Google jahondagi eng yirik, daromadi katta kompaniyalardan biri hisoblanadi. Hozirda kompaniyada 100 mingdan ortiq dasturchilar faoliyat yuritadi. Google’ga ishga kirish uchun har yili 3 million odam rezyume jo‘natadi. Biroq ularning 6000 nafarigina ishga olinadi.

Xo‘sh, Google o‘z xodimlarini qanday kriteriyalar asosida tanlab oladi? Ishga kirish uchun nima qilish kerak? Ular yiliga qancha oylik maosh oladi?

Ayni paytda Google’da dasturchi bo‘lib ishlab kelayotgan o‘zbekistonlik Sherali Obidov bu haqda “Daryo”ga batafsil so‘zlab berdi.

Sherali Obidov Namangan viloyatida tug‘ilgan. U 26 yoshda. 2016-yilda Westminster universitetini tamomlab, Maharishi menejment oliygohiga magistraturaga qabul qilingan. Ayni paytda Google kompaniyasida dasturchi bo‘lib faoliyat yuritmoqda.

Foto: “Daryo”

Men o‘zimni dunyodagi eng muvaffaqiyatli insonlardan biri deb bilaman. Sababi bolalikda niyat qilgan barcha maqsadlarimga erishdim. Istagan oliygohimda tahsil oldim. Ayni paytda jahondagi eng yirik kompaniya Google’da ishlayapman. Qisqa qilib aytganda, Amerikada o‘zim istagan hayotni qurdim. Biroq ortga nazar tashlaydigan bo‘lsam, bularning hech biri osonlikcha sodir bo‘lmadi. Keling, hammasini boshidan batafsil aytib bera qolay…

Ochig‘i, dastlab dasturchilikni ko‘p daromad keltiruvchi soha bo‘lgani uchun tanlaganman. Ammo keyinchalik ishimdan zavq ola boshladim, ya’ni bu yo‘nalishda o‘z “men”imni topdim. Va o‘sha paytdayoq, eng kuchli dasturchi bo‘lib, dunyodagi eng yirik kompaniya Google’da ishlayman deb oldimga maqsad qo‘ydim. Buning uchun men eng yaxshi mutaxassislardan tahsil olib, o‘z ustimda ko‘p ishlashim va, albatta, Amerikada yashashim kerakligini bilardim. Shuning uchun 2016-yilda Toshkentdagi Westminster oliygohini tamomlab, Amerikaga magistratura bosqichiga hujjatlarimni topshirdim.

Foto: “Daryo”

Ma’lumot uchun: Amerikadagi barcha oliy ta’lim muassasalariga magistratura uchun bir xil hujjat, ya’ni 6,5—7 balldan kam bo‘lmagan IELTS sertifikati, recommendation letter (Tavsiyanoma), CV (obyektivka, ma’lumotnoma), motivation letter (motivatsiya xati) hamda bakalavr diplomingizning tarjimasi kerak bo‘ladi. Imtihonlar ham bir-biriga o‘xshash.

Masalan, Westminsterda o‘qiganim uchun ingliz tilidan test topshirmaganman. Faqatgina yo‘nalishim, ya’ni informatika bo‘yicha onlayn suhbatdan o‘tganman. Biroz vaqt so‘ng pochtamga Maharishi menejment universitetiga o‘qishga qabul qilinganim to‘g‘risida maktub keldi. Men esa barcha narsalarimni yig‘ishtirib, maqsadlarim sari yo‘l oldim.

Foto: “Daryo”

Amerika sehrli diyormi?

Ilk bor Amerikaga kelgan paytimda uning hech qanaqa sehrini his qilmaganman. Ko‘p jihatlari yoqmagan. Masalan, ovqatlari qandaydir bemaza, go‘yo sun’iydek tuyulardi. Hech tanovul qilgim kelmasdi. Oilamni, O‘zbekistonni sog‘inardim. Keyinroq Kaliforniyaga ko‘chdim. Bu yerda IT sohasida ishlaydigan migrantlar, do‘stlarim bor edi. Yolg‘iz emasligimgami va yoki o‘zbek restoranlari borligi uchunmi, bilmayman, xullas shahar menga juda yoqdi. Bu yerning ovqatlariga ham ko‘nikib ketdim. Bundan tashqari tabiati chiroyli, hordiq chiqaradigan xushmanzara maskanlari juda ko‘p. Biroq uy va ijara narxlarining qimmatligi haligacha yoqmaydi.

