O‘zbekistonda 28-sentabrdan 12 yoshdan katta bolalarni ham koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasi bilan ixtiyoriy ravishda emlashga ruxsat berilgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi shu kundan buyon qancha bola ushbu vaksina bilan emlanganini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Qayd etilishicha, 5-oktabr holatiga ko‘ra, respublika bo‘yicha 87 710 nafar 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar Pfizer vaksinasi bilan ixtiyoriy ravishda emlandi.

Hozirda mamlakatda ommaviy vaksinatsiya tadbirlari 3 138 ta emlash punktida va 862 ta harakatdagi brigadalar tomonidan amalga oshirilmoqda. Hududlardagi istalgan emlash punktida 12 yoshdan katta bolalar ota-onalari va vasiylarining roziligi asosida koronavirusga qarshi emlanishi mumkin.

Ma’lumot uchun, ota-onalar va vasiylarining roziligi asosida 12 yoshdan katta bolalarni Pfizer vaksinasi bilan emlash bosh davlat sanitariya vrachi va milliy texnik immunologik ekspert komissiyasining qaroriga asosan yo‘lga qo‘yilgan.

Koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasining 12-15 yoshdagi bolalarda o‘tkazilgan klinik sinovlarining natijalari mazkur vaksinaning yuqori darajada samaradorligi va xavfsizligini ko‘rsatgan bo‘lib, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan 12 yoshdan yuqori bolalarni va o‘smirlarni Pfizer vaksinasi bilan emlash tavsiya etilgan.

O‘zbekistonga 1,2 million doza Pfizer/BioNTech vaksinasi olib kelingan bo‘lib, 5-oktabr holatiga ko‘ra, ushbu vaksinaning 465 010 dozasi emlash jarayonlarida foydalanildi.