Prezident qaroriga ko‘ra, 2021/2022-o‘quv yilida bakalavriat yo‘nalishi uchun 157 755 ta qabul kvotasi tasdiqlangandi. Davlat test markazi bergan ma’lumotga qaraganda, mazkur yilda qabul kvotasidan 4,3 barobar ko‘p, ya’ni qariyb 687 mingga yaqin abituriyent o‘qish istagini bildirgan. 3-sentabr, juma kuni bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha kirish imtihonlarining natijalari e’lon qilindi. Elak suvdan ko‘tarildi. Hozir kimningdir uyida shodiyona, xursandchilik, kimdir esa o‘qishga kirolmaganidan xafa, tushkunlikka tushib qolgan. “Daryo” o‘qishga kira olmaslikni fojia emas deb hisoblaydigan bir necha muvaffaqiyatli insonlar bilan suhbatlashdi. Ular inson hayotida ilmning ahamiyati va uni istalgan joydan topish, shuningdek, katta natijalarga erishish borasidagi tajribalari haqida so‘zlab berdi.
Muhammadali Eshonqulov 27 yoshda. Iqtisodchi va biznes-murabbiy
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining bakalavriat va magistratura bosqichlarini tamomlagan.“Biznes kvadrat”, “Patronlar ligasi” loyihalari asoschisi.
Aksariyat odamlar oliy ta’limni majburiy ta’lim deb o‘ylaydi, ammo...
Skolkova universiteti rektori Andrey Sharonovning ma’ruzasida eshitgandim, bir gigabaytlik ma’lumotni saqlash uchun ketadigan xarajatlar so‘nggi 10-20 yilda bir milliard barobarga arzonlashdi. Hozirgi kunda ilmning ko‘chishi va uni o‘tkazish yoki o‘rganish juda oson va arzon bo‘lib qoldi.Avvallari kitobi bor odam boy hisoblangan. Bitta kitobni tuyaga almashgan, almashmagan zamonlar bo‘lgan. Hozirgi kunda esa uni tekinga topish mumkin. Lekin o‘qish uchun aksariyat odamlarda hafsala yo‘q. Ilm olish salohiyati tushib ketgan. Qaysidir ma’noda, mahsulot bor, lekin unga talab yo‘q. Ko‘pchilik kutubxona quraylik, deb aytadi. Men kutubxona qurishni emas, balki kitob o‘qish uchun loyihalar qilishni tavsiya qilaman.
Aksariyat insonlar oliy ta’limni majburiy ta’lim deb o‘ylaydi. U aslida mustaqil ta’lim hisoblanadi. Tajribamdan ko‘p o‘tgan, aksariyat o‘zbek talabalari o‘qishga kirishdan oldin sakkiz soatlab dars qiladi. Ammo talaba bo‘lganidan so‘ng ikki soatgina shug‘ullanarkan. Ya’ni o‘z potensialidan foydalanish darajasi to‘rt barobar tushib ketarkan. Eng yomoni — bu oliy ta’limga to‘nkaladi.
Aslida, o‘qituvchi talaba bilan haftasiga ikki-to‘rt soat birga vaqt o‘tkazishi mumkin. Qolgan vaqtlari talaba o‘zi qoladi. Chet el talabalari nima uchun kuchli, deb jahon tajribasini o‘rganganimizda ular mustaqil ta’limga katta e’tibor berganlariga va shuni tizimlashtirganiga amin bo‘ldik.
Bolalar shanba-yakshanba kunlari ham kutubxonaga kelib, dars qiladi. O‘qituvchilar “o‘qigin, darsga kelgin”, deb yalinib yurmaydi. Hatto darsga kelish ham ixtiyoriy. Imtihonlardan o‘tib yursa bo‘ldi. Biz shu jihatlariga katta e’tibor qilishimiz kerak.
Muvaffaqiyat faqat o‘qituvchiga, talabaning xohishi, sharoitiga yoki ota-onaning qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq emas. Barchasi birikkandagina katta natijaga erishish mumkin. Qars ikki qo‘ldan chiqadi.
