Dunyo bo‘ylab koronavirus bilan kasallanish darajasida ko‘tarilish yoki pasayish kuzatilmoqda, lekin biz to‘lqinlar haqida gapirmasligimiz, balki virusning keng tarqalishini to‘xtatish uchun kasallik ortgan paytda uni diqqat bilan kuzatishimiz kerak, deb ta’kidladi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ning Rossiyadagi vakili Melita Vuynovich “Govorit Moskva” radiosiga bergan intervyusida.

Melita Vuynovich.

Foto: “RBK”

Vuynovichning so‘zlariga ko‘ra, JSST mutaxassislari “to‘lqin” atamasini ishlatmaydi, chunki bu 1918-yilgi ispan grippi pandemiyasiga o‘xshatish bo‘lib, o‘shanda uchinchi to‘lqin deyarli tugaganida immunitet yetarlicha hosil bo‘lgan edi, shundan keyin hammasi tugagan.

“Biz hozir nafaqat Yevropa, balki butun dunyoda koronavirus bilan kasallanish darajasining ortayotgani va pasayayotganini kuzatyapmiz. Albatta, men ‘Rospotrebnadzor’ning to‘lqin haqida gapirmay, virusning ko‘payish vaqtini diqqat bilan kuzatish kerakligi to‘g‘risidagi fikriga qo‘shilishga tayyorman”, — deb ta’kidladi JSST vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus pandemiyasi biror joydan to‘lqin kelishi oqibatida paydo bo‘ladigan “toshqin emas”. “Virus shu yerda, biz bilan. U odamlarning xatti-harakatlariga bog‘liq”, — deb qo‘shimcha qildi Vuynovich.

Avvalroq Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko uchinchi to‘lqin xavfini bema’nilik deb atagan edi. Vazir uchinchi to‘lqinni kutish shart emasligini, tezroq virusga qarshi emlanish kerakligini aytgan.

Mart oyida Yevropa Komissiyasining rasmiy vakili Dana Spinant mintaqada koronavirus pandemiyasining uchinchi to‘lqini boshlanganini ma’lum qilgan edi. Spinant uchinchi to‘lqin Yevropaning turli davlatlarida bosqichma-bosqich, hattoki, tez suratlarda tarqalishini ta’kidlab, uning Yevroittifoq iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatishidan ogohlantirgan.

Avvalroq Mixail Murashko COVID-19’ga nisbatan jamoaviy immunitet sentabrga kelib shakllanishini ma’lum qildi. Murashkoning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusga qarshi emlash reja bo‘yicha bormoqda. Shu bilan birga, u 9-may holati bo‘yicha Rossiya bo‘ylab necha kishi emlangani haqida ma’lumot keltirib o‘tmadi.