Rossiyaning koronavirusga qarshi “Sputnik V” vaksinasi bilan emlashning pullik bo‘lishi haqidagi xabarlar haqiqatga mos kelmaydi, deya xabar berdi Sanitariya-epidemiologiya xizmati matbuot kotibi Muhammadjon Bozorovga tayanib “Gazeta.uz”.
Ijtimoiy tarmoqlarda “Sputnik V” vaksinasi bilan emlashning narxi 500 ming so‘mgacha ekanligi haqidagi xabarlar tarqalmoqda.
“Rossiyadan keltirilgan ‘Sputnik V’ vaksinasi pullik bo‘lmaydi. Bu ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Biz ‘Sputnik V’ vaksinasi bilan emlashni boshlashni endi rejalashtiryapmiz”, — dedi matbuot kotibi.
Muhammadjon Bozorov O‘zbekiston aholisi uchun “Sputnik V” vaksinasi, boshqa vaksinalar qatori — xitoy-o‘zbek vaksinasi ZF-UZ-VAC2001 va AstraZeneca (Hindistonda ishlab chiqarilgan Covidshield) vaksinasi kabi bepul bo‘lishini ta’kidladi.
Birinchi bosqichda vaksina bilan 65 yoshdan kattalar va tibbiyot xodimlari emlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 27-aprel kuni O‘zbekistonga “Sputnik V” vaksinasining ikkinchi partiyasi 50 ming dozada olib kelindi.
Bundan avval Toshkentga yana 1 mln doza o‘zbek-xitoy vaksinasi olib kelingandi.
Shuningdek, 23-aprelga o‘tar kechasi O‘zbekistonga “Sputnik V” vaksinasining birinchi partiyasi yetkazib berilgan edi (aynan qancha miqdorda vaksina olib kelingani ma’lum qilinmagan). Qayd etish joiz, O‘zbekistonga aholini emlash uchun olib kelinadigan “Sputnik V”ning yarmini tadbirkor Alisher Usmonov moliyalashtirgan. Oldinroq ushbu vaksinadan jami 1 million doza sotib olinishi ko‘zda tutilgani ma’lum qilingan edi.
O‘zbekistonda 1-apreldan 65 yoshdan katta shaxslar va tibbiyot xodimlarini koronavirusga qarshi o‘zbek-xitoy ZF-UZ-VAC2001 va AstraZeneca vaksinalari bilan emlash jarayoni boshlangan edi. 26-aprel holatiga ko‘ra, butun mamlakat bo‘yicha 565 mingdan ortiq fuqaro koronavirusga qarshi emlangan. Hukumat iyun oyi oxirigacha 4 millionga yaqin, yil oxirigacha 7 million aholini koronavirusga qarshi emlashni rejalashtirgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonga shu vaqtgacha, “Sputnik V”ni hisobga olmasa, yana 1,66 million doza vaksina olib kelingan. Ularning 660 ming dozasi COVAX tizimi orqali olib kelingan AstraZeneca, qolgan 1 millioni O‘zbekiston va Xitoy hamkorligida ishlab chiqilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasidir.
Izoh (0)