Tokioda bo‘lib o‘tayotgan Olimpiadada bokschi Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulova bayroqdor sifatida O‘zbekiston delegatsiyasini boshlab chiqdi. Aslida gimnastikachi Oksana Chusovitina va bokschi Bobousmon Boturov O‘zbekistonning Tokio—2020 dagi bayroqdori bo‘lishi belgilangan, biroq Olimpiadaga bir kun qolganda bayroqdorlar o‘zgargandi. Quyida bundan avvalgi Olimpiadalarda kimlar O‘zbekiston terma jamoasi bayroqdori bo‘lgani haqida hikoya qilinadi.

Atlanta — 1996, Temur Ibragimov 

O‘zbekistonlik sportchilar. Temur Ibragimov (o‘ngdan oltinchi)

Foto: Getty Images

1996-yil AQShning Atlanta shahrida bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiadada O‘zbekiston delegatsiyasini Temur Ibragimov boshlab chiqqandi. Bokschi Temur Ibragimov 1/16 finalda xorvatiyalik Stipe Drvishga imkoniyatni boy berib, Olimpiadani erta va medalsiz yakunlagandi.

Sidney—2000, Muhammadqodir Abdullayev

Foto: Getty Images

Sidneydagi Olimpiada bayroqdori Muhammadqodir Abdullayev bo‘lgan. Yengil o‘rta vazn toifasidagi final jangida Muhammadqodir aqshlik raqibi Rikardo Uilyams ustidan g‘alaba qozonib, O‘zbekiston uchun yozgi Olimpiadalar tarixidagi birinchi oltin medalni taqdim etgandi.

Afina—2004, Abdulla Tangriyev

Foto: Getty Images

Gretsiyada bo‘lib o‘tgan Olimpiadada Abdulla Tangriyev delegatsiyani boshlab chiqqan edi. Afina shahri mezbonlik qilgan Olimpiadada o‘zbekistonlik dzyudochi og‘ir vazn toifasida tatamiga chiqib, nimchorak finalda estoniyalik Indrek Pertelsonga mag‘lub bo‘lgan holda musobaqani tark etgandi.

Pekin—2008, Dilshod Mahmudov

Foto: Getty Images

Bokschi Dilshod Mahmudov Xitoydagi Olimpiadada o‘zbekistonliklarni stadionga boshlab chiqqan edi. Pekin Olimpiadasida o‘zbekistonlik boskchi -69 kg vazn toifasi nimchorak final jangida qozog‘izstonlik Bakit Sarsekbayevga imkoniyatni boy bergan edi.

London—2012, Elshod Rasulov

Foto: Getty Images

XXX yozgi Olimpiada o‘yinlarida Elshod Rasulov O‘zbekiston bayroqdori bo‘lgandi. Bokschi chorak finalda rossiyalik Yegor Mexontsevga yengilib, medal qo‘lga kiritish imkoniyatidan mahrum bo‘lgandi.

Rio—2016, Bahodir Jalolov

Foto: Getty Images

Bokschi Bahodir Jalolov Janubiy Amerikada ilk bor o‘tkazilgan Olimpiadada O‘zbekiston bayroqdori sifatida delegatsiyani boshlab chiqqan. To‘rtta oltin, ikkita kumush va yettita bronza medalni qo‘lga kiritgan sportchilar uchun Riodagi Olimpiada O‘zbekiston tarixidagi eng sermahsul Olimpiada bo‘lgan. Bahodir chorak final jangida Buyuk britaniyalik Jo Joysga yengilgan edi. Yakunda Joys musobaqaning kumush medalini qo‘lga kiritgan.

Tokio—2020, Bahodir Jalolov

Foto: Getty Images

Bahodir Jalolov ikkinchi bor Olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasini boshlab chiqdi, unga bu yo‘lda taekvondochi Nigora Tursunqulova hamrohlik qildi.

Tokio—2020 Olimpiya o‘yinlari ochilish marosimi — suratlarda