Iordaniya haqida aksariyat o‘zbekistonlik tasavvurga ega emas. U qayerda joylashgani, aholisining turmush tarzi, hayoti, daromadlari haqida ham deyarli bilmaymiz. Masalan, o‘zbekistonliklarni Rossiya, Yevropa, Koreya, Turkiyaga ishlashga yoki o‘qishga ketganini ko‘p eshitamiz. O‘zimizning ham chet elda tahsil olayotgan, ishlayotgan tanishlarimiz talaygina. Lekin Iordaniyaga ishlashga yoki o‘qishga ketgan o‘zbekistonliklar haqida eshitmaganmiz.

Toshkentda tug‘ilib o‘sib, ayni paytda Iordaniya poytaxti Amman shahrida tahsil olayotgan Fadriyya Farhod “Daryo”ga mamlakatdagi hayot, arablarning turmush tarzi, ta’lim tizimi haqida hikoya qilib berdi.

Asl ismi Javharoy Ergasheva. 2001-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ingliz, rus, turk va arab tillarini biladi. Fadriyya Academy onlayn akademiyasi asoschisi. Hozirda Iordaniya poytaxti Amman shahrida joylashgan World Islamic Science and Education universitetida oflayn, Moskva psixoanaliz institutida onlayn tarzda tahsil oladi.

Foto: “Unsplash.com”

Iordaniya — o‘qish uchun eng afzal davlat

Bolaligimdan doimo xorijda o‘qish niyatim bo‘lgan. Biroq oilada eng kichik farzand bo‘lganim uchun bu  menga ushalmaydigan orzudek tuyulardi. Shuning uchun Iordaniyaga o‘qishga borishim ketishimdan ikki hafta oldin aniq bo‘lgan. Ungacha deyarli barcha davlat haqida ma’lumot to‘plab, ijtimoiy tarmoqlar orqali chetda tahsil olayotgan talabalar bilan suhbatlashib chiqqanman. Men uchun tahsil oladigan davlatimda arab tilida muloqot bo‘lishi eng muhim jihatlardan biri edi. Shu sababli boshidayoq Malayziya, Turkiyaga emas, arab davlatlariga ko‘proq qiziqqanman.

Bir kuni internetdan ma’lumot izlab o‘tirganimda, hozir tahsil olayotgan universitetim chiqib qolgan. Ochig‘ini aytsam, o‘sha paytdagina Iordaniya musulmon va arab mamlakatligini bilganman. Bu yerning havosi, xavfsizligi va shart-sharoiti bilan tanishib, ketishim uchun eng afzal davlat deb topganman.

Foto: “Daryo”

Kelib, arab davlati haqida tassavvurlarim o‘zgardi

Ammanga uchib kelishdan oldin, albatta, qo‘rquv hissi bo‘lgan. Sababi bu yerda hech kimni tanimasdim, internetdan topgan ma’lumotlarimdan boshqa narsa bilmasdim. Biroq Allohga tavakkal qilib, onam bilan uchib kelganmiz. Qirg‘izistonlik oila bizni iliq kutib olgan va kerakli ma’lumotlarni bergan. Ingliz tilini yaxshi bilganim uchun maxsus dastur orqali uy topish qiyin bo‘lmagan. Kelganimizdan ikki kun o‘tib, topgan yangi uyimga onam bilan ko‘chib o‘tganmiz.

Iordaniyani arab davlati bo‘lgani uchunmi, bilmadim, tabiati issiq deb tasavvur qilganman, ammo Amman bizni sovuq havosi bilan kutib olgan. Yana xuddi London kabi juda ko‘p yomg‘ir yog‘ishi ham ajablantirgan. Arab mamlakatiga ketayotganimda go‘yoki u yerda Starbucks, McDonalds’ga o‘xshagan joylar bo‘lmaydigandek tuyulardi. Bir qancha vaqt mamlakatda yashab, fikrlarim anchagina o‘zgargan.

Foto: “Unsplash.com”

Iordaniya odamlari men kutgandan ancha insofli, ochiqko‘ngil ekan. Boshida arab tilida uncha gapirolmasligim hisobiga chetdan yaqinda kelganim tez bilinib qolardi. Biroq arablar o‘zgacha hurmat bilan bizga munosabatda bo‘lgan. Ayniqsa, ilm olishga kelganimni bilib qolishsa, xursand bo‘lib, uzundan uzun duo qilardi. Hatto hujjat to‘g‘rilaydigan joylarda ham ayollarga o‘zgacha hurmat borligi, qadrlanishi quvontirgan. Balki, Iordaniyani boshidanoq yaxshi ko‘rib qolishimga sabab shu bo‘lgandir, bilmayman.

