Toshkent shahar hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda “Shahidlar xotirasi” yodgorlik masjmuasining atrofi o‘ralgani va u yerda qurilish ishlari boshlangani to‘g‘risida tarqalgan xabarlarga izoh berdi.
“Shahrimizdagi madaniy yodgorliklar, ziyoratgohlarni asrash, saqlash va tegishli tartibda joriy va mukammal ta’mirlash ishlari muntazam amalga oshirib kelinmoqda. Shu jumladan, 2021-yilda Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, Toshkent shahridagi ‘Shahidlar xotirasi’ yodgorlik majmuasida qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish belgilangan”, — deyiladi munosabatda.
Ta’kidlanishicha, rekonstruksiya jarayonida hududdagi daraxtlarga zarar yetkazmagan holda qatag‘on qurbonlarining nomlari aks etgan ramziy kitob barpo etiladi.
Shuningdek, ramziy rotonda rekonstruksiya qilinadi, muzey xodimlari uchun alohida ma’muriy bino quriladi, aholi uchun maishiy xizmat binolari, milliy hunarmandchilik va savdo do‘konlari, ochiq amfiteatr va Wi-Fi hududlari barpo etish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning avgustida Shavkat Mirziyoyev Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurgandi. 2020-yilning noyabrida esa Qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ishchi guruh O‘zbekiston aholisiga murojaat qilib, “o‘zbeklar ishi”, “paxta ishi” degan nohaq ayblovlar jarayonida sudlangan, jabr ko‘rgan va qurbon bo‘lganlar haqida materillarni so‘ragan edi.
Izoh (0)