Foto: “Daryo”

Men Amerikada xususiy oliygohda o‘qiganman. Fakultetimda ko‘plab xalqaro talabalar tahsil olardi. Bu yerda magistratura birinchi yilini universitetni borib, ikkinchi yildan esa onlayn tarzda o‘qish mumkin. Kontrakt yiliga 20 ming dollar atrofida. 2-bosqichdan ishlaganim uchun bu summani to‘lash muammo bo‘lmagan.

Xususiy oliygohlarning yaxshi tarafi ular sizga nafaqat sohangizga oid bilimlar, balki ishga kirish paytida suhbatda o‘zini qanday tutish, savollarga javob berish, umuman sizning ishga joylashishingiz uchun muhim bo‘lgan ko‘nikmalarni ham beradi. Bundan tashqari universitet ma’muriyati siz haqingizda tavsifnoma yozib, Amerikadagi bir qator yirik kompaniyalarga tavsiya ham qiladi.

O‘zim ham birinchi bosqichda universitetga kelib tahsil oldim. Ikkinchi yildan onlayn o‘qish imkoniyatidan foydalanib, Chikagodagi SPINS kompaniyasida dasturchi bo‘lib ishladim. Eng muhimi, Google’ga joylashishimda ham ustozlarimning bergan bilimlari juda qo‘l kelgan.

Foto: “Daryo”

Jangchi kurashga to‘ymaydi

2017-yilda birinchi marta Google’ga hujjatlarimni topshirganman, nimagadir meni rad etishdi. Biroq “Jangchi kurashga to‘ymaydi” deganlaridek, ortga chekinmay o‘z ustimda tinimsiz ishlayverdim. Bir yil davomida faqat sohamga oid tenglamalar, masalalar ishladim. Biroz vaqt o‘tib, yana bir marta urinib ko‘rdim. Quvonarlisi, ikkinchi bor urinishim besamar ketmadi.

Bir necha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tganimdan so‘ng, kompaniya meni suhbatga chaqirdi. Bu juda kata gap edi. Chunki bu yerga har yili millionlab odamlar rezyume jo‘natadi. Ular ham bir qancha kriteriyalardan o‘tadi, hammasi ham suhbatga chaqirilavermaydi. Shundan so‘ng suhbatga astoydil tayyorgarlik ko‘rdim. Boisi bu ishga kirishda eng muhim bosqich hisoblanardi. Suhbatda ish beruvchi istagan savolini berishi, sizni sinashi mumkin.

Xullas, har tomonlama yaxshilab tayyorlandim. Bilmadim shuning uchunmi, intervyu ko‘ngildagidek o‘tdi. Asosan sohamga oid masalalar berildi, ularni ishlab berdim. Kelajakdagi rejalarim borasida suhbatlashdim. Qisqa qilib aytganda, kompaniyadagilar mening texnik bilimim va til bilish darajamni sinovdan o‘tkazdi. Hammasi kutganimdek bo‘ldi. Bir necha oydan keyin men Google kompaniyasida ish boshladim. Xohlovchilar ishga qanday kirganligim haqida batafsil blog-postimdan o‘qishlari  mumkin.

Foto: “Daryo”

Google’ga borganimdan so‘ng...

 To‘g‘risini aytsam, avvallari o‘zimni kuchli dasturchi deb hisoblardim. Ammo Google’ga kelganimdan so‘ng, sohamda mendan-da bilimli yoshlarni ko‘rib, qoyil qolganman. Ular har bir ishni chin ko‘ngildan qunt bilan bajaradi. Kompaniya ham bunga javoban xodimlariga yaxshi g‘amxo‘rlik qiladi. Ular uchun barcha kerakli sharoitlarni yaratib bergan: 3 mahal tekin ovqat va kerak bo‘lsa turar joyingizgacha moddiy jihatdan ko‘maklashadi.

