Sudan hukumati mamlakat sobiq prezidenti Umar Al-Bashir va yana bir nechta shaxsni Xalqaro jinoyat sudi (XJS) ixtiyoriga topshiradi, sud 2003-yilda Darfurda yuz bergan qonli voqealar, Al-Bashirning insoniyatga qarshi hamda harbiy jinoyatlari yuzasidan ayblov e’lon qiladi. Bu haqda “Interfaks” xabar bergan.
“Sudan Vazirlar Mahkamasi qidiruvdagi shaxslarni Xalqaro jinoyat sudi ixtiyoriga topshirishga qaror qildi”, — degan Sudan tashqi ishlar vaziri Maryam al-Mahdiy.
77 yoshli Al-Bashir Sudan davlat rahbarligiga 1989-yilda kelgan va 2019-yilda uni bir necha oy davom etgan xalq noroziliklaridan keyin boshqaruvdan chetlatgunlariga qadar prezidentlik qilgan. XJS 2009-yilda Al-Bashirni hibsga olishga order bergan va o‘shanda u xalqaro qidiruvga berilgan edi.
Iyul oyida XJS Al-Bashirning Darfurdagi qonli voqealar bo‘yicha sud qilinadigan eng birinchi aybdorlardan bo‘lishini ma’lum qilgan. Sobiq prezidentning jinoyat ishida jami 31 ta banddan iborat ayblovlar: zo‘rlash, qiynoqqa solish va qotillik jinoyatlari mavjud.
BMT bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2003—2006-yillarda isyonchilar va hukumat qo‘shinlari ishtirokida yuz bergan Darfurdagi nizo oqibatida, taxminan, 300 mingga yaqin odam halok bo‘lgan va 2,5 million aholi boshqa yerlarga, xorijga ko‘chib ketgan.
2019-yil avgustdan buyon Sudanni harbiy-fuqarolik administratsiyasi boshqarib kelmoqda va hukumat Al-Bashir hukmronligi davridagi qonli jinoyatlar qurbonlari uchun adolat qaror topishini va’da qilgan.
Izoh (0)