Kelganimda bitta ham o‘zbek topolmagan bo‘lsam-da, rus, turk, qozoq, qirg‘iz tanishlar orttirganman. Qisqa qilib aytganda, yangi davlatga ko‘nikish qiyin kechmagan. Boshidanoq xuddi tug‘ilib o‘sgan joyimdek yashab ketganman.

Foto: “Unsplash.com”

Arablarning urf-odatlari

Arablarning urf-odatlari, ovqatlanishi, yashash tarzi biznikidan anchagina farqli. Masalan, biz o‘zbeklar taomlarimizga ularchalik ko‘p ziravorlar solmaymiz, juda ko‘p qahva, sut ichmaymiz, o‘ta katta bozor ham qilmaymiz. Bu yerning deyarli barcha do‘konlarida tayyor qaynoq qahva sotiladi, ziravorlarning alohida qator-qator do‘konlari ham ko‘p. Odamlar do‘kondagi bitta emas, ikkita aravani to‘ldirib bozorlik qilishga odatlangan. Nonlari ingichka bo‘lgani uchunmi, bitta olganda kamida 15-20 ta non olishadi.

Foto: “Unsplash.com”

Kontrakt va o‘qish

O‘qish haqida gapiradigan bo‘lsam, kontrakt har bir oliygohning yo‘nalishiga qarab belgilangan. Masalan, mening universitetimda bitta semestr 600 dollar. Bizning fakultet “Fiqh-ul hanafiy” eng narxi arzon fakultet hisoblanadi. Sababi boshqaruvchilarning asosiy maqsadlari pul emas. Bundan tashqari, qo‘shimcha bepul darslarni hurmatli ustozlar o‘tadi, agar ularda bir semestr davomida qatnashilsa, keyingi semestrda 150 dollar chegirma qilib berishadi.

Hech kim o‘qishga majburlanmaydi

Universitetimni yaxshi ko‘raman. Sababi ta’lim tizimi, ustozlari, tartibi, nomi, joylashishi, sharoiti, narxi, talabalarga e’tibori yoqadi. Masalan, har semestr boshida sharoitimiz, ishtiyoqimiz, ibodatlarimiz va shunga o‘xshash masalalarda savollar berishadi. Mana bu fanni, mana bu kuni, shu soatda o‘qiysan deb majburlashmaydi. Doim tanlov huquqini berishadi, qo‘llaridan kelgancha yengillik yaratishga, doktorlarni malakalarini oshirishga harakat qilishadi.

Doktorlarning hammasida dars o‘tadigan fanidan yetarlicha ilmi bo‘ladi. Talaba arab emasligini bilishsa, albatta, yordam berishadi.

Ammanda o‘zi tepa-pastliklar ko‘p, universitetim tepalikda joylashgani uchun borgan odam tog‘ga chiqqandek toza havodan nafas olib keladi.

Foto: Google Image

Universitetlarda to‘rt yillik o‘qish tizimi yo‘q

Iordaniyadagi o‘qishning bizdan eng katta farqi ta’lim tizimida. Mamlakatda to‘rt yillik o‘qish tizimi ham yo‘q. Oliygohlarda majburiy soat va kunlar belgilanmaydi. Qaysi kun, qaysi soat va qay bir o‘qituvchida o‘qishini talabalarning o‘zi tanlaydi. Ya’ni muayyan miqdorda fanlar ro‘yxati beriladi. Misol uchun, ro‘yxatda 50 ta fan; bitta semestrda eng ko‘pi bilan yettita, eng ozi bilan to‘rtta fan olish mumkin.

Yana qo‘shimchasiga yozgi semestrda bepul o‘qib, uchta fan olish imkoniyati bor. Shunga qarab talabalar toki hamma fanlardan imtihon topshirmaguncha o‘qiyveradi. Imtihonlar faqat semestr oxirida emas, har oy o‘tkaziladi.

