Armaniston Sog‘liqni saqlash vazirligi Tog‘li Qorabog‘dagi urushda halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar haqida yangi ma’lumotlarni e’lon qildi, ularning soni 2996 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
“Sud-tibbiy ekspertizadan 2996 nafar halok bo‘lgan harbiyning jasadi o‘tkazilgan. Urush boshidan hozirgi paytgacha qarindoshlardan 1816 ta, halok bo‘lganlarning jasadlaridan esa 993 ta DNK namunasi olingan. Jasadlar shaxsini DNK asosida aniqlash ishlari davom etmoqda”, — deya ma’lum qilingan vazirlik tomonidan.
Armaniston Sog‘liqni saqlash vazirligi 2-dekabrda 2718 nafar halok bo‘lgan harbiy xizmatchi haqida xabar bergan. Ma’lum qilinishicha, hali halok bo‘lganlarning barchasi yo‘qotishlar ro‘yxatiga kiritilgani yo‘q.
Avvalroq tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasining Mudofaa vazirligi urush boshlanganidan buyon 1779 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi dekabr oyining boshida jangovar harakatlar davomida 2783 nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgani, yana 100 nafardan ortiq harbiy xizmatchi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanayotgani va gospitallarda 1245 nafar harbiy davolanayotganini ma’lum qilgandi.