Butun dunyo bo‘ylab foydalanuvchilar Facebook ijtimoiy tarmog‘i, WhatsApp messenjeri va Instagram ijtimoiy tarmog‘i (har ikkisi ham Facebook’ga tegishli) ishlamay qolganidan shikoyat qildi. Buni mashhur internet-resurslar faoliyatini kuzatib boruvchi Downdetector portali tasdiqladi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Asosiy shikoyatlar ushbu ijtimoiy tarmoqlarning veb-saytlari va ilovalari, shuningdek, serverlarga ulanishi bilan bog‘liq. WhatsApp foydalanuvchilari ham xabar yuborishning imkoni bo‘lmayotganidan shikoyat qilmoqda, deb yozadi “RBK”.
Nosozlik haqida shikoyat qilganlar orasida Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada, Niderlandiya, Germaniya, Italiya, Fransiya, O‘zbekiston va boshqa davlatlar aholisi bor.
Nosozlik sabablari hozircha aniq emas. “Meduza”ning xabar qilishicha, kompaniyalar muammo ustida ishlayotganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, Facebook, Instagram va WhatsApp’ning ishlamay qolishi tufayli foydalanuvchilar ommaviy ravishda boshqa ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarga o‘tishni boshladi. Bu boshqa yirik xizmatlar, jumladan, Twitter, Telegram va YouTube ishlashining sekinlashishiga olib keldi.
Izoh (0)