O‘zbekistonda maxsus loyiha doirasida “ayollar daftari”, “temir daftar”ga kirgan oilalarning yurak kasalliklari mavjud bo‘lgan va jarrohlik amaliyotiga muhtoj bo‘lgan farzandlariga bepul operatsiya xizmatlari taqdim etiladi. Bu haqda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bo‘lim boshlig‘i Guljamol Shukurova ma’lum qildi.
“Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olishda mas’ul tuzilmalarning roli va o‘zaro ta’sirini kuchaytirish maqsadida ixtisoslashtirilgan yopiq turdagi ta’lim muassasalarini tark etayotgan 310 nafar bolaning ijtimoiy moslashuvini qo‘llab-quvvatlash loyihasi amalga oshiriladi.
Loyiha doirasida “ayollar daftari”, “temir daftar”ga kirgan oilalarning yurak kasalliklari mavjud bo‘lgan va jarrohlik amaliyotiga muhtoj bo‘lgan farzandlariga bepul operatsiyalar va reabilitatsiya xizmatlari taqdim etiladi.
Shuningdek, respublika miqyosida “ayollar daftari”, “temir daftar”ga kirgan oilalarning, Mehribonlik uylarida tarbiyalanuvchi lab-jag‘ sohasida nuqsoni bo‘lgan, tananing turli qismlarida kuyish oqibati plastik jarrohlikka muhtoj bo‘lgan 200 nafar bolalarga operatsiyalar va reabilitatsiya xizmatlari taqdim etiladi.
Mazkur loyiha uchun Koreya xalqaro hamkorlik agentligi tomonidan 550 ming AQSh dollari miqdoridagi grant mablag‘lari ajratilishi rejalashtirilmoqda”, – deydi Guljamol Shukurova.
Bundan avval O‘zbekistonda “ayollar daftari”ga kiritilgan yolg‘iz ayollarning farzandlari ham bog‘chaga imtiyozli ro‘yxat asosida qabul qilinishi, Farg‘onada Navro‘z bayrami arafasida 30 nafar ehtiyojmand bolaning xatna to‘yi o‘tkazilgani hamda O‘zbekistonda “Yoshlar daftari”ga kiritilganlarga 980 ming so‘mgacha bir martalik yordam ko‘rsatilishi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)