Sudning fermer xo‘jaligi foydasiga chiqargan qarori ijrosini ta’minlamagan Shahrisabz tumani hokimining o‘rinbosari jarimaga tortildi. Bu haqda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning Telegram’dagi kanali orqali ma’lum qilindi.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tuman hokimining o‘rinbosari tumanda faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaligi manfaatiga chiqarilgan sud qarori ijrosini ta’minlamagani uchun 2020-yil iyunda biznes-ombudsman xodimlari tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnoma asosida javobgarlikka tortilgan.
Shunga qaramasdan, tuman hokimi o‘rinbosari takroran qonun buzilishi holatini sodir etgan. Xususan, biznes-ombudsmanga “Unumdor yer” fermer xo‘jaligi (fermer xo‘jaligining nomi o‘zgartirilgan) murojaat qilib, ma’muriy sudning fermer xo‘jaligi manfaatiga chiqqan hal qiluv qarori ijrosini ta’minlashda amaliy yordam so‘ragan.
Ushbu holat bo‘yicha, biznes-ombudsman tomonidan fermer xo‘jaligiga chiqarilgan sud qarorini qonunda belgilangan tartibda ijro qilish to‘g‘risida xulosa kiritilgan. Xulosa tegishli tartibda ijro qilish uchun tuman hokimining o‘rinbosariga yo‘naltirilgan. Ammo ushbu hokim o‘rinbosari tomonidan fermer xo‘jaligi manfaatida chiqarilgan sud qarori ijrosini ta’minlash chorasi ko‘rilmagan.
Mazkur qonun buzilishi holati yuzasidan biznes-ombudsman xodimlari tomonidan hokim o‘rinbosariga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tuman sudining 2021-yil 23-fevraldagi qarori bilan hokim o‘rinbosari ma’muriy jazo chorasi sifatida takroran jarimaga tortilgan.
Avvalroq biznes-ombudsman qashqadaryolik soliqchilarning noqonuniy harakatini fosh qilib, 165 million so‘m soliq olinishi kerak bo‘lgan qo‘shma korxonadan 40 milliard so‘m undirilganini bildirgandi.
Izoh (0)