Oyliklar haqida to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsam, Google dasturchilarga eng baland maosh to‘lovchi kompaniya hisoblanadi. Bu yerda IT sohasi vakillari texnik darajasiga qarab haq oladi. Kompaniyada 10 ta daraja bo‘lsa men 4-pog‘onadaman. Oylik ham shunga qarab oshib boraveradi. Masalan, meni level’imdagi (darajamdagi) dasturchilar yiliga 150 mingdan 200 ming dollargacha oylik maosh oladi.

Foto: “Daryo”

Biroq xodimlardan talab qilinadigan ish sifati ham shunga yarasha. To‘g‘risini aytsam, boshida biroz qiynaldim. Boisi men bilmagan yo‘nalishlarda topshiriqlar berilardi. Masalan, oddiy qilib tushuntiradigan bo‘lsam, tasavvur qiling siz ingliz tilidan o‘zbek tiliga tarjima qiladigan tarjimonsiz. Biroq Google’da sizning qaysi tilni bilishingiz yoki bilmasligingizga qarab vazifa berilmaydi. Siz fransuz tilidan o‘zbek tiliga yoki nemis tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilishingiz kerak. Bu yerda siz u tilni bilasizmi-bilmaysizmi farqi yo‘q. Siz tarjimonsiz, qila olishingiz shart. Agar bilmasangiz, o‘rganishingiz uchun sizga vaqt ajratiladi. Berilgan muddat ichida mukammal o‘rganishingiz kerak. Ya’ni bilmasligingiz sizni topshiriqlardan ozod qilmaydi.

Foto: “Daryo”

Yuqorida aytganimdek, Google’da juda kuchli dasturchilar ishlaydi. Men har doim jamoada birinchi bo‘lishga harakat qilganman. Lekin bu yerda hamkasblarimdan tajribam va bilimim kamroq edi. Ular bilan tenglashish uchun dam olishdan, uyqumdan kechib tinimsiz harakat qila boshladim. Boshida qiyin bo‘ldi, lekin o‘rgandim. O‘zingizdan kuchli insonlar bilan ishlashning bir yaxshi tomoni doim charxlanib borasiz. Va nihoyat bir necha oydan so‘ng, ularga yetib oldim. Endi berilgan topshiriqlarni bemalol bajara olaman. O‘zimga bo‘lgan ishonchim ham yanada oshdi.

Google’dagi hayot

Kompaniyadagi muhit bizning O‘zbekistondagi sharoitdan ancha farq qiladi. Taqqoslab bo‘lmaydi, ochig‘i. Birovni birov bilan ishi yo‘q. Bu yerda O‘zbekistondagiday hamkasblar ishdan keyin choyxonaga bormaydi. Oilasi, rejalari haqida gaplashib o‘tirmaydi, ya’ni o‘zbeklarday mehr-oqibat yo‘q. Faqatgina ish borasida suhbatlashadi. Keyin amerikaliklar ko‘proq oila a’zolari bilan dam oladilar. Faqat tushlikka chiqqanda ba’zan shaxsiy masalalar haqida ham suhbatlashish mumkin.

Foto: “Daryo”

Maslahatlar

Biror kasbni tanlolmay turgan yoshlarga dasturchilikni tavsiya qilaman. Sababi IT sohasida diplom, ma’lumot so‘ralmaydi. Siz ishingizni mukammal bilsangiz bo‘ldi. Chunki o‘zim ham yaxshi o‘qimaganman, faqat dasturlash bilan shug‘ullanganman. Bundan tashqari maoshi baland soha. Keyin mendan aksariyat odamlar “dasturchilikka qiziqaman faqat yoshim 30 yoki 35 da bu kasbni tanlashimga kech bo‘lmadimi?”, deb so‘raydi. Yana bir yaxshi tomoni sohada yoshingizning farqi yo‘q. 30 yoshdan oshgandan so‘ng ham o‘rganib, karyerasini boshlagan odamlarni bilaman. Demoqchi bo‘lganim, dasturchilik bilan shug‘ullanishga hech qachon kech emas.

