“Daryo” “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasi doirasida xorijda o‘qiyotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimizning hayotini yoritishda davom etadi. Loyihaning bu galgi qahramoni — bir necha yillardan beri Yaqin Sharq davlatlarida ishlab kelayotgan Murodali Qurbonov.

Murodali Qurbonov 1998-yil Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida tug‘ilgan. Dang‘ara tumanidagi Transport kollejini tamomlagan. Hozirda Dubaydagi Amiti universitetida IT yo‘nalishida tahsil oladi. Ingliz, rus, arab va turk tillarini biladi.

2017-yildan beri Dubay, Qatardagi turli kompaniyalarda ishlagan. Ayni paytda Kuvaytdagi Aamal Holdings kompaniyasining Diet Care restoranlar tarmog‘ida faoliyat yuritmoqda.

Murodali Qurbonov Dubayda.

Foto: Murodali Qurbonov arxividan

O‘zbekistonni ikki sabab bilan tark etganman

Birinchisi, O‘zbekistonda o‘qishni xohlamaganman. Aniqroq aytadigan bo‘lsam eng katta niyatim — yetarli mablag‘ ishlab topib, Londondagi Grinvich universitetida tahsil olish edi.

Ikkinchidan, kollejni tamomlaganimdan so‘ng Singapur Menejmentni rivojlantirish institutiga o‘qishga kirdim, ammo o‘sha vaqtda kontrakt narxi ikki barobarga oshgani uchun o‘qimaslikka qaror qildim.

Ota-onam bundan qattiq xafa bo‘lishdi. Chunki bu joyga kirish uchun oz muncha harakat qilmagandim. O‘shanda dadam kira qilib yurgan mashinasini sotib, kontraktimni to‘lamoqchi bo‘ldi. Keyingi yil, albatta, grantga kiraman deb rozi bo‘lmadim va yana tayyorgarlikni davom ettirdim.

Bir necha oydan so‘ng bu fikrimdan qaytdim. Chunki o‘zimni go‘yo noto‘g‘ri yo‘ldadek his qildim. Chet elga borib o‘zimni kashf etishni va yangi bilimlar olishni xohladim. Yaxshilab o‘ylab, xorijga ketishga qaror qildim.

Foto: Murodali Qurbonov arxividan

Aksariyat kompaniyalar yoshsan deb ishga olishmasdi

Internet orqali chetdan ish izlashni boshladim. Biroq tayinli bir ish topolmadim. Keyin Ukrainadan agentlik orqali harakat qildim. Tezda arab mamlakatlaridan ish beruvchilar topildi. Ammo intervyuda aksariyat kompaniyalar hali yosh bolaligimni aytib, qabul qilishmadi. O‘shanda rostdan ham 18 ga ham to‘lmagan edim.

Kutilmaganda Dubayda yangi ochilgan restoranga chaqirishdi. Maoshi 650 dollar atrofida edi. Men rozi bo‘ldim, ammo yana oldimda bir qator muammolar bor edi. Ya’ni oilamni bunga ko‘ndirish va ketish xarajatlari uchun pul topish kerak edi.

Tabiiyki, bu juda qiyin bo‘ldi. Axir qaysi ota-ona yolg‘iz o‘g‘lini 18 yoshida chet elga ishlashga jo‘natadi? Biroq bir amallab ota-onamni ko‘ndirdim, lekin xarajatlar uchun pul yo‘q edi. Onam xolamdan bir oyda qaytarish sharti bilan 1000 dollar qarz olib berdi. Shunday qilib, 2017-yil Dubayga ketdim.

Murodali Qurbonov Dubayda.

Foto: Murodali Qurbonov arxividan

Qatar qirollik oilasi va Tailand qirolichasiga xizmat qildim

Restoranda dastlab, ofitsiant yordamchisi, ofitsiant, keyinchalik nazoratchi bo‘lib ishladim.

Vaqt o‘tib, boshqa davlatlarni ko‘rgim, yaxshiroq haq to‘laydigan kompaniyada ishlagim keldi. Yana onlayn ish qidira boshladim.

