Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida 14—15-may kunlari an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Stixiya” elektron musiqiy festivali bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Turizm va sport vazirligi qo‘llab-quvvatlashi ostida “Akustika fakulteti” xususiy tashkiloti tashabbusi bilan o‘tkazilgan an’anaviy xalqaro tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, AQSH, BAA, Fransiya, Germaniya, Italiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Janubiy Koreya singari davlatlardan kelgan sayyohlar, mahalliy va O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan mehmonlar ishtirok etdi.
Vazirlik bosh mutaxassisi Jo‘rabek Abdurahmonovning ta’kidlashicha, festivalni o‘tkazishdan asosiy maqsad - Mo‘ynoqqa xorijiy turistlar oqimini oshirish, O‘zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish hamda jahon hamjamiyatini Orol bo‘yi ekologik muammosidan xabardor qilish.
“Mazkur festival yurtimizda 2018-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda. 2020-yili koronavirus pandemiyasi tufayli o‘tkazilmagan edi. Bu yil an’ana yana davom etyapti.
Festivaldan maqsad shuki, dunyo hamjamiyati, ayniqsa, yoshlar e’tiborini Orol fojiasiga qaratish. Bu yerga kelgan har bir yoshni Orol dengizining tarixi, uning qurishi va bugungi ayanchli ahvoli ta’sirlantirishi, shubhasiz. Ular o‘z savollariga javob olish orqali odamzodning bunday xatoliklarini kelajakda takrorlamaslikka harakat qilishadi, ekologiya va atrof-muhitga nisbatan yanada e’tiborliroq bo‘lishadi, deb o‘ylaymiz.
Festival ichida nafaqat musiqa, balki madaniyat ham, ilm ham bor. Tadbir davomida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiyadan tashrif buyurgan taniqli musiqiy prodyuserlar va yoshlar ishtirokida “Stixiya N+1” ilmiy forumi ham bo‘lib o‘tdi”, — dedi Abdurahmonov.
Vazirlik vakilining qayd etishicha, bu yil festivalga 8 ming nafarga yaqin turist tashrif buyurgan. Ularning 500 nafardan ziyodini xorijliklar tashkil etadi.
Izoh (0)