“Daryo” “Xorijdagi o‘zbekistonliklar” loyihasi doirasida xorijda o‘qiyotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimiz hayotini yoritishda davom etadi. Loyihaning bu galgi qahramoni — ikki yildan buyon Fransiyaning Parij shahrida yashayotgan Humoyun Madaminov.

Humoyun Madaminov Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida tug‘ilgan. Hozir 22 yoshda. Ikki yildan buyon Parijda istiqomat qilmoqda. Bu yil Panteon-Sorbonna universitetining siyosat yo‘nalishiga qabul qilingan. Sentabr oyidan o‘qishni boshlaydi.

Ayni paytda Parijdagi McDonald’s shoxobchasida ishlab kelmoqda.

Foto: Humoyun Madaminov arxividan

Fransiya sari yo‘l

Boshqa tengdoshlarim kabi xorijga ketishimning asosiy sababi universitetga kira olmaganim bo‘lgan.

“Diplomatiya”dan yiqilganimdan so‘ng, yana bir yil universitetning o‘zida tashkil etilgan tayyorlov kurslariga qatnamoqchi bo‘lganman. Biroq ma’lum bir sabablarga ko‘ra hamma rejalarim o‘zgarib ketgan. Xorijga ketish, u yerdagi kuchli universitetlarda o‘qish istagi paydo bo‘lgan.

Biroq o‘zim istagan oliygohlarning aksariyati Amerika yoki Angliyada joylashgan bo‘lib, o‘qish uchun anchagina mablag‘ talab qilinardi.

O‘sha paytlari ota-onamdan xorijga o‘qishga kirsam, ketishimga rozi bo‘lasizlarmi, deb so‘raganman. Ular boshida qarorimni ma’qullashgan.

Xullas, izlab-izlab, oxiri Parijda joylashgan Panteon-Sorbonna universitetini topdim. U obro‘si va diplomining kuchi jihatidan dunyoning eng kuchli oliygohlari safiga kirardi. Eng muhimi, o‘qish tekin edi (ammo hozir Fransiya davlat universitetlari pullik bo‘lgan. Bir yil uchun o‘rtacha 2800 yevro atrofida pul to‘lash kerak).

Bu oliygohga kirish uchun fransuz tilini mukammal bilishim kerak edi.

Shunday qilib, 2018-yil Toshkentga kelib, fransuz tilini o‘rgana boshladim. Biroq oradan olti oy o‘tib, o‘qishni to‘xtatishimga to‘g‘ri keldi. Sababi repetitorim juda qimmat edi. Intensiv o‘tilgani uchun soatiga 8-9 dollar atrofida pul to‘lardim. Keyin o‘qitish metodikasi yoqmadi. Xullas, o‘quv markazidan ketib, o‘zim mustaqil tayyorlanib yurdim.

Foto: Humoyun Madaminov arxividan

Bir kuni o‘quv markazidagi ustozim Parijda xususiy maktab borligi, unga kirish uchun ortiqcha talablar yo‘qligini aytib qoldi. Pulini to‘lasangiz, o‘qiyverarkansiz. Hattoki hech qanday til sertifikati ham talab qilinmas ekan. Shu joyi menga rosa manzur bo‘lib, maktabga hujjatlarimni topshirdim.

O‘qish narxi — 4900 yevro. Oldindan yarmini, keyinroq qolgan qismini to‘lash mumkin ekan.

Boshida ota-onam meni hazillashyapti deb o‘ylagan. Lekin qat’iyatimni ko‘rib, oxiri rozi bo‘lishdi. Pulni o‘tkazganimizdan keyin ular viza uchun kerakli hujjatlar yuborishdi. Men barchasini tayyorlab, elchixonaga topshirdim. Bir oy deganda vizam chiqdi. Shunday qilib, 1500 yevro bilan O‘zbekistondan chiqib ketdim.

Viza olishda hech qanday qiyinchilik bo‘lmagan

Boisi men Fransiyaga talaba sifatida ketayotgan edim.

