“Daryo” “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasi doirasida xorijda o‘qiyotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimiz hayotini yoritishda davom etadi. Loyihaning bu galgi qahramoni — to‘rt yildan beri Hindistonda yashayotgan O‘tkir Alimov.

O‘tkir Alimov Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida tug‘ilgan. Hozir 31 yoshda. Hindistondagi Xalqaro Osmania universitetida tahsil olgan. Rus, ingliz, turk va hind tillarida so‘zlasha oladi. Ayni paytda Nyu-Dehlidagi Twisting scoops kompaniyasida brench menejer vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Foto: O‘tkir Alimovning shaxsiy arxividan

Nohaqliklar sabab O‘zbekistondan ketganman

Ochig‘ini aytsam, bolaligimdan chet mamlakatlariga sayohat qilishni orzu qilganman. Biroq xorijga o‘qishga ketishimga bu xohishlarimdan tashqari, ta’lim tizimidagi adolatsizliklar, nohaqliklar sabab bo‘lgan.

Uch yil ketma-ket O‘zDJTUning jurnalistika yo‘nalishiga o‘qishga topshirganman. Odatda fakultetda testdan oldin ijodiy imtihon o‘tkazilib, abituriyentlarning yozgan maqolalari, tayyorlagan radioeshittirish yoki ko‘rsatuvlari hakamlar tomonidan baholanardi. Olgan balimiz esa universitetga kirishda muhim rol o‘ynardi.

Meni eng xafa qilgani, har safar ijodiy imtihonga qancha ko‘p materiallarimni (maqolalar, ko‘rsatuvlar) olib borsam ham, baribir past baho qo‘yib berishardi. Biroq gazetada ikkita (uni ham birov yozib bergan) maqolasi chiqqan ayrim “tanka”si borlarning ballari ancha yuqori bo‘lardi.

Foto: O‘tkir Alimovning shaxsiy arxividan

Xullas, ketma-ket omadsizliklardan so‘ng xorijda ketishga qaror qilganman. O‘sha paytlari na ingliz, na rus tilini bilardim. Dastlab mazkur tillarni o‘rganish maqsadida 2013-yili Ukrainadagi Mariupol davlat universitetining “Xorijiy tillarga tayyorlov” yo‘nalishiga hujjatlarimni topshirganman.

Bu yo‘nalish bir yillik o‘quv kursi bo‘lib, xorijiy tillar o‘rgatilib, o‘quv yili so‘ngida tinglovchilarga til sertifikati berilardi.

Bir yil davomida rus va ingliz tillarini yaxshilab o‘rganganman. Kursni tamomlab, 2017-yili Hindistonning Xalqaro Osmania universitetiga hujjatlarimni topshirganman. “Xalqaro iqtisodiy munosabatlar” fakultetiga kontrakt asosida qabul qilinganman.

Foto: O‘tkir Alimovning shaxsiy arxividan

Men tahsil olgan Osmania universiteti 1918-yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunda oliygohda 23 mingdan ortiq talaba tahsil oladi. Ayni paytda dunyo universitetlarining TOP 1000 talik reytingiga kiradi.

Oliygohda aniq va sotsial fanlar, mexanika, muhandislik, energetika, tibbiyot, yurisprudensiya, xalqaro munosabatlar, biznes boshqaruvi kabi mutaxassisliklar bo‘yicha mahalliy va xorijlik talabalar tahsil oladi.

Hindistonga ko‘nikishim oson kechmagan

Ilk marta Hindistonga kelganimda aeroportning o‘zidayoq burnimga gup etib g‘alati hid urilgan.

Ko‘chalarda tozalik yo‘q. Hatto mamlakat poytaxti Dehlidan tortib Gujoratgacha deyarli ozodalikka e’tibor berilmaydi.