Ko‘p o‘tmay Qatardagi Al Emadi Enterprises kompaniyasidan ish topib, 2018-yili mamlakatga keldim.

Xullas, Qatardagi hashamatli mollda, deyarli hamma restoranlarda ishladim. Ishim tufayli ko‘plab millionerlarga, hatto Qatar qirollik oilasi va Tailand qirolichasiga xizmat qildim.

Ishdan bo‘sh vaqtlarimda esa arab tili kurslariga bora boshladim. Atrofimdagilar pul sarflab borishingni foydasi yo‘q, judayam qiyin til, baribir o‘rgana olmaysan deb ustimdan kulardi. Men e’tibor bermay qatnayverdim. To‘g‘ri, olti oyda o‘rgana olmadim, lekin bir yildan so‘ng ozmi-ko‘pmi odamlar bilan arab tilida so‘zlasha boshladim.

Murodali Qurbonov Qatarda.

Foto: Murodali Qurbonov arxividan

Bir kuni kuvaytlik nufuzli mehmonlar bilan suhbatlashib qoldim. Ular mening ishim va hayotim haqida so‘rashdi. Ancha gaplashib qoldik. Ketishlaridan oldin bir kishi “Menga yoqib qolding. Agar senga yaxshi oylik to‘lanadigan ish kerak bo‘lsa menga qo‘ng‘iroq qil. O‘zim yaxshi ish bilan ta’minlayman”, deb tashrif qog‘ozini berib ketdi.

Vaqt o‘tib, kompaniyadan ketishimga to‘g‘ri keldi. Chunki, aytilganday boshida mas’uliyatli ishni berishdi. Sinov muddatidan ham o‘tdim, biroq oyligimni ko‘tarib berishmadi. Shundan keyin ishdan bo‘shashga qaror qildim.

Ketishdan oldin menga tashrif qog‘ozini berib ketgan o‘sha insonga qo‘ng‘iroq qildim. U bir kun ichida menga Kuvaytdagi ishga shartnoma berdi, ko‘p o‘ylab o‘tirmay, unga imzo chekdim. Qatardagi ish joyimdagilar xohlagan payting qaytib kelishing mumkin deb vizamni bekor qilishmadi.

Shunday qilib, 2019-yil dekabrda O‘zbekistonga qaytib, vizamni yangiladim. 2020-yil fevralda Kuvaytga keldim.

Murodali Kurbonov Qatarda.

Foto: Murodali Kurbonov arxividan

Kuvaytliklar uxlashni va ovqatlanishni yaxshi ko‘radi

Kuvaytga tashrifim yaxshi boshlanmagan. Boshida yashash sharoiti juda ham yomon joyga tushib qolgandim. Bir xonada bir necha millat vakillari bilan uxlashga majbur bo‘lganman.

Qolaversa, yangi muhitga ko‘nikish qiyin kechgan. Birorta odamni tanimasdim. Uch oy vaqtim shaharni o‘rganib chiqishga ketgan.

Murodali Kurbonov Kuvaytda.

Foto: Murodali Kurbonov arxividan

Mamlakat haqida gapiradigan bo‘lsam, birinchi hayratlantirgan narsa bu Kuvaytning puli, ya’ni dinorni kuchli valyuta ekani bo‘lgan. Bu yerda bir dona qog‘oz pulga bir oy yashash mumkin.

Qonunlariga ko‘ra, spirtli ichimlik ichish, uni ishlab chiqarish yoki olib kirish qat’iyan man etiladi. Aytgancha, cho‘chqa go‘shtiga ham shunday talab qo‘yilgan. Jazosi qamoq.

Kuvaytliklarning eng yoqqan tarafi — o‘ziga to‘q oilalar muhojirlar uchun uyining oldiga maxsus muzlatgich qo‘ygan. Har kuni ortiqcha ovqatlarni plastik idishlarda solib qo‘yadi. Kim muhtoj bo‘lsa olib ketaveradi. O‘zim ham bir necha marta qiziqib yeb ko‘rganman.

Ramazon oyida har kuni gipermarketlarda katta chegirmalar bo‘ladi. Masjidlarda tekin iftorliklar tarqatiladi.

