Surxondaryo viloyati Termiz tumanida 50 sotix yerni noqonuniy ravishda 150 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi, deya xabar qilmoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Departamentning Termiz tuman bo‘limi tomonidan Milliy gvardiya viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.Q. firibgarlik yo‘li bilan daromad orttirishni ko‘zlab, fuqaro O.ni “Yangiobod” MFYda joylashgan 50 sotix yer maydoni o‘ziga tegishli ekaniga ishontirib, tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirib berishi evaziga 150 million so‘mga sotishga kelishib, shundan 84 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Bundan avval Jizzax va Buxoroda yerlarni noqonuniy ravishda sotish holatlari aniqlangani, Qarshida hokimlik zaxirasida turgan bo‘sh yerni 70 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani hamda Samarqand va Qarshida yerni noqonuniy ravishda sotayotgan sobiq mansabdor va hokimlik vakili ushlangani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)