Koronavirusining boshqalaridan ko‘ra tezroq tarqaladigan to‘rt turi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini (JSST) jiddiy tashvishga qo‘ymoqda. Bu haqda JSSTning Favqulodda kasalliklar bo‘limi rahbari Mariya van Kerkxove brifingda aytib o‘tdi. deb yozadi “RBK”.

Foto: Reuters

Van Kerkxove qayd etishicha, ulardan biri koronavirusning Vyetnamda topilgan mutatsiyasi. “JSST mutaxassislariga yaxshi ma’lum bo‘lgan ushbu shtammning odamlar orasida tarqalishi ancha oson”, — deya qo‘shimcha qilgan mutaxassis. U qolgan uchta shtamm haqida hech narsa demagan.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, JSST koronavirusning doimiy o‘zgarib turishiga oldindan tayyor bo‘lgan. Kelajakda COVID-19 evolyutsiyasi davom etishi mumkin.

“Umuman olganda, bizni jiddiy tashvishga soladigan to‘rtta shtamm mavjud. Biroq infeksiya tarqalishining oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ushbu shtammlarga qarshi ham yaxshi samara bermoqda”, — degan van Kerxov. U barcha mamlakatlarni hushyorlikka chaqirgan va ularga “epidemiologik nazorat” uchun minnatdorlik bildirgan.

May oyining oxirida Vyetnam hukumati mamlakatda COVID-19’ning yangi shtammi aniqlangani haqida xabar qilgandi. Ushbu shtamm infeksiyaning avval ma’lum bo‘lgan ikki turi — “britancha” va “hindcha” shtammlarning xususiyatlarini o‘z ichiga olgan.

Vyetnam sog‘liqni saqlash vaziri Nguyen Txan Longning aytishicha, bir nechta bemorlarning tahlillarini genetik sekvenlash ularda bir vaqtning o‘zida koronavirusning ikkita keng tarqalgan variantlari mavjudligini ko‘rsatgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, infeksiyaning yangi turi ancha yuqumli va havo orqali oson tarqaladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Vyetnam hukumati tez orada koronavirusning yangi shtammi genomiga oid ma’lumotlarni nashr etadi.

Buyuk Britaniya shtammi 2020-yil oxirida paydo bo‘lgan. Mutaxassislar “britancha” shtamm bilan kasallangan bemorlarda kasallikning og‘ir bosqichlarigacha bormasligi, biroq kasallikning boshqalarga yuqish ehtimoli yuqori ekanini bildirgan.

Hindiston shtammi esa mamlakatda apreldan buyon COVID-19 inqirozini vujudga keltirgan, kasallik asoratlari oqibatida vafot etganlar soni ham keskin oshgan.