Yana muborak Ramazon oyida aholi uchun qat’iy belgilab qo‘yilgan qoidalar mavjud. Masalan, barcha ro‘za tutishi kerak. Iftorlikkacha ko‘chalarda sigaret chekish, suv ichish, ovqatlanish va biron nima chaynab yurish mumkin emas. Xodimlarga kunda olti soatgina ishlashga ruxsat beriladi.

Murodali Qurbonov Kuvaytda.

Foto: Murodali Qurbonov arxividan

Yoqmagan jihati esa xalqi ovqatlanishni juda ham yaxshi ko‘radi. Shuning hisobiga mamlakatda ortiqcha vaznli insonlar haddan tashqari ko‘p.

Turmush tarzi zerikarli. Men bu yerni oson hayotda yashashni xohlaydigan insonlar mamlakati degan bo‘lardim. Chunki oziq-ovqat mahsulotlari judayam arzon, oylik maoshlar o‘z xalqi uchun baland.

Kuvaytliklarning yana bir yoqmagan tarafi aksariyati dimog‘dor.

Shaharda do‘stlarim ko‘p emas. Chunki atrofim dunyoqarashi past, maqsadsiz faqat oylik olib, ovqat yeb, uxlashni yaxshi ko‘radigan insonlarga to‘la.

Shu bois ishdan bo‘sh paytlarimni dasturlash bo‘yicha bilimlarimni mustahkamlab, biznes kitoblar o‘qish bilan o‘tkazaman. Universitetdan berilgan darslarimni qilaman. Shuningdek, yugurish sporti bilan shug‘ullanaman.

Murodali Kurbonov Diet Care restoranidagi ish joyida.

Foto: Murodali Kurbonov arxividan

Oyliklar 2 ming dollardan 6 ming dollargacha

Ish haqlari lavozimlarga qarab belgilanadi. Agar davlat ishxonasida ishlasangiz oyliklar baland — 2 ming dollardan 6 ming dollargacha. Shifokorlar oyligi judayam baland. Toifasiga qarab kamida 3 ming dollardan boshlanadi.

Xususiy biznesda ishlaydigan muhojirlarning eng past oyligi 600 dollar, yana lavozimiga qarab oshaveradi.

Maosh bilan narx-navolar mutanosib. Aytaylik, oyligimning 10 dan bir qismiga 30 kun davomida yaxshi yashasam bo‘ladi. Oziq-ovqat, internet, kiyim, transport va boshqa xarajatlar uchun bemalol yetib, ortib ham qoladi.

Mamlakat aholisi importdan kelgan oziq-ovqat bilan yashaydi. Bu yer cho‘l zonasi bo‘lishiga qaramasdan oziq-ovqatlar negadir arzon.

Bir kishi uchun o‘rtacha oylik xarajatlar 60 dinor, ya’ni 200 dollarga bemalol hayot kechirsa bo‘ladi.

Hamkasblarimga yoshimni aytmayman

Hozirda Kuvaytdagi birinchi raqamli parhezbob tayyor ovqatlar va organik quruq mahsulotlar ishlab chiqaradigan kompaniyada nazoratchi bo‘lib ishlayman.

Pandemiya davrida sotuvlar bo‘limiga ishga o‘tkazishgandi. Yetti oydan so‘ng IT sohasini yaxshi tushunganim va til bilganim uchun lavozimimni oshirishdi. Yashash joyim, oylik maoshim sezilarli darajada o‘zgardi.

Ayni paytda shartnoma bo‘yicha oyligim 1600 dollar. Ikkinchi ishim, ya’ni restoranlarga ichimlik menyusi tuzganim va barmenlarga trening o‘tganim uchun alohida haq to‘lashadi.

Diet Care restoranidagi ichimliklar.

Foto: Murodali Qurbonov arxividan

Bu yerda katta imkoniyatlar yaratilgan. Faqat harakat qilish kerak, xolos.

Ishda hamkasblarimga yoshimni aytmayman. Sababi birga ishlaydiganlarimning hammasi 30 yoshlar atrofida. Men bo‘lsa 23 yoshdaman. Lavozimim esa ularnikidan baland. O‘zlarini yomon his qilmasliklari uchun o‘zimni 27 yosh deb tanishtiraman.

