Pekin va Vashington o‘rtasidagi ziddiyat nafaqat ikki davlatga, balki butun dunyoga xavf tug‘dirishi mumkin. Bu haqda XXR raisi Si Szinpin 10-sentabr kuni AQSh prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali muloqotda aytib o‘tdi.

Foto: Reuters

“Xitoy—AQSh hamkorligi har ikki tomonga hamda butun dunyoga foyda keltiradi. Xitoy va AQSh qarama-qarshiligi ikkala mamlakatga ham, butun dunyoga ham xavf soladi”, — deya Si Szinpinning so‘zlarini keltirgan Xitoy markaziy televideniyesi.

“Qo‘shma Shtatlarning Xitoyga nisbatan siyosati bir muncha vaqt Xitoy—Amerika munosabatlarida jiddiy qiyinchiliklarga olib keldi. Bu ikki mamlakat xalqlarining asosiy manfaatlariga ham, dunyo davlatlarining umumiy manfaatlariga ham mos kelmaydi”, — qo‘shimcha qildi Si Szinpin.

Uning ta’kidlashicha, nafaqat ikki mamlakat, balki butun dunyo taqdiri Xitoy va AQShning o‘zaro munosabatlarni yaxshilay olish-olmasligiga bog‘liq. “Bu asr savolidir, unga ikkala davlat ham javob berishi shart”, — dedi Si Szinpin. Uning so‘zlariga ko‘ra, Pekin va Vashington siyosiy iroda va mas’uliyatni namoyon etib, munosabatlarini normal rivojlanish yo‘liga tezroq qaytarishi zarur.

Shuningdek, Si Szinpin ma’lum qilishicha, Pekin iqlim o‘zgarishi va koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda, shuningdek, iqtisodiy tiklanish va jahon muammolarini hal qilishda Vashington bilan muloqot qilishga va birga ishlashga tayyor.

XXR raisi amerikalik hamkasbiga Pekin ekologik muammolarni birinchi o‘ringa qo‘yishga, “yashil yo‘l”ni izlashga va chiqindilarni kamaytirishga qat’iy qaror qilganini tushuntirdi. Si Szinpin ta’kidlashicha, bu borada XXR o‘z milliy shartlariga muvofiq xalqaro majburiyatlarni zimmasiga oladi.

Fevral oyida Si Szinpin AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyatni butun dunyo uchun halokat deb atagandi. O‘shanda u ikki mamlakat muzokaralarni qayta boshlashi zarurligini aytgan.

O‘z navbatida, AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Xitoy bilan munosabatlarni AQSh uchun eng muhim deb atagan.