Agar siz talaba yoki sayyoh bo‘lib Fransiya yoki umuman Yevropa Ittifoqiga kiruvchi mamlakatlarga kelmoqchi bo‘lsangiz, viza olish jarayonlarida qiyinchilik bo‘lmaydi. Albatta, elchixona tarafidan so‘raladigan hujjatlarni taqdim eta olishingiz darkor. Ya’ni, siz kirgan oliygohdan buni tasdiqlovchi hujjat va bankdagi hisob raqamingizda 9 ming yevro atrofida mablag‘ borligini elchixonaga taqdim qilishingiz lozim.

Yana bir ma’lumot: Viza olish xarajatlari uchun jami 150 dollar atrofida pul ketgan.

Bilasizmi, ketishimdan oldin Qo‘qonda fransuz sayyohlarni ko‘rib qolganman. Ular bilan tanishib, birga aylangandik. Men ham yaqinda Fransiyaga ketishimni aytganimda ular o‘zlari kutib olishlarini aytgan edi. Rostdan ham borganimda ular meni aeroportda kutib olib, mehmonxonaga joylashishimga yordam bergan.

Foto: “Unsplash.com”

Parijdagi sarguzashtlarim haqida

Fransiyada meni hayratlantirgan holatlar ko‘p bo‘lgan va yana bu jarayon hozir ham davom etmoqda. Agar sizga mening boshimdan o‘tgan ajib sarguzashtlarni hikoya qilib beraman desam, bunga ko‘p vaqt kerak bo‘ladi! Lekin imkon boricha ba’zilari haqida qisqacha aytib ketaman.

Bilasizmi, meni eng hayratlantirgani Parijdagi musulmon muhojirlar qarorgohi bo‘lgan. Suriya va har xil joylardan kelganlarning chodirlari alohida qilib qo‘yilgan edi. Mana shuncha musulmon davlatlari turib, Yevropa mamlakati ularga boshpana bergani meni qattiq ajablantirgan.

Qiziq voqealarga kelsak, sarguzashtlar bu yerga kelganimning uchinchi kunidan boshlangan. O‘shanda tobim qochib, haroratim ko‘tarilgan. Lekin mehmonxona narxi qimmatligi uchun shu holatda ham uy qidirishga majbur bo‘lganman.

Oxiri bir kvartiraga joylashganman. Uyning har bir xonasida 12 nafar odam turar edi. Biroq har nening bir yaxshiligi bo‘ladi, deganday ijarada turli qit’alardan kelgan ilk xorijlik do‘stlarimni orttirganman.

Foto: Humoyun Madaminov arxividan

Keyinroq Parij markazidan uy chiqib qolgan. Ijaraning narxi odatdagidan ancha arzonligini ko‘rib, o‘ylab o‘tirmay kvartiraga yetib bordim.

Ammo uyning egasini ko‘rib, xato qilganimni tushundim. Sababi u har xil qiliqlari qilar, ayniqsa, tishlarini g‘ichir-g‘ichir qilib, bir-biriga urib ketardi. Boshida hazillashyaptimi, deb o‘yladim.

Biroq meni yana ham qo‘rqitgani — xonaning devorida erkaklarning har xil a’zolari, ya’ni nerv nuqtalari ko‘rsatilgan suratlar osilgan edi. Yana xonaning o‘rtasida xuddi shifoxonalardagi kabi bitta karavot bor edi. Ochig‘ini aytsam, dunyo ko‘zimga tor ko‘rinib ketgan.

Keyin pastga tushib, qo‘shnilardan u haqida so‘raganman. Ular uy egasining aqli nosog‘lom ekanligini, uydan darhol ketishimni, u bilan aslo birga turmasligimni aytgan.

Nima qilishimni bilmay qolganman. Tasavvur qiling, hech kimingiz yo‘q. Qayoqqa, kimga murojaat qilishni bilmaysiz. Agar birga tursak, urishib qolsak, jahlda uni biron nima qilib qo‘ysam, nima bo‘ladi, deb o‘ylab, bu uyda qolmaslikka qaror qilganman.

Afsuski, unga nima deb bahona aytishni bilmasdim. Oxiri kiyimlarimni yuvishga berish uchun dadam bu yerga kelayotganini aytib, uydan yuklarim bilan chiqib ketganman.

Pastga tushib ketayotganimda u eshikni yopishdan oldin “qaytib kelasiz-a?”, deb so‘ragan. Men “ha, albatta”, deb qadamlarimni tezlatganman.

