Xitoy delegatsiyasi Ankorij (Alyaska)da bo‘lib o‘tgan muzokaralar paytida kelishuvni buzdi. Ular muzokaraga “jamoatchilikka tomosha qo‘yish” niyatida kelgan. Bu haqda Vashington ma’muriyatining yuqori martabali vakili aytib o‘tdi, deb yozadi Politico nashri.

Foto: Reuters

Ankorijdagi uchrashuvda AQSh tomonidan davlat kotibi Entoni Blinken va prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan, Xitoydan esa Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi tashqi ishlar komissiyasi idorasi rahbari Yan Szechi va tashqi ishlar vaziri Van I ishtirok etdi.

“Xitoy delegatsiyasi, o‘z navbatida, masalaning mohiyatiga emas, balki ommaga tomosha ko‘rsatish va dramatik imo-ishoralarga e’tibor qaratib, jamoatchilikning ko‘zi uchun ish olib borish niyatida kelganga o‘xshaydi”, — dedi AQSh ma’muriyati vakili.

Unga ko‘ra, XXR vakillari nutq so‘zlash chog‘ida belgilangan vaqtni cho‘zish bilan kelishuvni buzgan. AQSh ma’muriyati, aslida, har bir yuqori martabali amaldorning ikki daqiqalik qisqa bayonot so‘zlashi haqida kelishilganini aytdi.

Uchrashuv chog‘ida Blinken Xitoyning Gonkong, Shinjon va Tayvandagi harakatlari hamda AQShga qarshi kiberhujumlar “global barqarorlikni saqlovchi qoidalarga asoslangan tartibga tahdid solishini” aytdi.

O‘z navbatida, Yan Szechi Qo‘shma Shtatlarda inson huquqlari buzilayotgani va qora tanli amerikaliklar “o‘ldirilayotgani” haqidagi bayonot bilan javob qaytardi. Shuningdek, u Vashington XXR ishlariga aralashmasligi kerakligini ta’kidladi. Shu bilan birga, siyosatchi qarama-qarshilik va “sovuq urush mentaliteti”dan voz kechishni taklif qildi.

Avvalroq Xitoy rahbari Si Szinpin Amerika prezidenti Jo Bayden bilan telefon orqali suhbat chog‘ida AQSh va Xitoy o‘rtasidagi ziddiyat butun dunyo uchun falokat bo‘lishini, shuning uchun ikki mamlakat muloqotni qayta boshlashi kerakligini aytgan edi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Xitoyning Shinjon-Uyg‘ur muxtor tumanidagi uyg‘urlarga nisbatan xatti-harakatlarini genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat deb atagan edi. Bu haqda AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo o‘z vakolatlari tugashidan bir kun oldin e’lon qildi. Avvalroq uyg‘urlar genotsidi haqida AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden ham aytib o‘tgan edi. AQSh Xitoyning uyg‘urlarga qarshi harakatlarini genotsid deb atagan birinchi mamlakat bo‘ldi. Oq uyning yuqori mansabli vakillari boshqa mamlakatlar ham tez orada AQShdan o‘rnak olishiga umid qilmoqda.