Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Nurmat Otabekov AQShda aniqlangan – yuqish va o‘lim xavfi yuqoriligi aytilgan yota shtammi respublika hududiga kirib kelgani borasidagi izohlarga javob berdi.
“Hozircha AQShning Nyu-York shtatida aniqlangan yota shtammining O‘zbekiston hududida aniqlangani haqida ma’lumotlar yo‘q. Shu bilan birga, ta’kidlash joizki, O‘zbekiston hududida qaysi virus aylanib yurganini aniqlash maqsadida etiologik omilni aniqlash nuqtayi nazaridan identifikatsiya va monitoring ishlari amalga oshirilyapti. Shu sababli bu kabi shtamm mamlakat hududida aniqlanadigan bo‘lsa, xabar beriladi”, — deydi Nurmat Otabekov.
Otabekovning ta’kidlashicha, dunyo hamjamiyatining faol ishtirokchi davlati sifatida mazkur shtammning O‘zbekiston hududiga kirib kelish ehtimoli yo‘q emas.
Unga ko‘ra, Toshkent shahri, Toshkent, Surxondaryo, Farg‘ona, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida epidemiologik vaziyat jilovlanmagan, kasallanish holatlari yuqoriligicha qolmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 30-yanvar kuni koronavirusning “britancha” shtammi O‘zbekistonga kirib kelgani ma’lum bo‘lgandi. 24-iyunda esa mamlakatda koronavirusning “hindcha” shtammi aniqlangandi.
Izoh (0)