Bir marta Uttar-Pradesh shtatiga borib, it, sigir, maymun va hatto cho‘chqalarni odamlar yashaydigan mahallada ko‘rib, yoqamni ushlaganman. Hayvonlar umuman aholidan qo‘rqishmas, ba’zan ular berib turadigan ozuqalarni yeb kun kechirishar ekan. O‘sha mahallada ham ozodalikning “o” harfi ham yo‘q edi. Hatto bu yerda shunaqa antiqa hidlarga duch kelasizki, burningizni yopsangiz ham, xuddi ichingizga kirib olganday tuyuladi.

Biroq, shu bilan birga, Dehli, Goa, Mumbay, Kalkutta, Orissa, Chennay, Kerala, Amritsar, Puna, Maduray, Bareyli, Kanpur kabi shaharlarda diqqatga sazovor, hayratlantiradigan joylar ko‘p.

Foto: O‘tkir Alimovning shaxsiy arxividan

Hindlar tabiatan vazmin, biroq juda dangasa xalq

Mamlakat aholisi haqida gapiradigan bo‘lsam, hindlar juda bosiq va uncha-munchaga asabiylashib ketavermaydigan xalq. Katta yo‘l-trassalarda qancha signal chalinsa ham, jahl qilib o‘tirishmaydi. Indamay yo‘lida davom etaverishadi.

Ko‘chada qaysidir hinddan nimanidir so‘ramoqchi bo‘lsangiz, qo‘rqqanday ikkilanib javob beradi. Ayniqsa, xorijlik ekanligingizni bilib qolsa.

Foto: O‘tkir Alimovning shaxsiy arxividan

Hamma yerda bo‘lgani kabi Hindistonda ham o‘g‘ri, bosqinchilar uchrab turadi.

Ayniqsa, Mumbay, Puna, Chennay tomonlarda bunday insonlarga ko‘p guvoh bo‘lasiz. Ba’zan hatto politsiya nozirlari ham ularga beparvodek tuyuladi. Shu sababli kechki soat 12:00 dan keyin ko‘chalarda yurish biroz xavfliroq.

Aksariyat tashkilotlarda ish vaqti asosan kunduzgi soat 11:00 da boshlanadi va 17:00 larda tugaydi. Ochig‘i, ishni juda sekin bajarishlari unchalik yoqmaydi. Ba’zan hindlar namuncha dangasa xalq bo‘lishmasa, deb o‘ylab qolaman.

Hindlar o‘z mamlakatlarini juda yaxshi ko‘radi. Lekin kezi kelganda hukumatga qarshi norozilik namoyishlarini ham uyushtirib turishadi.

Vokzallar, avtobus bekatlarida uyi yo‘q bechoralarni ko‘p uchratasiz. Ularning orasida qariyalar, ayollar va hatto yosh bolalar ham bor.

Maktab ta’limi asosan pullik bo‘lib, ko‘p kambag‘al oila farzandlari ilojsizlikdan o‘qiyolmaydi.

Foto: O‘tkir Alimovning shaxsiy arxividan

Hindiston — xorijlik talabalar o‘qishi uchun arzon mamlakat

Chunki bu yerda talaba sifatida ham o‘qib, ham ishlash ancha qulay. Masalan, talabalar turar joyi oyiga o‘rtacha 30 dollar atrofida. Kontrakt narxlari esa universitetiga va yo‘nalishiga qarab, yiliga 400 dollardan boshlab 4000 dollargacha baholanadi. Mening bir yillik kontraktim 1200 dollar atrofida edi.

Mahalliy transport (riksha, taksi)ga oyiga o‘rtacha 15-20 dollar, oziq-ovqat va qo‘shimcha xarajatlar uchun 50 dollar sarflash mumkin.

Talabalar mahalliy qonun-qoidalar bo‘yicha haftasiga 20 soat ishlashi mumkin.

Agar xorijiy tillarni bilsa, kasalxonalarda tarjimon sifatida, mehmonxona va restoranlarda ishlash mumkin. Talabalik paytimda men ham yirik supermarketlarda, shifoxonalarda gidlik qilib pul topganman.

Ayni paytda universitetni tamomlab, Twisting scoops kompaniyasida brench menejer bo‘lib ishlayapman. Oylik daromadim 50,000 rupiy, ya’ni 700 dollar atrofida.