Maqsadga erishish uchun diplom kerakmi?
Bir necha kun oldin mandat natijalari e’lon qilindi. Kimdir talaba bo‘ldi, kimdir yo‘q.
O‘zbekistonda shunday stereotip shakllanganki, o‘qishga kirgan bola baxtli, kirolmagani esa omadsiz hisoblanadi. To‘g‘ri, siyosatshunoslik, harbiy, tibbiyot kabi o‘nlab sohalarda, albatta, oliy ta’lim muassasalarida o‘qish shart. Lekin shunday yo‘nalishlar bor, ularni professional egallash uchun universitetda to‘rt yil vaqt o‘tkazish kerak emas. Misol uchun, robototexnika, IT, SMM kurslari — bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.
Oliy ta’lim qamrovi katta bo‘lgani uchun bu sohalarga o‘zgarish kiritish ko‘p vaqt talab qiladi. Masalan, bitta dasturni o‘tish uchun bir yil oldin tasdiqlanishi kerak. IT esa har soatda o‘zgarib boryapti. O‘zgarishlarga nisbatan o‘zgaruvchanlik xususiy sektorda kuchli bo‘lgani uchun ular oliy ta’limdan o‘tib ketmoqda.
Oldingizga maqsad qo‘yganingizdan so‘ng o‘zingizga savol bering, maqsadlarimga erishishim uchun diplom kerakmi? Agar diplom ahamiyatsiz bo‘lsa, universitetda o‘qish sizning va boshqalarning zarariga ishlashi mumkin. Chunki siz kimningdir o‘rnini bekorga band qilib, jamiyatga salohiyatli kadr chiqishiga to‘sqinlik qilayotgan bo‘lasiz. Agar javobingiz “ha” bo‘lsa, necha marta yiqilishingizdan qat’i nazar, unga erishmasdan qo‘ymang. Harakat qilishdan aslo to‘xtamang.
Dilshod Sharipov 31 yoshda. “Daryo” internet-nashri bosh muharriri o‘rinbosari
Sobir Rahimov politexnika kasb-hunar kollejini tamomlaganIsh boshlagan paytim qora ish bilan shug‘ullanadiganlardan ham kam pul topardim
Men maktabda a’lo baholarga o‘qiganman. Maktabni “qizil” diplomga tugatganman. Yaxshi o‘qishimning sababchilari ustozlarim deb bilaman. Ular har bir o‘quvchiga uning xarakteridan kelib chiqib, o‘quvchiga mos muomala usulini tanlardi. Kollejda esa yaxshi ta’lim ololmaganman. Aksariyat o‘smirlar o‘zini boshqalardan aqlliroq hisoblaydi, boshqalarni, xususan, o‘qituvchilarni ham mensimaydi. Shunday bolalar bilan ishlagan ko‘plab o‘qituvchilarning o‘zlari ham qo‘pol va qo‘rs bo‘lib qolgandi. O‘qituvchi o‘ziga hurmat uyg‘otolmagandan keyin biz uchun uning darslari ham qiziq bo‘lmasdi. O‘quvchining ham, o‘qituvchining ham xayolida bir narsa bor edi: tezroq uch yil o‘tsa-yu, bir-biridan qutulishsa.Kollejda eng yaqin do‘stlarimni topdim, lekin ta’lim tomondan ko‘p narsa yo‘qotdim. Bu esa institutga kirish imtihonlarida muvaffaqiyatsizlikka uchrashimga ham sabab bo‘ldi. U paytlarda o‘qishga kirish ham oson emasdi: ballar yuqori, kvotalar kam, ularning ham aksariyatini harbiy xizmatdan imtiyoz olib kelgan yigitlar egallab olardi. Pul, tanish-bilish va “shpargalka”siz o‘z bilimi bilan o‘qishga kirish imkonsizdek edi. Uch yil o‘qishga kirishga urinib ko‘rganman. So‘nggi marta 2010-yilda imtihonga kirgandim.