Yashash joyimga kelsak, hozir to‘rt yulduzli mehmonxonada yashayman. Ish joyim mehmonxona xarajatlarini qoplaydi. Ammo ovqat tayyorlashga sharoit yo‘q. Asosan sotib olaman va ishxonadan ovqatlanaman. 1,5 yildan beri birorta o‘zbek milliy taomlarini yemadim. Ovqat ta’mlari ham esimdan chiqib ketgan.

Murodali Kurbonov Diet Care restoranidagi ish joyida.

Foto: Murodali Kurbonov arxividan

Kuvaytga kelmoqchi bo‘lganlar uchun maslahatlar

Eng kamida ingliz tilini bilishlari, qo‘lida yaxshi hunari yoki o‘z sohasida ikki yillik tajribasi bo‘lishi kerak. Shuningdek, arab tilida suhbatlashishni o‘rganib kelishlarini maslahat beraman.

Kuvaytga kelib birdaniga katta oylikli ishga kiraman degan xom xayolga bormaslik kerak. Bu yerda faqat o‘z ishini yaxshi biladigan mutaxassislargagina katta oylik to‘lashadi. Kelmoqchi bo‘lganlarga jiddiy maslahatim 1000 dollardan kam maoshli ishlarga kelmanglar. Sababi bu summani O‘zbekistonda ham aqlni ishlatib topsa bo‘ladi.

Kuvaytda o‘zbeklar judayam kam. Deyarli bir yil yurtdoshlarimiz borligini bilmasdan yurdim. Keyinchalik Facebook’da bu yerda shifokor bo‘lib ishlaydigan toshkentlik aka bilan tanishib oldim. U meni boshqa o‘zbekistonlik doktorlar va elchixonada ishlaydiganlar bilan tanishtirib qo‘ydi. Hozir ular bilan haftada bir kun yig‘ilib, futbol o‘ynab turamiz.

Foto: Murodali Qurbonov arxividan

Oilam haqida

Oilamiz to‘rt kishidan iborat: ota-onam va opam va men. Opam turmushga chiqqan. Bitta farzandi bor. Oyim bosh hisobchi bo‘lib ishlaydi. Otam ba’zida haydovchilik qiladi. Hozir asosan bog‘imizdagi mevalarni parvarish qilyapti.

O‘zbekistonga butunlay qaytish rejamda yo‘q

Tajribam va bilimim bilan qattiq harakat qilsam hozirgi maoshimni O‘zbekistonda ham topishim mumkin. Biroq unday niyatda emasman. Sababi ishimni, o‘qishimni, qolaversa, tugatishim kerak bo‘lgan rejalashtirilgan ishlarim bor.

Ayni vaqtda asosiy maqsadim: ko‘proq bilim olish va tez orada o‘z biznesimni boshlash. Hozircha bu haqda ko‘p ma’lumot berolmayman.

Foto: Murodali Qurbonov arxividan

Yaqin kelajakdagi eng katta niyatim magistraturani Londondagi Grinvich universitetida o‘qish. Hozir buning uchun harakat qilyapman.

Kuvaytdagi homiyim rejalarimni qo‘llab-quvvatlaydi va amaliy ko‘mak berishga tayyor.

Pandemiyadan so‘ng Qatar va Dubayda yangi restoranlar ochishni reja qilib qo‘yganmiz. O‘zbekistondan kelib, kelajagini qurmoqchi bo‘lgan intiluvchan yoshlarga ish berishga tayyormiz.

Bir necha oylardan so‘ng O‘zbekistonga ta’tilga va armiyada yigitlik burchimni o‘tashga borish rejamda bor. Ammo Farg‘onada ko‘p qola olmayman. Sababi oilamdagilar uylantirib qo‘yish harakatida. Shuning uchun tezroq Kuvaytga qaytishim kerak.

O‘zbekistonga butunlay qaytish esa hozirgi rejalarimda yo‘q. Sababi men bunga hali tayyor emasman.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi