“Daryo” “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasi doirasida xorijda o‘qiyotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimiz hayotini yoritishda davom etadi. Loyihaning bu galgi qahramoni — Yevropa universitetlarida magistraturada tahsil olayotgan Otabek Akromov.

Otabek Akromov Toshkent shahrida tug‘ilgan. Hozir 27 yoshda. 2019-yil Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tamomlagan. 2017—2018-yillari Yaponiya JASSO grantining talabalar almashish dasturi bo‘yicha Nagoya universitetida o‘qigan.

Ayni paytda Erasmus Mundus qo‘shma magistr dasturi granti asosida Buyuk Britaniyaning Glazgo, Irlandiyaning Dublin va Chexiyaning Karlova universitetlarida Xalqaro xavfsizlik yo‘nalishida tahsil olmoqda.

Foto: Otabek Akramovning shaxsiy arxividan

Men uchun “Diplomatiya”dan zo‘ri yo‘q edi...

Kollejda 2-bosqichda o‘qib yurgan paytlarimda bir do‘stim qayerga o‘qishga topshirmoqchisan, “Diplomatiya”gami yoki Garvardgami, deb so‘raganida hech ikkilanmay, “Diplomatiya” deb javob bergandim. Chunki o‘sha paytlarda aynan shu universitetga kirish ishtiyoqi shunchalar kuchli ediki, ko‘zimga boshqa oliygohlar ko‘rinmasdi.

Ammo “Diplomatiya”da ikkinchi bosqichda o‘qib yurganimda talabalar almashish dasturi bo‘yicha Yaponiyaga bordim va juda xato o‘ylaganimni tushundim.

Jonatan Sviftning asarida Gulliver faqat liliputlar dunyosida bahaybat, bahaybatlar o‘lkasida esa u liliput edi, degan gapi bor edi.

Men “Diplomatiya”da o‘qiyapman, deb kerilib yurar edim. Biroq Nagoya universitetining ta’lim sifatini, dars berayotgan professorlarning saviyasini ko‘rgach men liliputlar dunyosidan bahaybatlar o‘lkasiga tushib qolganday bo‘ldim.

Universitetimni yaxshi ko‘raman. To‘g‘ri, “Diplomatiya” O‘zbekistondagi eng kuchli oliygohlardan biri. Afsuski, u hali ham xalqaro darajaga chiqqani yo‘q.

Xullas, Yaponiyada bir muddat o‘qib, fikrlash dunyom kengaydi, ancha rivojlandim.

Foto: Otabek Akramovning shaxsiy arxividan

3 ta xalqaro dasturga topshirib, hammasidan to‘liq grant yutdim

O‘zbekistonga qaytib, bakalavrni bitirganimdan so‘ng magistraturani xorijda o‘qishni istadim.

Yaponiyada o‘qish sifati yuqori bo‘lsa, Buyuk Britaniyada undan ham zo‘r bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Yevropaga to‘liq grant beradigan Markaziy Yevropa universitetining ikkita grantiga hamda Erasmus Mundus dasturlariga hujjatlarimni topshirdim. Quvonarlisi, uchalasidan ham to‘liq grant taklifini oldim.

Yevropaning bir necha mamlakatlarida tahsil olish imkoniyati borligi va stipendiya miqdorining yuqoriligi sabab Erasmus dasturini tanladim. Hamda Buyuk Britaniyaning Glazgo, Irlandiyaning Dublin va Chexiyaning Karlova universitetlarida Xalqaro xavfsizlik yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishni boshladim.

Foto: Otabek Akramovning shaxsiy arxividan

100 ming dollarlik grant haqida

Yuqorida aytib o‘tganimdek, Erasmus dasturining boshqalaridan afzalligi, u nafaqat Yevropaning nufuzli oliygohlarida tahsil olish imkonini beradi, balki moliyaviy tomondan ham anchagina saxiy. Misol uchun, dastur ikki yillik o‘qishimga to‘rtta Malibu’ning narxiga teng pul sarf qilyapti, bu taxminan 100 ming dollarga teng.

Buning ichiga kontrakt puli, oylik stipendiya, tibbiy sug‘urta, yo‘l va viza xarajatlari kiradi.

Dasturning yana bir zo‘r jihati, sizga hech qanday majburiyat qo‘yilmaydi. Masalan, Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan Chevening dasturi talabiga ko‘ra, siz o‘qishni bitirgach o‘z vataningizga qaytishingiz va ikki yil chet elga chiqmasdan ishlab berishingiz kerak bo‘ladi. Erasmus Mundus granti sohiblari esa bu borada erkin, hech qanday majburiyati yo‘q.

