Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sadullayev O‘zbekiston OTMlariga kirish uchun o‘tkazilgan imtihonlarning natijalari tez orada e’lon qilinishini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ham o‘zining Telegram kanali orqali mandat natijalari tez orada e’lon qilinishini bildirgan. Uning yozishicha, talabgorlar ko‘pligi va hamma kutayotganini hisobga olib, serverga ortiqcha yuklama bo‘lmasligi uchun yakuniy natijalar hududlar kesimida bo‘lib-bo‘lib e’lon qilinadi.

“Barchadan iltimos, shuncha kutganga yarasha, hamma o‘zi test topshirgan hududi bo‘yicha belgilangan vaqtda kirib ko‘rsa, qolgan paytlari boshqalarga xalaqit bermasa yaxshi ish bo‘lardi”, — deb yozadi Xudoyberdiyev.

Davlat test markazining ma’lum qilishicha, 2021/2022-o‘quv yili uchun oliy ta‘lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari bo‘yicha tanlov natijalari 3-sentabr kuni soat 15:00 da e’lon qilinadi.

Natijalar quyidagi jadvalga muvofiq e’lon qilinadi:

  • 15:00 dan – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Navoiy, Buxoro, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlari;
  • 16:00 dan – Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari;
  • 17:00 dan – Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyati va Toshkent shahri.

“Masalan, doimiy propiskasi Jizzaxda bo‘lgan abituriyent Toshkent shahridagi universitetga hujjat topshirgan. Testga esa Samarqand shahrida kirgan. Demak, ushbu abituriyent Samarqand hududi vaqtida saytga kirib, natijasini tekshirib ko‘rsa bo‘ladi. Jizzax yoki Toshkent hududi vaqtida uning natijasi chiqmaydi”, — deya oydinlik kiritadi u.