Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson qallig‘i Kerri Saymonds bilan nikohdan o‘tdi. Bu haqda Britaniya OAVlari o‘z manbalariga tayanib xabar berdi, deb yozadi “RBK”.

Boris Jonson va Kerri Saymonds

Foto: Reuters

Marosim Londondagi Vestminster katolik soborida bo‘lib o‘tgani aytilmoqda.

The Sun yozishicha, to‘yda 30 kishi qatnashgan — mamlakatda joriy etilgan koronavirusga qarshi cheklovlar shuni talab qiladi. Mehmonlarning barchasi bevosita to‘y oldidan taklifnoma olgan. The Daily Mail xabariga qaraganda, to‘y dastlab iyul oxiriga belgilangan edi.

The Sun manbasiga ko‘ra, Vestminster sobori 29-may kuni 13:30da (Toshkent vaqti bilan 17:30) tashrif buyuruvchilar uchun yopilgan. Marosimning o‘zi oradan yarim soat o‘tib boshlangan.

Ikkala nashr ham bosh vazir idorasidan to‘y haqida ma’lumot ololmagan.

Jonson va Saymonds 2018-yildan buyon uchrashadi. 2020-yil fevralida ular unashtiruv haqida ma’lum qildi. Juftlikning o‘g‘il farzandi bo‘lib, unga bosh vazirni koronavirusdan davolagan shifokorlar sharafiga Uilfred Lori Nikolas Jonson deb ism qo‘yishgan.

Britaniya hukumati rahbarining avvalgi turmushidan ikki qizi va ikki o‘g‘li, bundan tashqari, nikohsiz tug‘ilgan yana bir qizi ham bor.