Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi rus tilini rasmiy davlat tili deb tan oldi. Bu haqda “Armenpress” nashriga tayanib, “RBK” xabar berdi.
Nashrning ta’kidlashicha, bu qarorni yoqlab 27 nafar parlament a’zosi ovoz berdi, ikki nafari esa betaraf qoldi (parlamentning jami 33 nafar a’zosi bor).
Tog‘li Qorabog‘ning davlat tili arman tili hisoblanadi. Rus tiliga esa rasmiy maqom berildi.
Rus tiliga yangi maqom berish bo‘yicha qonun loyihasi deputatlar tashabbusi bilan taqdim etildi. Mualliflar Tog‘li Qorabog‘ning ko‘plab aholisi uchun rus tili “ikkinchi muloqot tili” ekanini, shuningdek, “Artsax (Tog‘li Qorabog‘ning mahalliy nomi) va Rossiya o‘rtasidagi madaniy, harbiy va iqtisodiy aloqalarning tarixiy ahamiyati”ni inobatga olish kerakligini aytdi. “Rus tili maqomini ko‘tarish barcha sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi”, — deb ta’kidladi qonun loyihasi mualliflari.
Avvalroq Kreml Tog‘li Qorabog‘da rus tilining tan olinishi respublikaning ichki ishi bo‘lib qolishini aytgan edi. “Tabiiyki, biz buni har tomonlama ma’qullaymiz va bundan keyin ham rus tilini bilish darajasining qo‘llab-quvvatlanishiga hissa qo‘shishga tayyormiz, biz buni vazifamiz deb bilamiz", — dedi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Avvalroq Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da xalqaro aeroport qurishni boshlagani haqida xabar berilgan edi. U Eron chegarasi yaqinida, Shusha shahridan 62 kilometr masofada joylashgan Fuzuliy shahrida quriladi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev aeroportni shu yilning kuzida foydalanishga topshirishni ko‘zlamoqda. Uning qo‘shimcha qilishicha, aeroportning uchish-qo‘nish yo‘lagi samolyotlarning barcha turlarini, shu jumladan, eng og‘irlarini ham qabul qilishga qodir bo‘ladi.
Izoh (0)