6-sentabr kuni butun O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab o‘quvchilarni maktabga chorlovchi qo‘ng‘iroq yangradi. Ushbu kun minglab maktab eshiklari hayajon ila ilmga chanqoq bolalar qarshisida ochildi, orzu-umidlarga to‘la ota-onalar esa farzandlarini ta’lim-tarbiya maskaniga kuzatib qo‘yishdi.
Yangi o‘quv yilining dastlabki kuni Qashqadaryo viloyatidagi LUKOIL ishlab chiqarish obyektining yonida joylashgan Otkamar qishlog‘i ahli uchun unutilmas bayramga aylandi.
2-umumta’lim maktabida tashkil etilgan an’anaviy “birinchi qo‘ng‘iroq” tadbiri LUKOIL kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan navbatdagi loyihaning ochilishiga bag‘ishlangan xayriya tantanasiga ulanib ketdi. Qishloq aholisining iltimosiga binoan, O‘zbekiston Respublikasining 30 yilligiga sovg‘a sifatida kompaniya avtotrassa bo‘ylab piyodalar yo‘lagini qurib berdi.
Tantanali marosimda ishtirok etgan neft va gaz qazib olish sexi boshlig‘i (Hisor neft-gaz koni) Konstantin Vladimirovich Pastuxovskiy barchani bayram bilan qizg‘in muborakbod etdi.
“LUKOIL kompaniyasi piyodalar yo‘lagini qurish barobarida bolalar uchun ilm sari xavfsiz yo‘l ochganiga chin dildan ishonadi”, — deya ta’kidladi K.V. Pastuxovskiy.
Loyihani amalga oshirish doirasida LUKOIL kompaniyasi 2 000 metr masofada piyodalar yo‘lini bunyod etdi, piyodalar uchun uzunligi 9 va 18 metr bo‘lgan 2 ta ko‘prik qurildi, 6 ta kesib o‘tish yo‘lakchalari tortildi, 32 ta yo‘l belgilari o‘rnatildi va 12 ta suv o‘tkazish quvuri yotqizildi. Xayriya loyihasining umumiy qiymati 85 000 AQSh dollariga teng.
Loyiha tufayli bolajonlarning ziyo maskani sari yo‘li va uyga tomon qaytishida xavfsizlik ta’minlandi.
Tantanali ochilish marosimida, shuningdek, Dehqonobod tumani, Otkamar mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Abdujabbor Abdimurodov so‘zga chiqib, mahalladoshlari uchun muhim bo‘lgan piyodalar yo‘lagini barpo etgani uchun LUKOIL kompaniyasiga minnatdorlik bildirdi: “Doimiy g‘amxo‘rlik uchun LUKOIL kompaniyasiga tashakkur izhor etaman. Piyodalar yo‘lagi to‘g‘risidagi iltimosimiz ham LUKOIL rahbariyati tomonidan e’tiborga olindi. Kompaniya mutaxassislarining hamjihatligi va yuqori malakasi tufayli yo‘l qisqa muddatda qurib bitkazildi. Bolajonlarimizning yo‘lak bo‘ylab dadil qadam tashlayotganini ko‘rib quvonasan kishi”.
LUKOIL yana bir ezgu ishni amalga oshirdi — hududdagi 2, 25 va 64-maktab o‘quvchilari uchun nur qaytargichli ryukzaklar va o‘quv qurollari berildi. Sovg‘alar ilm yo‘lida muhim vosita sifatida xizmat qilishi shubhasiz.
Ijtimoiy mas’ul kompaniya sifatida, LUKOIL obyektlari joylashgan hududlarda doimiy asosda nafaqat xavfsizlik madaniyatini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda, balki infratuzilma, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarini rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.
Qashqadaryo viloyatida LUKOIL tomonidan shu kunga qadar amalga oshirilgan ijtimoiy loyihalar qatorida quyidagilarni aytib o‘tish mumkin: Dehqonobod tumanidagi tog‘li qishloqlar aholisini suv bilan ta’minlash uchun nasoslar o‘rnatish, Qarshi shahridagi ko‘zi ojiz bolalar uchun mo‘ljallangan internatni ta’mirlash, internat va maktablarni jihozlash va ichimlik suvi bilan ta’minlash, Qarshi maktab o‘quvchilari uchun robototexnika sinfini tashkil etish.
Hozirda LUKOIL’ning Qashqadaryodagi eng yirik loyihalaridan biri amalga oshirilmoqda — Qarshi shahrida ixtisoslashtirilgan bolalar bog‘chasi hamda reabilitatsiya markazi qurilishi ketmoqda. Ushbu muassasa jismoniy rivojlanishida nuqsoni mavjud yuzlab bolalarni sog‘lomlashtirish, malakali tibbiy reabilitatsiya qilish orqali ularni to‘laqonli hayotga qaytarish imkonini taqdim etadi.
“LUKOIL Uzbekistan Operating Company” MChJ matbuot xizmati
Izoh (0)