Talabalarga maslahat

Iordaniyaga ilm olish uchun kelmoqchi bo‘lgan abituriyentda, albatta, maktabni bitirgani haqida shahodatnoma bo‘lishi shart. Usiz davlat universitetga kirish uchun kerakli hujjatlarni taqdim qilolmaydi. Shahodatnoma O‘zbekistonda arab yoki ingliz tiliga tarjima qilib olingani afzal. Yoki bu yerda tarjima qilish muammo bo‘lmaydi. Ammanda O‘zbekiston konsulligi bor. Ular o‘ziga bog‘liq barcha masalalarda yordam beradi.

Foto: Google Image

Bundan tashqari, Iordaniyaga diniy ta’lim olish uchun kelmoqchi bo‘lgan talabalar bo‘lsa, universitet rahbariyati bilan chegirma borasida gaplashib ko‘rishi mumkin. Chunki aynan shu sohada imkoni boricha yengillik yaratishga harakat qilishadi. Qur’on hofizi bo‘lganlar uchun o‘qish bepul. Yana ko‘p eshitganman, a’lo baholarga o‘qiydigan talabalar bo‘lsa, ularni bepul o‘qitishadi va hatto uy-joy bilan ta’minlashadi. Shuningdek, universitetlarning o‘zi bu yerda yashash uchun zarur bo‘lgan hujjat — iqomani bepul olib beradi.

Talabalarga ish yo‘q

Ammanda talabalarga ish topish mushkul, chunki ishga olish shartlari eng kamida arab va ingliz tilini yaxshi bilishdan boshlanadi. Ham ishlab, ham o‘qishga vaqt topish qiyin. Vaqt topgan taqdiringizda ham ish topa olishingizda shubham bor. Men xotin-qizlar uchun o‘z akademiyamni tuzganman; o‘sha yerdagi darslarim orqali muayyan daromadga egaman. Lekin men topadigan mablag‘ akademiyam rivoji uchun ishlatiladi. Oilam moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turgani uchun pul topishga jiddiy ehtiyojim yo‘q.

Nega Iordaniyada o‘zbeklar kam?

Bu yerda o‘zbeklarni uchratish ehtimoli juda kam. O‘qishga kelib, uchtagina o‘zbek talabasini ko‘rdim xolos. Uchalasi ham universitetimda tahsil oladi. Ular bilan doimo ko‘rishib, gaplashib turamiz. Ammo boshqa o‘zbekistonliklarni ko‘rmaganman. Bo‘lsa ham tanimayman.

Foto: “Daryo”

Iordaniya haqida yurtdoshlarimiz bilishganda edi

Ko‘p o‘zbeklar Iordaniya haqida bilmaydi, shuning uchun ham kelmaydi. Ko‘pincha arab mamlakati deyilsa, Misr yo Saudiya tasavvur qilinadi. Hatto o‘zim ham boshida bu yerda men xohlagan shart-sharoit va universitet borligini bilmasdim. Yurtdoshlarimiz Iordaniya haqida ko‘proq bilganida, jon deb kelardi deb o‘ylayman. Sababi Turkiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va ko‘p Yevropa davlatlaridan ilm olish uchun talabalar hatto oilalari bilan keladi.

O‘z xalqi uchun oylik baland

Ammanda bir oy yashash uchun 500 dollardan 2000 dollargacha pul ketadi. Lekin o‘z xalqi uchun oylik ham shunga yarasha. Masalan, minimal maosh 400-500 dollar atrofida. Men o‘qishga kelib, yaxshi oylikka ishlayotgan biror chet ellikni uchratmadim.

Foto: “Daryo”

Yana to‘rtta til o‘rganishni istayman

Bu yerdagi o‘qishni tamomlamay turib yana bir Yevropa universitetiga onlayn tarzda kirish niyatidaman. Bakalavrni bitirganimdan so‘ng, magistratura va doktorantura bosqichlarida ham boshqa davlatlarda tahsil olishni reja qilganman.

Shuningdek, hozir o‘z faoliyatini yaqinda boshlagan akademiyam va saytimni o‘zim bilan birgalikda rivojlantirishdan to‘xtamayman. Qo‘shimcha yana to‘rt til o‘rganishni niyat qilganman. Eng muhimi, ilm olib, kitoblar yozib, Alloh qodir qilganicha yurtdoshlarimizning, ayniqsa, ayollarimizning rivojlanishi uchun o‘z hissamni qo‘shishni istayman.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi