Daniya Yevropaning eng ko‘zga ko‘ringan, rivojlangan davlatlaridan biri hisoblanadi. Xo‘sh, u yerda yashashning qanday qonun-qoidalari bor? Daniyaliklarning turmush tarzi, urf-odatlari qanday? Mamlakatda migrantlar qanday yashaydi? Bu haqda Daniyada 13 yildan beri istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik Ma’rifat Akbarova “Daryo”ga hikoya qilib berdi.

Ma’rifat Akbarova 1981-yilda Toshkent viloyati Chinoz tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining bakalavr va magistratura bosqichlarini tamomlagan. 13 yildan buyon oilasi bilan Daniyada istiqomat qilmoqda.

Bolaligim Chinozda o‘tgan. Toshkentda o‘zim sevgan soha bo‘yicha tahsil olganman. Bir muddat nufuzli davlat idoralarida ham ishlaganman. Oila qurganimdan so‘ng esa hammasini tashlab, Daniyaga kelishga to‘g‘ri kelgan.

Yanada aniqroq gapiradigan bo‘lsam, turmush o‘rtog‘im 2005-yilda O‘zbekiston va Aarxus texnika kolleji o‘rtasidagi o‘quv dasturi bo‘yicha Daniyaga kelgan edi. 2007-yil to‘yimizdan so‘ng turmush o‘rtog‘im Daniyada o‘qiyotganliklari uchun meni ham o‘zi bilan olib kelgan.

Ayni paytda Beumer shirkatida muhandis bo‘lib ishlayotganliklari sababli Aarxus shahrida oilamiz bilan istiqomat qilyapmiz.

Foto: “Daryo”

Daniyada haqidagi ilk taassurotlarim

Daniya qirolligi hududi jihatdan O‘zbekistondan ancha kichik. Atrofini orollar o‘rab turadi.

Bu yerga birinchi kelganimda may oyi edi. Odatda bu paytda O‘zbekistonda havo quyoshli va issiq bo‘ladi. Lekin bu yerda umuman teskarisi — yomg‘ir tez-tez yog‘ardi, shamol esardi. Qisqa qilib aytganda, havo ancha sovuq edi.

Meni eng ajablantirgani mamlakat rivojlangan bo‘lsa-da, shaharlari City uslubida qurilgan osmono‘par binolarga to‘la emas. Aksincha, daniyaliklar klassik uslubdagi an’anaviy arxitekturasini saqlab qolgan. Atrof yam-yashilligi, chiroyli xiyobonlar ko‘pligi, ayniqsa, shahar ichidagi o‘rmonlar diqqatimni tortgan.

Foto: “Daryo”

Daniyada xalq juda yaxshi yashaydi. Bir yilda o‘rtacha 15 daqiqa elektr o‘chishi mumkin.

Tibbiyotda doktorlar bemorlarga antibiotik vositalar, kimyoviy dorilarni yozib beravermaydi. Har bir tumanda faqat bir dona apteka bor xolos. Xususiylari yo‘q, emlash ham majburiy emas.

Yana bir qiziq ma’lumot — Daniya korrupsiya deyarli yo‘q bo‘lgan juda kam sonli davlatlardan biri sanaladi.

Oylik maoshga kelsak, inson qancha o‘qimishli, tajribali bo‘lsa, shuncha yuqori maosh oladi. Innovatsion loyihalarga yaxshi gonorar beriladi. Masalan, to‘liq stavkada ishlaydigan oliy ma‘lumotli o‘qituvchi 4 ming dollarcha oladi. Soliq ham shunga yarasha yuqori: 38-46 foizgacha. Misol uchun, 4 ming dollar oladigan o‘qituvchiga soliqdan keyin tegadigani taxminan 2 500 dollar atrofida bo‘ladi.

Soliq yuqoriligi hisobiga hukumat o‘z xalqi uchun bepul tibbiyotdan foydalanish hamda maktab, gimnaziya va universitetlarda kontraktsiz o‘qish imkoniyatini yaratgan. 

Foto: “Daryo”

Daniyaga yashash uchun qanday borsa bo‘ladi?

Albatta, turli xil grantlar, dasturlar orqali kelish mumkin. Oilamiz misolida gapiradigan bo‘lsam, 2015-yilda Daniyaning Aarxus texnika kolleji O‘zbekiston uchun ko‘plab grantlar ajratgan edi. Unda oliy ma’lumotli, ingliz tilini yaxshi biladigan talabalar suhbat asosida tanlab olingandi. Ularning ichida umr yo‘ldoshim ham bor edi.

Xullas, ularning grantda o‘qiyotganliklari sabab men oila a’zosi sifatida taklif qilingan viza orqali kelganman.

