Afg‘onistonda hukumat tepasiga “Tolibon” harakati vakillari kelganidan keyin mahalliy ayollarning jangarilardan qochishi, ularning ta’qibidan xavotirga tushishi, xotin-qizlar ta’limi va ularning ishlashi bo‘yicha xavotirlar paydo bo‘lgan. “RBK” nashri Afg‘onistonda ayollar hayoti “Tolibon” hokimiyatga egallaguniga qadar qanday kechgani haqida fotoreportaj tayyorlagan.

Foto: Reuters

BMTning qochqinlar bilan ishlash bo‘yicha boshqarmasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Afg‘onistonda 2021-yil may oyi oxiridan beri mamlakatni 250 ming nafarga yaqin aholi tark etgan, shundan 80 foizi ayollar va bolalar. “Tolibon” avval, ya’ni 1996–2001-yillarda Afg‘onistonni boshqargan davrda ayollarni boshidan to‘pig‘iga qadar to‘liq yopib turuvchi maxsus kiyimda paranji yopinib yurishi majburiy deb belgilangan, ayollarning ishlashi, o‘qishi, uydan mahram erkak hamrohisiz chiqishi taqiqlab qo‘yilgan va ushbu qoidalarni buzganlar toshbo‘ron qilib o‘ldirilgan.

“Tolibon” 1996-yilda Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga kelganida ayollarning paranji yopinib yurishi majburiy deb belgilangan. Ayollar jamoat joylarida, asosan, ko‘k rangdagi zich ipak matosidan tikilgan paranjilar yopinib yurgan. Jangarilarning maxsus politsiyasi mazkur talabning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirgan.

Ayollarning maxsus chakmoni zo‘ravonlik ramziga aylangan. 2001-yilda toliblar Buyuk Britaniya hamda AQShning Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalari davomida hukumatdan chetlatilgach, ko‘plab afg‘on xotin-qizlari bu tartibdagi kiyinishni tark ayladi, biroq mahalliy ayollarning aksar qismi diniy va milliy qadriyatlar nuqtayi nazaridan ushbu taxlit kiyinish hamda jamoat joyida o‘zni tutish tartibiga rioya qilishda davom etdi.

Foto: Reuters

2021-yil avgustida “Tolibon” yana mamlakatni egallaganidan keyin, ayollar maxsus libosining narxi keskin oshib ketdi. O‘tgan yili paranji 200 afg‘oni (taxminan 2-3 AQSh dollari) turgan bo‘lsa, endi ularning har biri uchun 2 000-3 000 afg‘oni (23-34 dollar) to‘lab kiyimni sotib olish mumkin, deya yozgan The Guardian. Afg‘on ayollaridan biri nashrga bergan intervyusida “Tolibon” mamlakatni nazorat ostiga olganidan keyin erining ko‘chada jangarilar e’tiborini jalb qilmaslik uchun unga paranji sotib olishni buyurgani haqida so‘zlab bergan.

Foto: Reuters

Ota-onalar ham yosh qizlari hayoti xavfsizlikda bo‘lishi uchun ulardan paranji kiyib yurishni iltimos qilmoqda. Kobulda yashovchi aholining uchdan ikki qismini 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar tashkil qiladi va ular “Tolibon” rahbarlik qilgan davrda yashamagan, deb yozmoqda The Guardian. “Paranji yopinsam, “Tolibon” hukumatining mamlakatni boshqarishga qarshi emasligimni bildirgan bo‘laman. Ularning meni nazorat qilishiga yo‘l ochaman”, — deya gazetaga o‘z shikoyatlarini bildirgan Afg‘onistonda yashovchi 26 yoshli qiz.

Foto: Reuters

2001-yilda “Tolibon” mamlakat boshqaruvidan chetlatilgan vaqtda Afg‘oniston maktablarida qizlar deyarli ta’lim olmas edi, deya tarixni eslatgan Time. 2004-yilda mamlakatda yangi konstitutsiya qabul qilindi. Qonun inson huquqlarini qayta tiklash, jumladan, davlatga ayollar uchun ta’lim dasturlarini ishlab chiqish majburiyatini yuklagan. Oradan uch yil o‘tib, Jahon bankining statistikasiga ko‘ra, Afg‘onistonda maktablarda ta’lim oluvchi qizlar soni 41,7 foizga, 2011-yilda esa 65,6 foizga yetdi.

