Xitoyda chivin chaqishi orqali yuqadigan chikungunya virusi tez sur’atda tarqalmoqda. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bu kasallik O‘zbekistonga xavf solmasligini ma’lum qildi.

“Xitoyda tarqalgan chikungunya bezgagi O‘zbekistonga xavf solmaydi. Ushbu kasallikni tarqatuvchi Aedes aegypti yoki Aedes albopictus chivinlari respublikamiz tabiatida uchramaydi”, deyiladi qo‘mita munosabatida.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi mamlakatda epidemiologik barqarorlikni ta’minlash borasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini bildirdi.
Chikungunya virusi birinchi marta 1952-yilda Tanzaniyada aniqlangan. Keyinchalik u Afrika va Janubi-sharqiy Osiyoga tarqalgan. Hozirda bu virus 110 dan ortiq davlatda qayd etilgan. JSSTga ko‘ra, virusning oldini olishning eng samarali usuli — chivinlar ko‘payadigan turg‘un suv havzalarini yo‘q qilishdir.
BBC ma’lumotlariga ko‘ra, Guangdong provinsiyasida ushbu kasallikka chalinganlar soni 7 mingdan oshdi. Eng ko‘p kasallik qayd etilgan hudud Foshan shahri bo‘lib, bu yerda bemorlar kasalxonaga yotqizilganidan keyin, test manfiy natija ko‘rsatsa yoki bir hafta o‘tgach chiqarib yuborilmoqda. Ushbu virus odatda isitma va kuchli bo‘g‘im og‘rig‘iga sabab bo‘ladi. Ba’zi hollarda bu og‘riq yillar mobaynida ham davom etishi mumkin.
So‘nggi haftada mamlakatda deyarli 3 mingta yangi holat aniqlangan. Virus infeksiyalangan odamni chaqqan chivin orqali tarqaladi. Shunga qaramay, Xitoyda bu virus yuqumli emasligi haqida rasmiy bayonot berilgan. Rasmiylarga ko‘ra, kasallarning 95 foizi bir hafta ichida sog‘ayib ketmoqda. Ammo kasallik haqidagi ma’lumotning kamligi odamlar orasida xavotir keltirib chiqargan.
Izoh (0)