Ammo o‘qish shunga yarasha qiyin. Keling, bir misol keltiraman.

O‘zbekistonda plagiatga (boshqalarning yozgan ishini ko‘chirib, o‘z ishidek taqdim qilish) unchalik e’tibor berilmaydi, Yevropada esa plagiat o‘g‘rilikka tenglashtiriladi. Bir semestrda 3-5 ta fan o‘qiymiz, biroq har bir fandan kamida bittadan 2000-5000 so‘zli maqola yozamiz.

To‘g‘ri, O‘zbekistondan kelgan talaba boshida qiynalishi mumkin, chunki bizda yuqorida aytganimdek, ko‘p talabalar referatlarni boshqalarning ishidan ko‘chirib, topshirishga o‘rgangan. Lekin asta-sekin bu muhitga moslashadi, iloji ham yo‘q. Aks holda, universitet bilan xayrlashishga to‘g‘ri keladi.

Grant yutish uchun nima qilish kerak?

Grant yutish uchun Eynshteyn bo‘lish shart emas. Universitetda olgan baholaringiz a’lo va diplomingiz topshirayotgan dasturga mos bo‘lishi kerak. IELTS sertifikati (kamida 6,5), ikki betli rezyume yo CV, 600 ta so‘zdan iborat insho va ikkita tavsiyanoma talab qilinadi.

Erasmus dasturiga yiliga 60 kishi qabul qilinadi. Undan 20 nafari to‘liq grant asosida tahsil oladi. Yana bir muhim fakt, 20 ta grantning 15 tasi sherik davlatlar uchun (Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan davlatlar, masalan, Markaziy Osiyo, Afrika, Amerika va boshqalar) qolgan beshtasi esa yevropaliklar uchun ajratiladi.

Erasmus’ga oid qo‘shimcha talablar va boshqa magistratura dasturlari bilan bu yerda tanishish mumkin.

Foto: Otabek Akramovning shaxsiy arxividan

Yurtdoshlarimiz chetda qolib, begonalar menga yordam bergan

Deyarli hamma universitetlar magistratura bo‘yicha bir xil talab qo‘yadi.

Masalan, bakalavr diplomi (agar nufuzli universitetga topshirmoqchi bo‘lsangiz, baholaringiz a’lo bo‘lishi shart!), til sertifikati (IELTS 6,5-7,5 ball), CV (ma’lumotnoma), motivatsion xat (insho) va tavsiyanoma.

Bilasizmi, siz topshirayotgan grant haqida yetarlicha ma’lumot to‘plab, to‘g‘ri strategiya qo‘llasangiz, marra sizniki. Faqat o‘sha to‘g‘ri yo‘lni topib olish kerak. Ochig‘i, men bu borada juda qiynalganman.

Boshida men topshirmoqchi bo‘lgan universitetda o‘qiyotgan yoki bitirgan yurtdoshlarimizdan maslahat olmoqchi bo‘lganman. Ammo hech biri savollarimga javob bermagan. Aniqrog‘i, tajribalari bilan o‘rtoqlashishni istamagan.

Biroq chet elliklarga murojaat qilganimda ular nafaqat maslahatlar bergan, balki grant yutgan motivatsion xatlarigacha yuborgan.

O‘sha paytlari yordamni vatandoshlarimiz turib, begonalardan olganim juda alam qilgan. Shundan keyin men kabi xorijda o‘qishni istagan talabalarga yordam berish maqsadida Grant Detective Telegram-kanalini ochganman.

Hozirda kanalda bir nechta nufuzli oliygohlarda o‘qiyotgan talabalar bilan suhbatlar qilyapman. Insho yozishdan tortib to grant yutishgacha bo‘lgan jarayonlarni yoritib boryapman.

Foto: Otabek Akramovning shaxsiy arxividan

Mablag‘i borlarga viza olish muammo emas

Buyuk Britaniyaga viza olish qiyin deyishadi. Grant yutganlarga yoki hisobida yetarlicha mablag‘ bo‘lganlarga oson. Hamma narsa pulga borib taqaladi. Buyuk Britaniyaga vizaga topshirayotganingizda sizning hisobingizda kishi boshiga, adashmasam, 10 000 funtga (taxminan 14 ming dollar atrofida) yaqin pulingiz bo‘lishi kerak.

Grant yutganligim tufayli menga dastur tomonidan xat qilib berilgan. Unda stipendiya miqdori (oyiga 1250 funt va yiliga 15 000 funt) va kontrakt puli to‘langanligi to‘g‘risida ma’lumot bor edi. Umuman olganda, vizaga topshirish qiyin emas. Siz faqat viza topshirish veb-saytida berilgan savollarga to‘g‘ri javob bersangiz bo‘ldi, olam guliston.