O‘shanda imtihonda o‘qituvchilar DTMdan kelgan muhrlangan qutini ochib, savollar varaqasini ketma-ket tarqata boshladi. Yonimda o‘tirgan yigit “101-savollar kitobi tushsa, yaxshi bo‘lardi”, dedi. Men unga savollar ketma-ket (105, 106, 107… ) tarqatilayotgani, unga navbat bo‘yicha 121-savollar kitobi tushishi kutilayotganini aytdim. Ammo unga aynan 101-savollar kitobi tushdi, menga esa 121. Savollar kitobi DTMning o‘zidayoq kerakli abituriyent uchun moslab taxlab qo‘yilgan ekan. O‘sha yigit o‘qishga kirdi. Shu voqeadan keyin qaytib o‘qishga topshirmaslikka qaror qilganman.
Buyog‘iga oliy ma’lumotga ega bo‘lmasdan, hayotda o‘z yo‘limni topishga harakatimni boshladim. 2011-yilning boshida “FutGOL” gazetasiga qarashli “Fk.uz” internet-nashriga bir nechta tarjima materiallar hamda o‘z maqolalarimni jo‘natganman. Ushbu materiallarni Nokia N95 knopkali telefonda yozgandim. Meni gazeta va saytda ishlashga taklif qilishdi, oylik maosh 200 ming so‘m edi. O‘sha paytda bo‘yoqchilik bilan shug‘ullanadigan ustaga shogird tushgan tanishlarim 300 ming so‘m oylik olardi. Bu ish mening rivojlanishimga ko‘prik vazifasini bajarishi mumkinligiga ishonganim uchun ham past oylikka bo‘lsa-da, ishlashga rozi bo‘lganman.
2015-yilda “Daryo” internet-nashri vakansiya e’lon qilgan. Nomzodga qo‘yiladigan talablarda uning oliy ma’lumotli bo‘lishi kerakligi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, omadimni sinab ko‘rishga qaror qilganman. Bir nechta sinovlardan keyin saytning o‘sha paytdagi rahbari Farhod Fayzullayev va nashr bosh muharriri Alisher Azimov meni ishga olgan. Ular uchun qanday diplomga ega ekanligim emas, nimaga qodirligim muhim bo‘lgan. Nashr rahbariyati har doim oddiy ishchilarning ham saytni rivojlantirish bo‘yicha fikr, g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlab, ularni amalga oshirish uchun sharoit yaratib berishga harakat qilgan.
“Daryo”da ishlayotganimga olti yildan oshdi. Ishni oddiy xabar yozishdan boshlagandim, hozir bosh muharrir o‘rinbosariman. Jamoam va ishimni juda yaxshi ko‘raman. Internet-jurnalistikada ish boshlagan paytimda qora ish bilan shug‘ullanadiganlardan ham kam pul topardim. Bugunga kelib ishlab topayotgan pulim yilda hech bo‘lmasa, bir marta xorijga sayohatga borishimga imkon beradi. Endilikda shaxsiy mashinam ham bor (bu satrlarni yozayotganda ahamiyat berib qoldim, mashinam raqami so‘nggi kirgan imtihonimdagi menga tushgan savollar kitobining raqami kabi 121 ekan).
2020-yilda nashr tavsiyasidan so‘ng Prezident tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandim. Hamkasblarim yoki tanishlarim ba’zan qanday qilib oliy ta’limga ega bo‘lmay turib bu qadar ko‘p yutuqlarga erishganimni so‘rashadi. 6-sinfda ingliz tili darsida o‘qigan bir hikoyamni esimda qolganicha so‘zlab berib, buni tushuntirishga harakat qilaman.
Bir kuni olim odam dengizga sayrga chiqish uchun bir qayiqchini yollabdi. Ular dengiz bo‘ylab qayiqda suzib ketishibdi. Yo‘l davomida olim odam qayiqchidan so‘rabdi: Sen geografiya, matematikani bilasanmi? Qayiqchi “Yo‘q” deb javob berganidan so‘ng, olim unga qarata “Sen chorak umringni yo‘qotibsan” debdi. Olim yana so‘rabdi: Sen o‘zi o‘qish-yozishni bilasanmi? Qayerdadir o‘qiganmisan? Qayiqchi yana “Yo‘q” deganidan so‘ng, olim “Sen yarim umringni yo‘qotibsan” debdi. Birozdan so‘ng dengizda bo‘ron boshlanib, qayiq ag‘darilib ketibdi. Qayiqchi olimdan so‘rabdi: “Suzishni bilasanmi?”. Olim “Yo‘q” degach, qayiqchi “Unda sen butun umringni yo‘qotibsan” debdi.
“Men ana shu suzishni biladigan qayiqchiman”, deb qo‘yaman tanishlarimga. Odam biror nimaga erishishi uchun dunyoning bilimiga ega bo‘lishi shartmas. O‘zi qilayotgan ishini yaxshi bilib, unga mehr bersa, albatta, muvaffaqiyatga erishadi. Hattoki oddiy novvoy ham o‘z sohasida eng zo‘ri bo‘lsa, u pishirgan nonlarni olish uchun odamlar shaharning narigi burchagidan keladi.
Bu so‘zlarim bilan o‘qish shart emas, demoqchi emasman. Moliya, huquq va tibbiyot kabi sohalar borki, unda hech shubhasiz shu sohada ta’lim olganlar ishlashi kerak. Davlatning rivojlanishi uchun ham unga yangi g‘oyalar bera oladigan bilimli yoshlar zarur. Men o‘qishga kira olmagan vaqt bilan hozirgisi orasida katta farq bor. Ilgari pulsiz o‘qishga kirgan odamni deyarli uchratmasdik. Hozir esa bilimi bor abituriyent, albatta, talabaga aylanmoqda.
O‘qishga kira olmaganlarga esa harakatdan to‘xtamaslikni, ko‘p kitob o‘qishni va sayohatlarga chiqishni tavsiya qilaman. Kitob o‘qish va sayohatlar odamning dunyoqarashini kengaytiradi. Dunyoqarashi keng odam esa hayotda, albatta, o‘z yo‘lini topa oladi.
Alima Shamsutdinova — 31 yoshda, tadbirkor
Toshkentdagi Xalqaro Vestminister universitetini tamomlagan. Amerikada MBA diplomini qo‘lga kiritgan. “Biznesrivoj”, “Growthacademy.uz” va “BR.Bilim” loyihalari asoschisiBilim olish muhim, ammo uni qayerdan olish sizning ishingiz
Bilim olish inson hayotida muhim ahamiyatga ega. Sababi u har birimizga katta ishonch beradi, dunyoqarashimizni o‘stiradi. Lekin bilimni qayerdan olish bu sizning ishingiz. Xoh universitetdan, xoh kitoblardan yoki o‘quv kurslardan — farqi yo‘q. Eng muhimi, qancha bilim olishingiz.O‘qishga kira olmagan abituriyentlarga maslahatim: buni bir sinov deb qabul qiling. Hali hammasi oldinda. To‘g‘ri, bir tarafdan olib qaraganda, universitetda o‘qish davomida tanishlaringiz doirasi kengayadi, mutaxassislikni tasdiqlovchi diplomga ega bo‘lasiz. Lekin yaxshi o‘quv markazlariga borib, o‘z ustingizda qattiq ishlasangiz, bir yil ichida undan-da ko‘proq bilimlarga ega bo‘lishingiz va buni amaliyotda sinab ko‘rishingiz mumkin.
Universitet sizga faqat nazariy bilim beradi. Katta hayot ko‘nikmalari, odamlar bilan murosa qilish va jamoada ishlashni esa sizga ish o‘rgatadi. Men o‘qishdan ko‘ra amaliyot o‘tashni muhim deb hisoblayman. O‘qishga kirolmagan bo‘lsangiz, ishlang. Savdo yo‘nalishidami, ofitsiant bo‘libmi, farqi yo‘q. Tajriba orttiring. Bu bilan, albatta, bilim olishni to‘xtatib qo‘ying, demoqchimasman. Men kun bo‘yi o‘qiydigan yoki vaqtini faqat ishlashga sarflaydigan yoshlarni ham qo‘llab-quvvatlamayman.