Foto: Reuters

AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarini olib chiqib keta boshlagach, Tolibon” mamlakatning ayrim hududlaridagi maktablarga hujumlar uyushtirdi, oqibatda qizlar uchun ta’lim maskanlarining eshiklari yana yopildi. BMTninng bolalar bo‘yicha jamg‘armasi hisoblanuvchi UNICEF ma’lumotlari bo‘yicha Afg‘onistonda 3,7 million bola maktablarda ta’lim olmaydi, ularning 60 foizi qizlar.

Foto: Reuters

Iyun oyida “Tolibon” ixtiyoriga o‘tgan Hirot viloyatidagi hududlaridan birida o‘rta maktab bitiruvchisi bo‘lgan qiz Time nashriga bergan intervyusida jangarilarning o‘quv maskanida ta’lim olayotgan qizlarga bosim o‘tkazish maqsadida ularga kafanlar yuborgani haqida gapirib bergan. Qizning aytishiga qaraganda qizning 13 yoshli singlisi o‘qiydigan maktab “Tolibon” vakillarining yozma tahdidlari tufayli yopilgan. “Tolibon” qizlar sakkiz yoshgacha ta’lim olishining o‘zi yetarli deb hisoblaydi. Biroq shariatda ham har qanday yoshda ham ilm olish joiz ekanligi qayd etilgan.

Foto: AP Photo

Amxerstdagi Massachusets universitetining ilmiy xodimlari o‘tkazgan so‘rovnoma bo‘yicha 2001-yildan 2016-yilga qadar Afg‘onistonda universitetlarda tahsil oluvchi qizlar soni noldan 28 foizga chiqqan, ayol o‘qituvchilar ulushi esa 14 foizga yetgan. “Tolibon” 15-avgustda mamlakatni egallab olganidan keyin qizlarni universitetlardan evakuatsiya qilish ishlari boshlandi, sababi jamoat transportlarining haydovchilari o‘z hayotini saqlash, ayollarni eltuvchi degan nomni olmaslik maqsadida ularni manzillariga eltib qo‘yishdan bosh tortdi, deyiladi The Guardian axborotida. The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra Kobul universitetida qizlarga yotoqxonalarni mahram erkaklarsiz tark etish taqiqlangan, Hirotda esa “Tolibon” talaba qizlar va ayol o‘qituvchilarni oliy ta’lim muassasalarining binolariga kiritmagan. Huquq himoyachilarining xabar berishicha ta’limni yakunlagan, mutaxassis qizlar va ayollar o‘z sertifikat hamda diplomlarini yoqib yubormoqda.

Foto: AP Photo

“Tolibon”ning avvalgi hukmronlik davrida ayollarni faqat ayol shifokorlar davolashi mumkin deb belgilangan edi. Ayol bemorlarga tegingan erkak shifokor yoki tibbiyot xodimlari omma oldida kaltaklanar, qamoqqa olinardi. Fransiyaning Liberacion nashri 1997-yilda Kobul shifoxonalarida ayollarni davolash uchun qabul qilish to‘xtatilgani, favqulodda holatlar bundan mustasno ekanligi, davolanayotgan ayollar ham tezda shifoxonadan chiqarib yuborilayotgani haqida yozgan.

Foto: AP Photo

1996-yilda “Tolibon” hokimiyat tepasiga kelishidan avval ayollarning harbiy xizmatni o‘tashiga ruxsat berilgan, kam sonli ayollar harbiylar safida bo‘lganlarga ham tez-tez tahdidlar bo‘lib turgan, deya qayd etgan Zora nashri. NATO 2014-yilda “Tolibon” hukumatiga qarshi va “Al-Qoida” terrorchilik tashkilotining mashg‘ulot bazalarini yo‘q qilishga qaratilgan 13 yillik operatsiyani tugatgach, AQSh va uning ittifoqchilari Afg‘oniston Qurolli kuchlariga ayollarning harbiy tayyorgarligi, harbiy xizmatdagi faoliyati yuzasidan maslahat hamda tavsiyalar bergan, deyiladi The New York Times’dagi materialda. 2010-yilda NATO Afg‘oniston milliy xavfsizlik kuchlarining (ANDSF) 10 foizi ayollar ekanini ma’lum qilgan. 2019-yilda Afg‘oniston Qurolli kuchlarida umumiy askarlar sonining 1,6 foizi ayollar bo‘lgan va qo‘shinda 5 ming nafar harbiy ayol xizmatni o‘tagan, deya qayd etgan Zora.

