Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyat faollari bilan o‘tkazilayotgan yig‘ilishda davlat rahbari viloyatda yangi sanoat zonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Yaqinda 27-may kuni viloyatda 105 gektar yerda ‘Mashinasozlik va elektrotexnika sanoat xabi’ maxsus zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladim. ‘O‘zavtosanoat’ tomonidan ushbu sanoat xabida 2021—2023-yillarda 80 million dollar investitsiya evaziga 8 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

Jumladan, cho‘yan detallarni quyish, ularga mexanik ishlov berish, rezina jipslovchi detallar, avtomobil oyna tozalagichlari, shassi uchun prujinalar ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi.

Kecha elektromobillar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriq berdim. Bu loyihalar yetarli emasligini hisobga olib, ‘O‘zavtosanoat’, ‘Eltexsanoat’ bir oy muddatda sanoat xabi hududida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqib, taqdimot qiladi”, — deydi davlat rahbari.

Prezident viloyatda metallurgiya zavodi qurilishi loyihasini ham tayyorlash lozimligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning yanvar oxirlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev “O‘zavtosanoat” Andijonda 100 gektarlik sug‘oriladigan yer maydonini beg‘araz hamda auksionsiz qo‘lga kiritmoqchi ekanini tanqid qilgandi.