Bilasizmi, bino tarixiyligi uchun zinapoyalari judayam tor, aylana edi. Qancha tezlashganim sari xuddiki kimdir orqamdan quvib kelayotgandek bo‘lavergan. Axiyri, undan qutulganman.

Keyinroq yana boshqa joydan yashashga uy topganman. Bir muddat armanistonlik yigit bilan turganman. Unda o‘zbeklarga nisbatan qandaydir yomon qarash bor edi. Tabiiyki, munosabatlarda ko‘plab murosasizliklar bo‘lgan. U yerdagi hayotim haqida kitob yozsam arziydi.

Xullas kalom, bir yil davomida turli sabablar bilan besh marta ko‘chishimga to‘g‘ri kelgan.

Foto: Humoyun Madaminov arxividan

Fransuzlar erkinlikni birinchi o‘ringa qo‘yadigan xalq

Fransuzlar chiqishuvchan, odobli va xushmuomala xalq. Odamlarning bir-biriga munosabati, hurmati juda kuchli.

Biror yoqmaydigan harakat qilsangiz ham, darrov sizga qo‘pol muomala qilmaydi. Ular bilan tanishish juda oson. Menga fransuzlarning ochiqligi, dangalligi yoqadi.

Bu yerda namoyishlar juda ko‘p bo‘ladi. Chunki fransuzlar erkinliklarini birinchi o‘ringa qo‘yadigan va buni qattiq talab qiladigan millat. Biror nima bo‘lib qolsa ham, tezda to‘planib namoyish o‘tkazaveradi.

Kelganimda “sariq jiletli”lar tomonidan ish tashlash boshlangan. Deyarli ikki oy davomida transportlar ishlamagan. Undan keyin pandemiya boshlandi. Ko‘chaga ko‘p chiqishga imkon bo‘lmadi.

Fransuzlarning ruslar, turklar va xitoyliklarga nisbatan munosabati yaxshi emas. Ayniqsa, xitoyliklarni yomon ko‘rishadi. Chunki ular sal qo‘polroq xalq.

Qolaversa, xitoyliklar bu yerda ko‘p. Sekin-sekin daromadli sohalarni egallab olishyapti. Masalan, barlarning aksariyati xitoyliklarga tegishli. Keyin Parijda China town degan joy bor. U yerdagi hamma narsa, hatto do‘konlardagi mahsulotlar ham xitoycha.

Foto: Google Images

Fransiyada eng ko‘p yeyiladigan narsa bu kartoshka fri va sir. Sutli mahsulotlarni juda yaxshi ko‘rishadi.

Ob-havosiga kelsak, haftaning besh kuni yomg‘ir bilan o‘tadi. Qolgan ikki kunida ham quyosh chiqmaydi.

Deyarli har qadamingizda kutubxona mavjud. Eng asosiysi, ular kitoblar va o‘quvchilarga to‘la.

Ha aytgancha, Fransiyada 6 million atrofida musulmon istiqomat qiladi. Do‘konlarda halol mahsulotlar uchun alohida bo‘limlar mavjud. Shuningdek, har qadamda halol go‘sht sotadigan qassobxonalar, turklar ochgan restoranlar bor.

Fransiyadagi masjidlar soni ikki mingtadan oshar ekan. Ularning asosiy qismini musulmonlarning o‘zlari qurgan.

Men yashaydigan joyning atrofida uchta masjid bor. Ma’lumotlarga qaraganda, hozirda so‘nggi mojarolar tufayli ularning ba’zilarini yopish haqida yoki mablag‘ keladigan joylarini to‘sib qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilyapti.

Lekin afsuslar bo‘lsinki, bu yerda musulmon madaniyatiga to‘g‘ri kelmaydigan boshqa ko‘plab muhitlar ham bor.

Talabalarning ishlashiga ruxsat bormi?

Talabalarning ishlashiga ruxsat bor. Mamlakat qonunlariga ko‘ra, haftasiga 20 soat deyiladi, lekin 18 soatdan ortiq ishlash mumkin emas.

Bu yerda ishga takliflar juda ko‘p. Bunga oid maxsus saytlarga kirib, ish takliflari (qanday ish, necha soat, maoshi) bilan tanishishingiz yoki o‘zingiz e’lon berishingiz mumkin.

