“Daryo”ni Telegram’da o‘qing! Join!
13:33, 17.06.2021 20133

Shavkat Mirziyoyev Andijonga tashrifini Izboskandagi to‘qimachilik korxonasini borib ko‘rishdan boshladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlardagi o‘zgarishlar, aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon viloyatiga jo‘nab ketgandi. Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, davlat rahbari safarini Izboskan tumanining eng chekka hududlardan biri — “Qo‘g‘ay” mahallasidan boshladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, yaqinda ushbu mahallada “Sohib omad barakasi” klasteri tomonidan And gold tikuv-trikotaj korxonasi ishga tushirildi. Prezident ushbu fabrika faoliyati bilan tanishdi.

Qiymati 2,5 million dollar bo‘lgan loyiha doirasida yangi bino qurilib, zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Korxona yiliga 3,5 million dona tayyor trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarni 100 foiz eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Bu boradagi yillik imkoniyat 5 million dollardan ziyod. Kalava ip yetkazib berish bo‘yicha Xitoy va Rossiya bilan shartnoma tuzilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Korxonada ayni paytda 830 nafar xotin-qiz ishlamoqda. Prezident ular bilan suhbatlashdi.

“Sizlarga o‘zimning hurmatimni, muhabbatimni bildiraman. O‘zlaringiz yashaydigan qishloqda ishli bo‘lganlaringizdan xursandman. Qachon Izboskanda mana shunday zamonaviy korxona bo‘lgan? Bu ishlarni yana davom ettiramiz. Xotin-qizlarimiz uchun hamma sharoitlarni yaratamiz. Ayol ishli bo‘lib, kayfiyati yaxshi bo‘lsa, oilasi ham baxtli bo‘ladi”, — degan Shavkat Mirziyoyev.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xabarda ta‘kidlanishicha, fabrika to‘la quvvatga chiqqanda chekka hududdagi 1 ming 200 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi.

Shu yerda Andijon viloyatida sanoat tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimot qilingan.

Prezidentning ikki kunlik amaliy tashrif davomida to‘qimachilik korxonasidan tashqari, agrosanoat va qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyati bilan tanishish, bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirish rejalashtirilgan. “Yangi Andijon” shaharchasi qurilishining boshlanishi tashrifning eng muhim voqealaridan biri bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining Andijon viloyatiga bundan oldingi tashrifi 2020-yilning mayida amalga oshirilgan edi. O‘shanda davlat rahbari Andijon shahrida qurilgan 7 va 16 qavatli yangi uylarni borib ko‘rgan, viloyatda g‘o‘za qator oralariga soya ekish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Boshqa yangiliklar