Yashash joyi va moliyalashtiruvchi tayin bo‘lgani uchun qonunga ko‘ra birga yashash uchun viza hujjati, ID raqam va uy manzili yozilgan kartochka berishgan. O‘sha paytda ro‘yxatga olinganidan so‘ng til o‘rganish maktabida tekin o‘qish va ishlash huquqi bor edi. Rasman ishga kirgandan so‘ng esa unga ish vizasiga qo‘shib, oila a’zolariga ham viza beriladi. Daniya qonunlariga ko‘ra, muddati tugasa yana uzaytirib boraveradi.

Hozir  esa migratsiya tizimi va qonunlariga birmuncha o‘zgartirishlar kiritilgan. Davlatda qonun ustuvorligi va inson huquqlari masalalarga jiddiy qaraladi. Shuning uchun O‘zbekistondan noqonuniy kirib kelish, yashash va ishlashning deyarli iloji yo‘q.

Daniyaga borish oson bo‘lmagan

O‘sha paytlar O‘zbekiston va Daniyada o‘rtasida na elchixona, na konsulligi bor edi.  Shuning uchun boshqa davlat elchixonalari orqali hujjatlar tayyorlashga ko‘p vaqtimiz, pulimiz ketgan. Ko‘p noqulayliklarga duch kelganmiz. Misol uchun, Toshkentda hujjatlarni DHL pochta xizmati orqali Moskvadan olishimiz kerak edi. Toshkent viloyatidan chiqish vizasini olish ishlari juda mujmal bo‘lgan. Ko‘p vaqtim, asabim yugur-yugur, qog‘ozbozlikka ketardi. Daniyada esa Belgiyadagi elchixonadagi konsul orqali ayrim hujjatlar qilinardi. Ochig‘i, o‘sha paytlar faol ishlashmasdi.

Hozir esa ilgarigidan ko‘ra ancha yaxshi. Nisbatan yengilliklar yaratilgan.

Foto: “Daryo”

Mamlakatda chetdan kelganlarga munosabat qanday?

Daniyaga o‘zbeklar, asosan, turli xil dasturlar orqali o‘qishga yoki ishlashga kelganlar. Keyin turmush o‘rtoqlarini olib kelishgan. Xuddi bizga o‘xshab. Bu yerda hamma qonunan yashaydi. Ba’zi davlatlardagi kabi o‘zbeklar qiyinchilikda ko‘chada qolganini yoki aldanib pulini ololmay yurgan holatlarni kuzatmadim. Daniyada chetdan kelganlarga munosabat yaxshi. Xalqi ham ochiqko‘ngil va tolerant. Bu yerdagi o‘zbeklar ham bir-biridan yordamlarini ayamaydi.

Foto: “Daryo”

O‘zbeklar va daniyaliklarning farqi haqida

Daniya O‘zbekistondan madaniyat, din, yashash, ob-havo, umuman, ko‘p jihatdan keskin farq qiladi. Masalan, bu yerdagi aksariyat insonlar dinsiz yoki nasroniy diniga e’tiqod qiladi.

O‘xshash tomoni, daniyaliklar ham bizga o‘xshab kartoshka va nonni ko‘p iste’mol qiladi. Faqat ular qora javdari nonni, o‘zbeklar esa oq undan yopilgan nonni xush ko‘radi.

O‘zbeklar uy bezatishda, kiyinishda ko‘proq rang-baranglik, shohona uslublarni ma’qul ko‘radi, daniyaliklar esa minimalizm tarafdori – sodda, ko‘proq oq-qora va kulrang, odmi ranglarni ishlatadi.

Ko‘chada mashinalar signal chalganini deyarli eshitmaysiz, chunki odamlar yo‘l harakati qoidalariga rioya qiladi.

Foto: “Daryo”

Daniyadagi yangi hayotim haqida

Daniya qonunlariga ko‘ra, bu yerga yashashga kelgan odam uch yil bepul dat tilini o‘rganishi mumkin. Men ham imkoniyatdan foydalanib, dat tilini o‘rganishni boshlaganman.

Dastlab bog‘chada keyinchalik, “Salom” xususiy musulmon maktabida ingliz tilidan bolalarga dars berdim.

Daniyada ta’lim tizimi biznikidan farq qiladi. Ya’ni o‘qituvchilar bir necha fandan dars berishga o‘qitiladi. Masalan, muallim ingliz tili bilan birga yana uch yoki to‘rt fandan dars berishi kerak. Faqat ingliz tilining o‘ziga soat berilmaydi.

