Fransiya hukumati Braziliyada koronavirusning “braziliyacha” shtammi keng tarqalayotgani sababli ushbu mamlakat bilan parvozlarni noma’lum muddatga to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda Fransiya bosh vaziri Jan Kasteks o‘zining Milliy majlisdagi chiqishida ma’lum qildi, deb yozmoqda “RBK”.
“Biz vaziyat yomonlashayotganini ma’lum qilamiz. Shuning uchun Braziliya va Fransiya o‘rtasidagi barcha parvozlarni keyingi o‘zgarishlarga qadar to‘xtatib turishga qaror qildik”, — deb bosh vazirdan iqtibos keltirdi France Bleu nashri.
Yanvar oyida Fransiya koronavirusning “janubiy afrikacha” shtammining keng tarqalishi munosabati bilan mamlakatga kirish tartibini kuchaytirgani haqida xabar berdi. Yevropa Ittifoqining fuqarolari bo‘lmagan tashrif buyuruvchilar koronavirus testining manfiy natijalarini taqdim etishi va bir haftalik majburiy karantinga olinishi belgilab qo‘yildi.
2020-yil dekabr oyining oxiriga kelib Braziliyada koronavirusning yangi shtammi aniqlandi. 2021-yilning yanvar oyida Italiya barcha Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan aviaqatnovlarni bekor qildi. Shuningdek, Italiya Sog‘liqni saqlash vazirligi oxirgi 14 kun ichida Braziliyada bo‘lganlar uchun Italiyaga kirishni taqiqladi, mamlakatga avvalroq kirib kelganlar uchun esa koronavirusga qarshi majburiy test topshirish belgilandi.
Avvalroq Rossiyaning koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha tezkor shtabi Turkiya va Tanzaniyaga aviaqatnovlarni to‘xtatgani ma’lum bo‘ldi. 15-apreldan 1-iyungacha davom etadigan taqiq charter va doimiy reyslarga tegishli bo‘lib, istisno tariqasida haftasiga ikkita reysga ruxsat berish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Rossiya bilan bir qatorda Xitoy va boshqa mamlakatlar ham Turkiya bilan parvozlarni to‘xtatishga qaror qildi.
Ma’lumot uchun, Turkiya koronavirus pandemiyasining eng qiyin davrlardan birini boshdan kechirmoqda. Mamlakatning barcha hududlarida kasallanish o‘sib borayotgani ta’kidlandi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, aholining 80 foizi infeksiyani yuqtirish xavfi yuqori bo‘lgan shaharlarda yashaydi.
Izoh (0)