Foto: O‘tkir Alimovning shaxsiy arxividan

Hindistonda o‘qimoqchi bo‘lsangiz agar...

Hindiston davlatiga o‘qishga kelmoqchi bo‘lgan yoshlarga maslahatim, avvalo, ingliz tilini chuqur o‘rganing. Sababi bu yerdagi nufuzli universitetlarda darslar asosan ingliz tilida o‘tiladi.

Bundan tashqari, jamoat joylarida, transportlarda yurganda ko‘pchilik hindlar ingliz tilini biladi. Hind tilini kelgandan so‘ng qo‘shimcha tarzda o‘rganib olsa ham bo‘ladi.

Universitetlar IELTS’dan bakalavr uchun 5,5, magistraturaga esa 6 yoki 6,5 balli guvohnoma so‘raydi.

Bu yerga asosan tibbiyot, axborot texnologiyalari, muhandislik sohalari bo‘yicha o‘qishga kelgan talaba kuchli mutaxassis bo‘lishi tabiiy. Boisi mamlakatning mazkur sohalarga e’tibori juda yuqori.

Eng muhim maslahatim, ICCR dasturi orqali Hindistonga grant yutish mumkin. Bu haqda Toshkentdagi Lal Bahadur Shastri nomidagi madaniyat markazidan batafsil ma’lumot olish mumkin.

Foto: O‘tkir Alimovning shaxsiy arxividan

Bollivudda rol o‘ynadim

Bolaligimdan adabiyotga mehrim baland. She’rlar, hikoyalar yozib turaman. Bu yo‘nalishda bir qator natijalarga ham erishganman. Xususan, Ukraina, Rossiya, Turkiya, Hindiston, Nepalda o‘tkazilgan bir qator konferensiya, festivallarda qatnashib, salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritganman.

Nokamtarlikka yo‘ymang-u, lekin meni hatto Bollivud filmlaridagi epizodik rollarga taklif qilishgan.

Jumladan, Amitabx Bachchan ishtirokidagi Syee Ra tarixiy filmida britaniyalik askar, Shradha Kapur bilan Saaho jangari filmida politsiya zobiti rollarini ijro etganman.

KGF. Chapter 2 filmida esa Sanjay Datt bilan kema ekipaji a’zosi rolini o‘ynash nasib qilgan. Eng qizig‘i, Mumbayga borganimda aktyor Sunil Shettidan intervyu olganman.

Foto: O‘tkir Alimovning shaxsiy arxividan

O‘zbekistonga qaytib, oila qurmoqchiman

Oilada to‘rt farzandmiz. Ikki singlim va bir ukam bor. Otam energetika sohasida ko‘p yillar faoliyat yuritib, hozir nafaqaga chiqqanlar. Onam esa davlat tashkilotida ishlaydi.

Singillarim yaxshi joylarga kelin bo‘lishgan. Hozir farzandlar tarbiyasi bilan band. Ukam esa menga yaqin sohani tanlab, ayni paytda Milliy universitetda tahsil olmoqda.

Hali oila qurmaganman. Inshaalloh, bu yil O‘zbekistonga qaytib, uylanish niyatidaman.

Foto: O‘tkir Alimovning shaxsiy arxividan

Orzularim O‘zbekiston bilan bog‘liq

Nasib qilsa, bu yil yozda O‘zbekistonga qaytib, butun faoliyatimni vatanimda davom ettirmoqchiman. O‘zbekistonda soham bo‘yicha ko‘pgina yutuqlarga erishaman deb o‘ylayman. Boisi bu yerda menejerlarga talab juda katta. Mehmonxona biznesi deysizmi, oziq-ovqat sanoati, ishlab chiqarish, hatto davlat boshqaruvida ham ishlash mumkin.

Xudo xohlasa, Toshkentga boriboq Tashqi ishlar vazirligiga ishga kirish uchun hujjatlarimni topshirmoqchiman. O‘ylaymanki, vatanga qaytishim nafaqat o‘zim, balki O‘zbekiston uchun ham foydali bo‘ladi.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.