Ijtimoiy masalalarda O‘zbekistonda biroz malaka oshirganim uchun bu yerda ham bir necha uyushmalarga a’zo bo‘ldim. 2018-yilda bir necha faol o‘zbek oilalar bilan birgalikda “O‘zbek tashabbuslari” nomli Daniyadagi ilk o‘zbeklar uyushmasini tashkil qildik. Hozirda uyushmada bolalarimizga o‘zbek tilida mashg‘ulotlar o‘taman. Xorijda o‘zbek farzandlari o‘zligini, qadriyatlarini unutmay ona tilida ravon gapira olishi kerak, degan qat’iy fikrdaman.

Bu yerda uyushmalar faoliyati uchun keng shart-sharoit yaratilgan, har bir munitsipalitet tashkilotlar tekin yoki arzon joylarni ijaraga olishiga, mashg‘ulotlar o‘tkazishiga iqtisodiy ko‘mak beriladi.

Foto: “Daryo”

Katta qizim besh tilda so‘zlasha oladi

Turmush o‘rtog‘im ayni paytda Beumer shirkatida muhandis bo‘lib ishlaydi. Uchta farzandim bor. Barchasi Daniyada tug‘ilgan. Shuning uchun bolalarimda ‘adaptatsiya’ tug‘ilganidan boshlangan. Uyda doim to‘liq o‘zbek tilida gaplashamiz, dat tilini ikkinchi til sifatida parallel ravishda o‘rganib foydalanib borishadi.

Katta qizim Muhsina 11 yosh. “Salom” maktabida 5-sinfda o‘qiydi. Serqirra, qiziquvchan qiz. O‘zbek, dat, ingliz, turk, rus tillarida erkin so‘zlasha oladi.

Turk masjididagi Qur’on va odob darslariga qatnashadi. Uyda esa dadasi ikkimiz o‘rgatamiz. 2018- yil Kopengagen shahrida bo‘lib o‘tgan Qur’on o‘qish tanlovida qatnashib, 2-o‘rinni oldi.

Muhsina chizish va fotografiyaga juda qiziqadi. Yaqinda uning foydali, yaxshi axloqqa targ‘ib etuvchi qisqa metrajli animatsion film tayyorlash g‘oyasi “Bolalar madaniyat uyi”ga ma’qul kelib, qo‘llab-quvvatlandi.

Ikkinchi farzandim Muhammad Yusuf olti yoshda. 0-sinfga chiqdi. O‘zbek va dat, biroz turk tillarida so‘zlasha oladi. U LEGO’da mashina, qurilmalar yasashga qiziqadi. Bu bolada muhandislik mahoratini rivojlantiradi. Hozir dadasidan abakus, mental arifmetikani o‘rganmoqda.

Kichkina qizim Ruqayya 3 yoshga kirgan, bog‘chaga boradi.

Oilada ko‘pincha farzandlarimiz nimaga qiziqishi va iqtidorini qanday yo‘naltirish haqida gaplashamiz. Ularning fikrini tinglaymiz. Orzu-niyatlarini amalga oshirishga iloji boricha harakat qilamiz.

Foto: “Daryo”

O‘zbekiston va Daniya o‘rtasida aloqa o‘rnatmoqchiman

Asosiy vaqtim bolalar bilan uyda o‘tadi. Menda ham shunday vaziyat. Asosan farzand tarbiyasi bilan bandman. Shuning uchun to‘liq ish soatida ishlamayman. Lekin muslima ayollar bilan bog‘liq turli xil loyihalar qilaman.

Endigi rejam kattaroq loyiha va g‘oyalar ustida ish olib borishdir. O‘zbek tashabbuslari uyushmasi Yevropadagi elchixonalarimiz bilan hamkorlik o‘rnatib, O‘zbekiston turizmi rivojiga, iqtisodiga ham hissa qo‘shsak degan umiddaman. Chunki O‘zbekiston va Daniya o‘rtasida yaqin aloqalar hali o‘rnatilmagan, elchixonalarimiz ham yo‘q.

O‘zbekistonga yozgi ta’til vaqtida bir borib kelmoqchimiz. Butunlay qaytishni esa bilmadim... Bu dadamizning ishi bilan bog‘liq. Lekin rejamizda bor.

Yaqinda jamg‘argan pulimizga Toshkentdan uy oldik. Qolgan narsalarga ham ota-onalarimizdan yordam olmay, o‘z kuchimiz bilan erishmoqchimiz. Yana bolalarimizning o‘qishi va loyihalarimiz uchun katta mablag‘ kerak. Shu bois biroz bu yerda ishlab, kerakli pulni to‘plab, keyin O‘zbekistonga qaytamiz.

Xonzodabegim A’zamova suhbatlashdi.