. Qo‘mita uning mamlakatda uzoq yillar davom etgan nizoli vaziyatni tartibga solishdagi roli katta ekanini qayd qilgan. Kolumbiyada hukumat hamda so‘l radikallar guruhi FARC (Kolumbiya inqilobiy qurolli kuchlari) o‘rtasidagi kurash 1960-yillardan buyon davom etardi. Tomonlar 2016-yilga kelibgina nizoga barham berish borasida o‘zaro kelishib olgan.
2017-yilda
Tinchlik uchun Nobel mukofoti bu safar Yadro qurollarni taqiqlash bo‘yicha xalqaro kampaniyaga berildi. Bunda har qanday yadro qurollarini ishlatilishi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan falokatli oqibatlarning qanday fojialarga olib kelishi mumkinligi qayd etilgan. Tashkilot 2006-yilda “Yadro urushiga qarshi turuvchi dunyo shifokorlari” deb nomlangan boshqa bir tuzilmaning (1985-yilda Nobel mukofotini olgan) o‘rnida tuzilgan.
2018-yilda
Mukofot jismoniy zo‘ravonlikdan urush quroli va qurolli nizolarda foydalanishni qoralashga qarshi harakatlar uchun topshirilgan. Uch yil avval ham mukofot ikki nafar odamga berilgan. Iroqlik huquq himoyachisi, yazid millatiga mansub Nadya Murod Base Taxa 2014-yilda IShID jangarilari tomonidan asirga olingan va qullik tutqunida bo‘lgan. U terrorchilar ixtiyoridan qochganidan keyin jangarilarning yazidlarga nisbatan qilayotgan zulmi haqida gapirib bergan. Ikkinchi laureat Kongoda yashovchi shifokor Denis Mukvege. U 1998 – 2002-yillarda bo‘lib o‘tgan Kongo Demokratik Respublikasidagi fuqarolar urushida zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarga yordam ko‘rsatgan.
2019-yilda
Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad Ali tinchlik yo‘nalishida Nobelga munosib ko‘rildi. U lavozimga kirishganidan keyin bir yarim yil vaqt o‘tgach, xalqaro darajadagi ushbu nufuzli mukofotning sovrindori bo‘lgan. Abiy Ahmad Ali Eritreya bilan tinchlik sulhini tuzgan va o‘z mamlakatida siyosiy hayotni liberallashtirish bo‘yicha islohotlar o‘tkazishga kirishgan.
2020-yilda
O‘tgan yili mukofot BMT tuzilmasidagi Butunjahon oziq-ovqat dasturi loyihasiga berildi. Nobel qo‘mitasi ushbu loyihaning dunyoning turli burchaklarida urushlar va boshqa qurolli nizolar vaqtida odamlarning ochlikdan halok bo‘lmasligi uchun qilgan sa’y-harakatlari uchun e’tirof etgan va mukofotlagan.
2021-yilda
Nobel qo‘mitasi “Novaya gazeta” bosh muharriri Dmitriy Muratovni mukofotladi va uning Rossiyada so‘z erkinligini ta’minlash yo‘lida amalga oshirgan ishlariga yuqori baho berdi. Bosh muharrirni dunyodagi ideal qarashlarni, ya’ni demokratiya hamda matbuot erkinligi uchun yetarli darajada sharoitlar yaratilmaganini qayd etib, ushbu nuqtayi nazarda qat’iy turgan va so‘z erkinligi uchun kurashayotgan jurnalistlar yetakchisi deb nomlashdi.
Muratov 11 yil ichida Rossiyadan Nobel mukofoti laureati bo‘lgan birinchi sovrindor va tinchlik yo‘nalishida g‘olib deb topilgan mamlakatning birinchi fuqarosi sifatida tarixga kirdi. Muratovga qadar ushbu mukofotni Sobiq ittifoq davrida olim va huquq himoyachisi Andrey Saxarov, shuningdek, Sovet ittifoqi prezidenti Mixail Gorbachyov qo‘lga kiritgan. 2010-yilda Buyuk Britaniyada faoliyat olib borayotgan Rossiya fuqaroligiga ega fizik olim Konstantin Novoselov fizika yo‘nalishida Nobelga loyiq ko‘rilgan.
Jurnalist Mariya Resa ham Muratovga sherik sifatida Nobel sovrindori deb topildi. U Filippinda so‘z erkinligi uchun mardonavor tarzda kurashgani va Muratov kabi dunyodagi ideal qarashlarni yoqlovchi jurnalistlar yetakchisi deb topildi.
Resa — Nobel laureati bo‘lgan Filippin tarixidagi birinchi shaxs. U deyarli 20 yil davomida CNN telekanalining Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘linmasining surishtiruv jurnalisti sifatida faoliyat olib borgan. 2012-yilda Rappler yangiliklar agentligini tashkil qilgan, 2018-yilda Time jurnali Resani boshqa jurnalistlar, xususan, Istanbulda sirli ravishda o‘ldirilgan The Washington Post muxbiri Jamol Qoshiqchi bilan birgalikda “Yil odami” deb topgan. Oradan ikki yil o‘tgach, sud Resani Filippinning kiberjinoyatlar to‘g‘risidagi qonuniga zid ravishda yolg‘on (tuhmat) ma’lumotlar tarqatganlikda aybdor deb topdi. Hammasi Rappler nashrida 2012-yili Oliy sud raisi Renato Koronaning filippinlik biznesmenlar bilan aloqalari borligi yuzasidan chiqqan maqoladan keyin jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan boshlangan. Sud ushbu maqoladagi ma’lumotlarni uydirma va qonunga zid deb topgan. Keyinchalik Resa garov puli evaziga ozod qilindi va sud qarori yuzasidan shikoyat kiritdi.
Izoh (0)