Agar siz ish beruvchiga to‘g‘ri kelsangiz, suhbatga chaqirilasiz. Unda asosan siz yuborgan hujjatlaringiz asosida savollar beriladi.

Foto: Humoyun Madaminov arxividan

O‘zim misolimda aytsam, Allohga shukur, menda ish topish qiyin bo‘lmagan. Internetdagi Studentjob Fr-Jobetudiant_Indeed-l’Etudiant saytiga rezyume (CV) va motivatsion xat (Lettre de motivation)ni joylashtirganman.

Saytga rezyume joylashtirganimdan so‘ng, oradan ikki haftalar o‘tib, McDonald’s’dan bog‘lanib, suhbatga chaqirishgan. Suhbatdan yaxshi o‘tib, 14 kundan so‘ng ish boshlaganman.

Bu yerda oyiga 70 soatlik shartnoma asosida ishlayman. Oyligim 800-900 yevroga yaqin. Ammo 300 yevroga yaqini soliq va sug‘urtalarga chiqib ketadi. Oylikning qo‘lga tegishi 550-620 yevro atrofida.

Aslini olganda, McDonald’s’ga o‘xshagan kompaniyalar aynan muhojirlarga moslashgan ishxona bo‘lib, asosan, chetdan kelganlarni ishga oladi va ishga kirish uchun fransuz tilini mukammal bilish talab qilinmaydi.

McDonald’s’da ish judayam qizg‘in. Birinchi kirgan xodim ishni oshxonadan boshlaydi. Men ham boshida gamburger tayyorlaganman. Oradan 4-5 oy o‘tib, xodim zerikib qolmasligi uchun boshqa bo‘limlarga o‘tkazib ishlatishadi.

Keyin ishda katta-kichik, degan narsa yo‘q. Qonunga qarab ish ko‘raverishadi.

Fransiya universitetlariga kirish haqida 

Avvalambor bir narsani aytib o‘tishim lozim, har bir oliygohga kirish jarayoni har xil kechadi. Oliygohning nufuzi ortgan sari unga kirish jarayoni ham qiyinlashib boraveradi.

Mening universitetim Fransiyadagi eng kuchli oliygoh hisoblanadi. Dunyo miqyosida kuchli 50 talikdan joy olgan.

Kirish uchun til bo‘yicha sertifikat, maktabdagi baholar va motivatsion xat kabi hujjatlar so‘raladi.

Foto: Google Images

Fransiyaga borishning eng oson yo‘li

Bu yerga til kurslariga hech qanday muammolarsiz kelish imkoniyati bor. Ammo men yoshlarga bu yo‘lni tavsiya qilmayman. Birinchidan, til kursiga kelgan odam ishlolmaydi. Ikkinchidan, til kurslari juda qimmat — yiliga 10 ming yevro turadi. Bundan tashqari, Fransiya — yashash uchun qimmat davlat. Bir oy yashashning o‘ziga 700-800 yevrodan ko‘p pul ketadi. Ishlamagan odam o‘qish puli, yashash xarajatlari bilan ota-onasini qiynab qo‘yishi mumkin.

Kelish istagida bo‘lganlar men kabi xususiy biznes maktablariga kirib kelgani ma’qul. Sababi ham ishlab, ham o‘sha xususiy maktab hisobidan til kurslariga qatnasangiz bo‘ladi.

Talabalarga ishlashni tavsiya qilmayman

Chunki bizga o‘xshab, universitetda o‘qish to‘rt yil davom etmaydi. Fransiyada xorijlik talabalar uchun shunday sistema ishlab chiqilgan. Ya’ni har o‘quv yili yakunida hukumatga borib, baholaringizni ko‘rsatasiz va ular so‘ragan hujjatlarini taqdim etasiz.

Bu ularni qoniqtirsa, sizga yana bir yilga vizangizni yangilab beradi. Agar yiliga ish soatingiz 900 soatdan oshib ketsa yoki o‘qishga bormay imtihondan yiqilsangiz, baholaringiz past bo‘lsa, vizadan ayrildim, deyavering.

Shuning uchun talabalarga ishlashni tavsiya qilmayman. Ortiqcha muammolar bo‘lmasligi uchun universitetga kirdimi, o‘qish kerak!