Shuni aytib o‘tishim lozimki, Erasmus Mundus dasturiga topshirayotganlar ikki yil ichida kamida ikki bor vizaga topshirishga tayyor bo‘lishlari kerak. Chunki, bilasiz, bu qo‘shma magistr dasturida siz kamida ikkita Yevropa shahrida o‘qishingiz kerak bo‘ladi.

Uch universitetda o‘qish mashaqqatlari haqida

Ko‘pchilikka uchta davlatda o‘qish zo‘r tuyulishi mumkin, lekin shunga yarasha qiyinchiliklari ham yo‘q emas. Masalan, bir davlatga kelib uy topib, narx-navolarni o‘rganib, muhitga moslashdim deguningizcha ikkinchi semestr ham kelib qoladi va boshqa davlatga ko‘chishingiz kerak bo‘ladi. Bu qaysidir ma’noda qiziqarli sayohat, ammo o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bor.

Masalan, uy topish. Birinchi semestr uy masalasida mening omadim chopgan. Facebook’da “Glazgoda uylar” degan guruhda e’lon berganimda uy egasi meni o‘zi topib, yaxshi taklif bergan. Oyiga 300 funtdan kelishganmiz — bu Glazgo uchun juda arzon narx. Chunki mening kursdoshlarim shoshilib, 500-600 funtdan uy topib, shartnoma imzolagan. Shartnomani bekor qilish esa yana qo‘shimcha xarajat.

Irlandiyada bir qiziq voqea bo‘lgan. U yerda uylar juda qimmat. Bir xonaning ijara haqi o‘rtacha 600-900 yevro. Agar siz 600 yevroga joy topsangiz, do‘ppingizni osmonga otsangiz bo‘ladi. Ijara qimmat bo‘lgani uchun ham Irlandiyada bir xonani bir nechta odam ijaraga olishi mumkin. Shunda siz bir xonada 2-3 kishi bilan 300-400 yevroga yashaysiz. Men ham shunday qildim. Lekin Dublinga kelib, o‘sha xonadagi muhitni ko‘rgach, ochig‘i, afsuslandim.

Bilasiz, o‘zbeklar ozodalikka qattiq e’tibor beradi. U xonadagi ahvol esa qo‘rqinchli kinolardan ham battar edi: hammayoq “bardak”, ichkilik, yoqimsiz hid.

Men bunday sharoitda yasholmayman, deb tezda boshqa uy qidirishga tushdim. Omadimni qarangki, 20 daqiqa o‘tar-o‘tmas, e’lon bo‘yicha bir onaxonga qo‘ng‘iroq qildim. Uning uyi men turgan joyga yaqin ekan. Borib sharoitni ko‘rdim va narxini kelishdik — oyiga 450 yevroga (bu Dublin uchun juda zo‘r narx), men o‘sha uyda yashay boshladim.

Kutubxonada hatto uxlash uchun joylar bor

Glazgo universitetiga kirishingiz bilan kayfiyatingiz ko‘tarilishi aniq. Boisi universitetda hayot qaynaydi. Ayniqsa, oliygoh kutubxonasi 11 qavatdan iborat. 1, 2-qavatlarida talabalar yig‘ilib, gaplashib o‘tirishlari uchun alohida joy qilingan. Tamaddi qilishga joylar ajratilgan. Hatto mizg‘ib olish uchun maxsus divanlar bor.

Foto: Otabek Akramovning shaxsiy arxividan

Biz o‘zbeklarda qo‘shnichilik degan tushunchalar bor. Shotlandiyada va butun Britaniyada bir-birini bezovta qilmaslikka harakat qilishadi. Bir kuni qo‘shnimizning eshigini taqillatsak, u ochib: “Sizlarga nima kerak?” deb javob qaytargan. Qisqa qilib aytganda, shotlandlar biroz jizzaki.

Britaniyada talabalarning yashashi qanchaga tushadi?

Britaniyada qora ishda ishlayotganlar soatiga o‘rtacha 8-10 funt (taxminan 11-14 dollar) topadi. Oyiga hisoblab chiqsangiz 2500-3000 funt (3450-4200 dollar atrofida).

Ijaraga olgan ikki xonalik uyingiz 500-600 funt (700-850 dollar atrofida), qolgani bemalol yeb-ichish, yaxshi kiyinishga yetadi. Mening oylik stipendiyam 900-1000 funt (1256-1400 dollar) atrofida. Ijara haqi 300 funt (418 dollar).

Agar o‘zingiz uyda ovqat pishirib, ko‘chadan sotib olmasangiz, yeb-ichishga 200-300 funt (279-418 dollar) yetadi. Umuman olganda, o‘rtacha yashash menga bir oyda 500-600 funtga (700-840 dollar) tushadi

Mamlakatda o‘qituvchilarga yaxshi maosh to‘lashadi

Buyuk Britaniyaning universitetlari dunyoda har doim yuqori darajada bo‘lishining asosiy sabablaridan biri — bu ta’lim tizimidagi raqobat. Davlat umumiy standartlarni belgilaydi, bo‘ldi. Qolgan ishlarda universitetlarga erkinlik beradi. Har bir ta’lim muassasasi talab va taklifdan kelib chiqqan holda bakalavr, magistr yo doktorantura kvotalarini o‘zi hal qiladi.

O‘zbekistondan farqli o‘laroq, professorlar qog‘ozbozlik bilan emas, ilm va dars berish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Bizda o‘qituvchilarning vaqtini shu byurokratiya bilan olib qo‘yishadi. Eng muhimi, bu yerda ustozlarga yaxshi maosh to‘lashadi. O‘rtacha professorlar yiliga 40-50 ming funt maosh oladi. Yana bir qiziq tomoni, siz darsda ular bilan bemalol bahslashsangiz bo‘ladi.

Foto: Otabek Akramovning shaxsiy arxividan

Talabalarning ishlashiga ruxsat bor, ammo...

Deyarli barcha Yevropa davlatlari talabalarga haftasiga 20 soat ishlash huquqini beradi. Talabalar ko‘proq “dostavka”da, restoran va mehmonxonalarda ishlaydi.

O‘qib ishlashga imkon bor-ku, ammo men ishlashni tavsiya qilmagan bo‘lar edim. To‘g‘ri, hamma ham grant yutavermaydi. Har kimning o‘ziga yarasha sharoiti bor, lekin o‘qishni bitirib, yaxshi joyga ishga kirmoqchi bo‘lsangiz, siz ko‘proq vaqtingizni mustaqil ta’limga bag‘ishlashingiz kerak.

Talabalar uchun tavsiyalar

Buyuk Britaniyada o‘qimoqchi bo‘lgan vatandoshlarimizga Chevening va Erasmus Mundus grantlariga topshirishni maslahat beraman. Ushbu dasturlar barcha xarajatlarni to‘liq qoplab beradi. Yana bir fakt, grant yutish ehtimolini oshirish uchun talablarni (yuqorida sanab o‘tganman) bajarishdan tashqari, turli milliy va xalqaro konferensiyalarda ishtirok etish, maqolalar chop etish lozim.

O‘zim ham Rossiya, Belarus, Yaponiya, AQSh, Buyuk Britaniya va Irlandiyada bo‘lib o‘tgan konferensiyalarda qatnashganman. Qolaversa, talabaning yo‘nalishiga oid tashkilotlarda amaliyot o‘tashi ham muhim hisoblanadi.

Imtiyozlarga keladigan bo‘lsak, birinchidan, ta’lim sifati. O‘qishni bitirgach siz o‘z sohangizning yetuk mutaxassisi bo‘lib chiqasiz. Ikkinchidan, ishga hujjat topshirayotganda faqat O‘zbekistonda o‘qishni bitirgan nomzodlardan diplomingiz kuchliroq turadi. Uchinchidan, agar siz o‘qishni bitirib, Buyuk Britaniyada qolib ishlamoqchi bo‘lsangiz, siz ikki yillik ish qidirish vizasiga topshirsangiz bo‘ladi. Bu vizani Buyuk Britaniyada bakalavr yoki magistr darajalarini olganlarga berishadi. Doktoranturada o‘qiganlarga esa ish qidirish uchun uch yillik viza taqdim qilinadi.

Foto: Otabek Akramovning shaxsiy arxividan

Niyatim — doktoranturani Oksfordda o‘qish

Pandemiya sababli ayni paytda O‘zbekistondaman. To‘rtinchi semestrni onlayn o‘qishga ruxsat berishgan. Hozir diplom ishimni yozyapman.

O‘qishni bitirib, O‘zbekistondagi o‘z yo‘nalishimga oid biror davlat tashkilotida ishlab, malakamni oshirmoqchiman.

Tajriba orttirgach ilmiy ish qilish niyatim bor. Siyosatshunoslik va xalqaro munosabatlar yo‘nalishi bo‘yicha Oksford yoki London Iqtisodiyot maktabiga doktoranturaga topshirmoqchiman. Keyinchalik shu yerda dars berishni maqsad qilganman.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.