Foto: Reuters

“Tolibon” 1996-yilda hokimiyat tepasiga kelgan vaqtgacha ayollar siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan. 1978-yildagi aprel inqilobidan keyin, Afg‘onistonda sovet sotsialistik dunyoviy hukumati o‘rnatildi, Anaxita Ratebzad madaniyat vaziri hamda Butunafg‘on ayollar uyushmasiga rahbar bo‘ldi. 15-avgustda mamlakatdan qochib ketgan, BAAda bo‘lib turgan Afg‘oniston sobiq prezidenti Ashraf G‘ani 2018-yilda Vardak viloyatidagi Maydamshahr shahri hokimligiga 26 yoshli Zarifa Gafarini tayinlagan. Vardak “Tolibon” qo‘llab-quvvatlanadigan, yo‘llari xavfsiz hudud hisoblanadi, deyiladi The New York Times ma’lumotida. Gafari ham toliblarning bir necha marta unga tahdid qilgani haqida gapirgan.

Foto: AP Photo

“Tolibon” 2001-yilda Afg‘oniston hukumatidan chetlatilganidan keyin Kobulda yashovchi Shakila Nodiriy taksichilik qiladigan turmush o‘rtog‘idan mashina haydashni o‘rgatishni iltimos qilgan. 2008-yilda ayol va uning eri avtomaktab ochishdi. Nodiriyga jamoat transportida beodoblik bilan munosabat bildirilgan, shilqimlik qilingan ayollar murojaat qilishni boshlagan, deyiladi Reuters xabarida. Nodiriy agentlikka bergan intervyusida mamlakatdagi konservativ fikrlovchi kishilar tez-tez tahdid qilishi, ayollarning mashina boshqarishi diniy qarashlarga zid ekanligini ta’kidlashi haqida gapirgan. Ma’lum vaqt o‘tgach ayol va uning eriga qilinayotgan tahdidlar kamaygan, biroq erkak haydovchilar baribir Shakilaga yo‘llarda xalaqit qilishadi va ba’zan ularning hurmacha qiliqlari sabab Nodiriy xavfli manevrlar qilishga majbur bo‘ladi.

Foto: Reuters

Afg‘on ayollari sport bilan professional tarzda shug‘ullanishadi. 2007-yilda futbol bo‘yicha Afg‘oniston terma jamoasi tashkil qilingan. Jamoa sardori Xolida Popal mamlakatda ayollar futboli uchun mas’uliyat o‘z zimmasiga tushganidan keyin 2011-yilda Hindistonga, keyinchalik Daniyaga qochib ketgan. Popal nafaqat unga, balki uning oilasiga ham tahdidlar qilingani, bir necha marta telefon raqamini almashtirishiga to‘g‘ri kelganini tan olgan. 2021-yilda Tokioda o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarida Afg‘oniston nomida ilk bor ayol sportchi – Zakiya Hudadadiy ishtirok etishi rejalashtirilgandi. Biroq toliblar yana hokimiyatni egallaganidan keyin mamlakatda ayollar sporti yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Velopoygalar bo‘yicha terma jamoa sardori Ruxsor Habibzoy “Tolibon”ning hech qachon ayollarning sport bilan shug‘ullanishiga, o‘qishi yoki ishlashiga ruxsat bermasligini ta’kidlagan. “Ular bizning velosipedda yurishimizga ruxsat berishi mumkinmi? Toliblar bizni otib tashlaydi”, — degan Habibzoy.