Foto: “Daryo”

Yoshlarga tavsiyam, har qachon eng zo‘ri bo‘lishga intiling. Chunki yaxshi hayotni xohlayapsizmi, unga o‘zingiz ham shunga loyiq bo‘lishingiz shart. Dasturchi bo‘lasizmi yoki o‘qituvchi, shifokor hatto oddiy sartarosh, ahamiyatsiz, ishingizni zo‘r bilsangiz, kuchlisi bo‘lsangiz, hamisha yaxshi pul topasiz. Kuchli kadr har joyda qadrlanadi. Ishda ham hayotda ham kerakli va sevimli bo‘lasiz. Biroq unutmangki, hech narsa osonlikcha bo‘lmaydi. Odam qulay hududdan chiqib, mehnat qilmagunicha biror muvaffaqiyatga erishmaydi.

Boshqa kasblar kabi IT sohasining ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari bisyor. Masalan, siz doimo zamon bilan hamnafas bo‘lib, tinimsiz o‘z ustingizda ishlashingiz lozim. O‘rganishdan to‘xtasangiz, bir joyda qotib qolasiz. Dasturchilikning biror bir cho‘qqisi, marrasi yo‘q. U tinimsiz mehnatni, izlanishni talab qiladi.

Yana bir holat O‘zbekistonda juda kuchli dasturchilar ko‘p, biroq ingliz tilini bilmaydi. Meni chet tillarini yaxshi bilganim, ko‘p muvaffaqiyatlarimga eshik ochgan. Shuning uchun siz hozirdan poydevorni mustahkamlang. Xorijiy tillarni, ayniqsa ingliz tilini mukammal o‘rganing.

Foto: “Daryo”

Hayotda barchasi o‘zingizga bog‘liq! Og‘ir hayot sizga juda zo‘r motivatsiya bo‘lishi mumkin. Ya’ni siz qilayotgan ishingizning ortidan katta daromad topasiz. Va shu asnoda nafaqat sizning, balki oilangizning, yaqinlaringizning hayoti o‘zgaradi. Ota-onangiz, opa-singillaringizning orzu, niyatlarini ro‘yobga chiqarish imkoni bo‘ladi. Men ham juda ko‘p qiyinchiliklarni boshdan kechirdim. Biroq hozir o‘zim istagan hayotga egaman.

Yana bir muhim maslahatim tavakkal qilishdan, xato qilishdan qo‘rqmang. Umringizni uzaytirolmaysiz, biroq uni mazmunli, chiroyli qilishingiz mumkin. Albatta, farovon hayot esa yaxshi kasb egasi bo‘lib, tinimsiz mehnat qilish evaziga keladi. Hech qachon o‘z ustingizda ishlashdan to‘xtamang.

Foto: “Daryo”

Rejalarim haqida

Amerika hayotimni, qarashlarimni butunlay o‘zgartirib yuborgan. Bir yil ichida maqsadlarim ham yangilandi. Sababi odam bir cho‘qqini zabt etsa, yana boshqasi sari intilaverarkan. Hali beri O‘zbekistonga qaytmoqchi emasman. Chunki bu yerda amalga oshirishim kerak bo‘lgan rejalarim juda ko‘p. Shu bois yana bir necha yil Google’da faoliyatimni davom ettirmoqchiman. Moddiy ahvolimni mustahkamlab, yetarli mablag‘ to‘plaganimdan so‘ng, o‘z biznesimni boshlayman. Balki keyin boshqa davlatga ko‘chib ketarman, bilmadim. Lekin hozircha shu hayot tarzimda davom etaman.

Suhbatdosh: Xonzodabegim A’zamova