O‘qish va ishni bir maromda olib borish kerak. Har birimizda 24 soat vaqt bor. Kuningizni taqsimlang. Ertalab turib kitob o‘qing, o‘qishga boring undan keyin ishga. Muhimi, har bir daqiqangizdan unumli foydalaning.
Abdusattor Abdurahimov 27 yoshda, IT tadbirkor
2013-yil Chirchiq tibbiyot kollejini tamomlaganBalki o‘qishga kirolmaganingiz siz uchun ne’matdir?
O‘qishga kirolmagan ukalarimga maslahatim: talaba bo‘lolmaslik fojia emas. Bu bilan hayot to‘xtab qolmaydi. Men ham siz kabi ikki yil o‘qishdan yiqilganman. O‘sha paytlari qattiq siqilganman. Bir necha yil ishsiz yurganman. Oxiri pul topish uchun zamonaviy kasblarni o‘rganishga majbur bo‘lganman.Biroq keyinchalik o‘qishdan yiqilishning hikmatini tushunganman. Bu menga katta yo‘llarni ochib bergan. 3d Max dasturini yaxshi o‘rganib, katta daromad topa boshlaganman. Hozir 10 ga yaqin katta loyihalarim bor. Balki siz uchun ham o‘qishga kirolmaslik ne’matdir? Hozir o‘zingiz bilmayotgandirsiz?
Hozir universitetda tahsil olayotgan tengdoshlaringiz bilan gaplashib ko‘ring. Aksarida motivatsiya so‘nib bo‘lgan. “Men bunaqa deb o‘ylamagandim, bunaqa qilsam bo‘larkan, buni yopishim, uni qilishim kerak”, deb yuradi. Ya’ni ular ta’lim olish uchun emas, “zachyot”ini yopish uchun o‘qishadi.
Men har doim ta’kidlayman, oliy ta’limda o‘qish kerak, ammo diplom uchun emas. Ko‘pchilikka ma’lum aksariyat yoshlar diplom uchun o‘qiydi, o‘qiyapti, bundan keyin ham mazkur “an’ana” davom etishi mumkin. Chunki maqsad diplomni olib, yaxshi joyga ishga kirish. Mening nazarimda, oliy ta’lim muassasalari yoshlarni ish bilan ta’minlay oladigan darajadagi ko‘nikmani berolmaydi. Diplomga ishonib, o‘z ustingizda ishlamas ekansiz, siz katta natijalarga erisholmaysiz. Shuning uchun hech qachon tushkunlikka tushmang.
Ingliz tilini bilsangiz, siz uchun dunyo eshiklari katta ochiq
Internetda manaman degan professorlarning darslari jamlangan Udemy, Coursera kabi platformalar bor. Siz o‘qib, bir oyning ichida O‘zbekiston universitetlari to‘rt yilda beradigan bilimdan ko‘prog‘ini o‘rganishingiz mumkin. Masalan, Coursera platformasida Google bepul darslar yuklagan. Bu orqali ham bilim olib, ham hatto Google’ga ishga kirish mumkin. Diplom, “propiska” talab qilinmaydi. Sharti — bepul kursni o‘qib, ularning imtihonidan o‘tsa kifoya.Qolaversa, platformalarda zamonaviy kasblarni o‘rgatadigan kurslar bor. Masalan, 3d Max, Photoshop, dasturlash, illyustratorlarni o‘rganib, frilanserlik qilish mumkin.
Qisqa qilib aytganda, ingliz tilini biladigan odam o‘qishga kirolmaganidan siqilishi uyat. IELTS’dan yuqori ball olib, xorijning top universitetlarida o‘qish mumkin. Ingliz tilini bilmaydigan yoshlarga esa, avvalo, ingliz tilini o‘rganishlarini maslahat beraman.
Oliy ta’lim muassasalariga kira olmagan va o‘z hikoyasini biz bilan bo‘lishishni istagan abituriyentlar Telegram’dagi @daryomuxbiri’ga murojaat qilishlari so‘raymiz.
Izoh (0)