Tokioda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdori o‘zgardi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Paralimpiya delegatsiyasi tarkibidagi dzyudochilarda bir nafardan sportchi va murabbiyda koronavirus aniqlangan. Shu bois samolyotda ularga yaqin masofada bo‘lgan bayroqdor parayengil atletikachi Nurxon Qurbonova ehtiyot chorasi sifatida karantinga olingan.
Endilikda uning o‘rniga Paralimpiya o‘yinlarining ochilish marosimida O‘zbekiston bayroqdori sifatida parakanoe bo‘yicha Jahon chempioni Shahnoza Mirzayeva chiqish qiladi. Unga parayengil atletikachi Muhammad Rixsimov hamrohlik qiladi.
Paralimpiya o‘yinlari 24-avgustdan 5-sentabrga bo‘lgan muddatda bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston 48 sportchi bilan 55 ta yo‘llanmaga sazovor bo‘lgan. Musobaqaning ochilish marosimi 24-avgust kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da boshlanadi.
Qayd etish o‘rinli, bungacha Olimpiya o‘yinlarida ham ochilish marosimiga bir kun qolganida bayroqdorlar o‘zgartirilgandi. Bokschi Bobousmon Boturov va sport gimnastikachisi Oksana Chusovitaning o‘rnini bokschi Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulova egallagandi.
Izoh (0)