Qashqadaryo viloyatida Kapitan Karimov nomi bilan faoliyat yurituvchi bloger Umid Karimov viloyat hokimi Zoir Mirzayev ishtirokidagi sayyor qabulda hokimni videoga olgan uchun haqoratlanganini, qarshilikka uchraganini ma’lum qildi.
“Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan blogerning aytishicha, voqea 2021-yilning 29-may kuni Koson tumanining Shirintepa qishlog‘ida sodir bo‘lgan.“Sayyor qabulda viloyat hokimi gapirayotgani uchun va atrofdagilarning e’tiborini tortmaslik maqsadida bir chekkada turib, hokimning gaplarini ‘syomka’ qilayotgan edim. Shunda shaxsi o‘zimga ham keyinchalik oshkor bo‘lgan viloyat hokimligi xodimi qarshilik ko‘rsatdi. Meni haqorat qilib, bundan keyin viloyat hokimining sayyor qabullariga bormasligim kerakligini aytdi. Men unga javoban bunday gaplar kerakmasligini, bloger sifatida faoliyat yuritganim uchun shunchaki axborot olayotganimni aytdim. U esa meni yana tilga olib bo‘lmas so‘z bilan haqoratlab, sha’nimga tegdi”, — deydi bloger.
Umid Karimovning aniqlik kiritishicha, unga qarshilik ko‘rsatib haqoratlagan viloyat hokimligi xodimi hokimlikning voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo ma’sul kotibi Mashrabbek Qo‘ziboyev bo‘lgan.
“Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqovga ham xabar berdim. Ammo hozircha hech qanday ‘reaksiya’ bo‘lgani yo‘q”, — deydi bloger Kapitan Karimov.
Umid Karimovning aytishicha, hokimlik xodimi bilan tortishuvdan so‘ng uni IIB xodimi ham olib ketishga uringan. Blogerning yoniga kelib, “syomka” qilishi mumkinmasligini aytgan IIB xodimi qabulni TV xodimlari bilan birga tasvirga olayotgan blogerning qo‘lidan tutib, uni chekkaga tortgan. Bloger esa buning sababi bilan qiziqqan. Biroq tayinli javob bo’lmagan.
“Viloyat hokimligi xodimi bilan bo‘lgan voqeadan keyin oradan hech qancha vaqt o‘tmasdan IIB xodimi kelib, meni olib ketmoqchi bo‘ldi. Men buni hokimlik xodimining ishi deb o‘yladim, chunki qabul boshlanganiga ham ancha payt bo‘lgan edi. Qolaversa, men tortishuvgacha ham videoga olib yurgandim. Qarshilik yo‘q edi. Qiziq tomoni IIB xodimi qo‘limdan ushlab chekkaga tortayotgan paytda hokimlik xodimi menga qarab kulib turgandi”, — deydi bloger voqea haqida gapirar ekan.
“Daryo” muxbirining aniqlashicha, shunga o‘xshash holat o‘tgan o‘n kun ichida viloyatda ikkinchi marotaba takrorlangan. Biroq birinchi marta taqiqga uchragan bloger voqeani unutishga qaror qilgan.
Izoh (0)