Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyati faollari bilan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda davlat rahbari Qo‘rg‘ontepa tumanilik tadbirkor ayolni yuksak mukofot bilan taqdirladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Mana, kecha men bilan uchrashgan Umidaxon Usmonova o‘z xonadonida yetarli sharoit yo‘qligiga qaramasdan, hattoki uyining mehmonxonasida parranda boqib, aholiga tarqatib kelmoqda. U bugungacha 23 ming bosh xonaki tovuq tarqatgan.

Bu tadbirkor va shijoatli ayolning ‘Urganji’ mahallasida qilgan ishlari menga juda ma’qul bo‘ldi. Shuning uchun ‘Mikrokreditbank’ bu tadbirkor singlimizga 5 milliard so‘m miqdorida foizsiz kredit ajratadi.

Yana bir alohida sovg‘amiz bor — hozir sizlarning ko‘z oldingizda Umidaxon singlimga ‘Mehnat shuhrati’ ordenini topshiraman”, — dedi Prezident.

17-iyun kuni Shavkat Mirziyoyev Izboskan tumanidagi “Urganji” mahallasida Qurbonali O‘rinboyev xonadonida bo‘lgan edi. “Gazeta.uz”ning ma’lum qilishicha, ayni shu xonadonda davlat rahbari Umida Usmonovani mukofotlashi haqida aytgan.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Men sizdan minnatdorman. Men sizga ‘Mehnat shuhrati’ ordenini beraman. Xonadonda shunday harakat qilib, o‘zbek ayoli shunday mehnat qilgan bo‘lsa, mening islohotlarim amalga oshyapti, men baxtiyorman. Sizning timsolingiz elga yarashadi. Sizning timsolingiz xalqimizga namuna bo‘ladi”, — degan Prezident.

“‘Urganji’ mahalla fuqarolar yig‘ini boshlig‘i Nafosatxon degan ayol meni Qo‘rg‘ontepaga izlab boribdi. Opajon, men sizning tajribangizni o‘rganmoqchiman. Uni ‘Urganji’ mahallasida qo‘llamoqchiman, deganidan keyin, avvalo, xursand bo‘ldim. Keyin ularga yordam berishga kirishdim. 10-15 kundan beri shu mahallada faollik qilib, parrandachilik yo‘nalishida maslahat berib kelmoqdaman. Nafosatxon aytdi, nega Qo‘rg‘ontepa ayollari qilgan ishni ‘Urganji’ ayollari qila olmaydi, dedi. Biz hozir hamkorlikda ishlayapmiz. ‘Urganji’ ayollarining qilayotgan mehnatlarini, men orqali yo‘nalishlar ketayotganiga yurtboshimiz xursand bo‘lib, meni mukofotladilar”, — degan “O‘zbekiston 24” telekanaliga intervyu bergan tadbirkor.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev hududlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida 17-iyundan buyon Andijon viloyatida bo‘lib turibdi. Davlat rahbari safarini Izboskan tumanining eng chekka hududlardan biri — “Qo‘g‘ay” mahallasidan boshlab, ushbu mahalladagi to‘qimachilik korxonasini, “Rustamjon Zamin rivoji” fermer xo‘jaligi dalasida g‘alla hosilini borib ko‘rdi. Shundan so‘ng Paxtaobod tumanidagi innovatsion issiqxonani ko‘zdan kechirdi. Bu yerda Prezident Andijonda metall konstruksiyalar korxonasi tashkil etishga ko‘rsatma berdi.

Prezident, shuningdek, Andijon shahridagi qarovsiz binolar o‘rnida tashkil etilgan yangi korxonalarning ish faoliyati bilan tanishdi, Andijon viloyati Bosh jome masjidini borib ko‘rdi.