Xorijliklarga beriladigan yordam pullari haqida

Fransiya hukumati talabalarga bunday talablar qo‘yganiga yarasha xorijliklarga moddiy tomondan yordamini ayamaydi. Masalan, Kaft nomli yordam pullari bilan daromadingiz va uyingizning holatiga qarab ijara haqining 20-30 foizi qoplab beradi.

Misol uchun, bir oyga ijara haqi 600 yevro bo‘lsa, uning 200-250 yevrosi to‘lab beriladi. Agar u uy qimmatroq bo‘lsa, pul miqdori yana ham oshadi.

Yana bir qiziq fakt. Agar ishlasangiz, yordam puli yanayam ko‘p bo‘ladi. Ishlamasdan yordam so‘rasangiz, aksincha kam beradi.

Bundan tashqari, yeb-ichishdan qiynalayotgan talabalarga hokimiyat tomonidan har oy tekin talon beriladi. U bilan maxsus bozorchalarga borib, 80 yevrogacha mahsulot va oziq-ovqat sotib olish mumkin.

So‘raladigan hujjatlari ham oddiy. Uy shartnomasi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaning fransuzcha tarjimasi kerak bo‘ladi. Agar tarjima varianti bo‘lmasa, O‘zbekiston elchixonasiga borsangiz, 45 yevroga tayyorlab berishadi.

Kelayotganlarga maslahatim, O‘zbekistondayoq barcha kerakli hujjatlarni fransuzcha tarjimasini qildirib kelgan ma’qul. O‘zlariga arzonroq tushadi.

Foto: Humoyun Madaminov arxividan

Fransuz tilini qanday qilib tez o‘rganish mumkin?

Ochig‘ini aytsam, tilni o‘rganish men uchun oson bo‘lmagan. Repetitorga bormay qo‘yganimdan so‘ng o‘zim mustaqil tayyorlanishni boshlaganman.

Doim darajamdagi kitoblarni o‘qib, tarjima qilardim va kuniga 50 tadan so‘z yodlardim. Bir hikoya o‘qisam, uning audiosini ham eshitib, talaffuzini yodlardim.

To‘g‘ri, ancha paytgacha tushunmasdan jahlim chiqardi. Ammo o‘zimni majburlab o‘qiyverardim, roliklar ko‘raverardim.

Aksariyat til o‘rgatuvchilar, qo‘shiqlar eshitishni tavsiya qiladi. Ammo tilni mustaqil o‘zlashtirgan odam sifatida buni vaqtni bekorga ketkazish, degan bo‘lardim. Chunki musiqada o‘rganadigan narsa yo‘q. Uning o‘rniga hikoya eshitganingiz, o‘qiganingiz foydali.

Tilni endi o‘rganishni boshlagan paytlarim o‘quv markaziga “diplomatiya”dan talabalar kelar edi. Ayrimlari 10 yildan beri fransuz tilini o‘rganayotganini aytardi. Ammo B1 darajasi ham yo‘q edi. Ba’zilari tilga ixtisoslashgan maktabni bitirsa-da, imtihonlardan o‘tolmasdi.

Men o‘rganayotganimga 1,5 yil bo‘ldi. Lekin Allohga shukr, til darajam — C1.

Nazarimda tinmay kitob o‘qiyverganim va eng muhimi, o‘sha muhitda yashaganim menga katta foyda bergan.

Qaysi til bo‘lishidan qat’i nazar, agar odam nima uchun o‘rganayotganini, bilganlari uning hayotiga qanchalik kerakligini to‘liq anglay olsa, tilni juda tez o‘zlashtiradi.

Qolaversa, ishonch bilan ayta olamanki, hozirgi paytda internet qulayliklaridan foydalanib murabbiysiz ham bemalol tilni o‘rganish mumkin.

Maqsadim — BMTda ishlash

Maqsadim Fransiyada bakalavrni tamomlab, Parijda joylashgan YuNESKO qarorgohida bir muddat tajriba orttirish. Keyin magistraturani Angliyada davom ettirmoqchiman. Nasib bo‘lsa, o‘qishni bitirib, Amerikada Birlashgan Millatlar Tashkilotida ishlashni niyat qilganman.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.