Foto: Reuters

Reuters’ning yozishicha, G‘azni viloyatida yashovchi 33 yoshli Katera otasining buyurtmasi bilan jangarilar tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida ko‘r bo‘lib qolgan. Ayol sog‘lom bo‘lgan vaqtida kriminal politsiyaga ishga kirgan. Otasi ushbu qarorni garchi kuyovi bunga qarshilik bildirmagan bo‘lsa ham quvvatlamagan. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, u otasining o‘zini zimdan kuzatib yurganini ko‘rgan va oila boshlig‘i “Tolibon” vakillariga buni buyurtma qilgan bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi. Ayol politsiyada uch oy ishlab, keyin bo‘shab ketgan, u idorada ketganiga qaramay hujumga uchragan. Ular ayolni otib, ko‘ziga mil tortgan. “Tolibon” a’zosi ushbu jinoyat haqida bilishi, lekin guruhning voqeaga aloqasi yo‘qligi haqida gapirgan.

Foto: Reuters

“Tolibon” Afg‘onistonni egallagach, qizlarni jangarilarga majburlab erga berish holatlari ko‘payadi. Rejissor va Afghan Films kinostudiyasi direktori Sahra Karimiy toliblar uni o‘ldirishi mumkinligidan xavotirda va ularning bolalarni, qizlarni o‘g‘irlab kelin sifatida sotishni boshlashi haqida gapirgan. Toliblar hokimiyat tepasiga kelishidan ma’lum vaqt avval nikohga majburlash holatlari sabab Rossiyaga qochib ketgan ayol chegara ortida uzoq vaqt qolib ketgani tufayli ortga qaytarilgan, deyiladi BBC surishtiruvida. Ayol oilasi, uch ayol, xususan 12 yoshli qizi, bir nafar erkak bilan birga Peterburgga kelgan. Ular Finlyandiya bilan chegaradan noqonuniy tarzda o‘tishga uringan va javobgarlikka tortilgan. “Ular M.ni majburan turmushga bermoqchi bo‘lgan “Tolibon” zulmidan qochib kelishgan”, — deya BBC’ga axborot bergan ayollar-himoyachisi, advokat Olga Seytlina. Ayol va qizni erkaklardan alohida qaytarib yuborishdi, Seytlinaning so‘zlariga ko‘ra ularning taqdiri ne kechishi noma’lum. Sababi ular “Tolibon” yana hukumat tepasiga qaytgan vaqtda Afg‘onistonga kelgan.

Foto: Reuters

Hozir “Tolibon” ayollarning hijob kiyib, ishlashi va o‘qishiga ruxsat berilishini va’da qilgan. Ayollarga hukumatda shariat qoidalariga rioya etgan holda ishlash taklifini ham bergan. “Tolibon” rasmiy vakili TOLO telekanaliga bergan intervyusida shunday degan: “Endi butun dunyo “Tolibon”ning mamlakatni boshqaruvchi amaldagi kuch ekanini tan oladi. Odamlarning hamon bizdan qo‘rqayotganidan hayratdaman”, — degan u efirda. The New York Times nashri intervyudan bir necha soat o‘tgach, afg‘onistonlik teleboshlovchi Hadija Aminning toliblar jurnalistlarni nomuayyan vaqtga ishdan chetlatganini bildirganini ma’lum qilgan.

Foto: AP Photo

“Tolibon” vakillari ayollarga nisbatan zo‘ravonliklar bo‘lmasligini qayd etmoqda. “Ayollarga nisbatan noto‘g‘ri munosabat bo‘lmaydi, lekin biz islom qadriyatlariga hurmat bilan qarashimiz shart”, — degan toliblar. 17-avgustda Kobulda ayollar mamlakatda xotin-qizlar huquqlarining poymol bo‘lishiga qarshi miting o‘tkazgan. Aksiyada kamida to‘rt ayol qatnashgan va ular maxsus shiorlari bilan hayqirgan. Ayollar ishlash, o‘qish va siyosatda ishtirok etishni istashini bildirgan. Al Jazeera muxbiri e’lon qilgan videoda ayollarning atrofida qurollangan shaxslarning yurgani ko‘rinadi, biroq ular miting o‘tkazayotganlarga nisbatan kuch ishlatmagan.

Foto: AP Photo