Qashqadaryo viloyatida quyuq tumanda tezligini oshirgan Nexia-2 yuk mashinasiga urildi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, 2021-yil 21-mart kuni ichiga 7 kishi o‘tirgan Nexia-2 o‘sha kuni to‘yi bo‘ladigan qizni go‘zallik saloniga olib borish uchun yo‘lga tushadi. Yo‘ldagi quyuq tumanni hisobga olmasdan, tezlikni me’yoridan oshirgan avtomashina yuk mashinasiga borib uriladi.
Oqibatda kuyovning otasi va ikki qarindoshi voqea joyida, kelinning xolasi esa shifoxonada vafot etdi.
YTH sabab o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida YHXBB boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorovning ma’lum qilishicha, qolgan uch nafar yo‘lovchi jiddiy jarohat olgan.
Bundan avval Toshkentda 60 yoshli ayol yuk mashinasi urib ketishi oqibatida halok bo‘lgani, Andijonda ikki Nexia yo‘lni kesib o‘tayotgan velosipedchini urib ketgani hamda Qarshida yo‘lni kesib o‘tayotgan bolalar Lacetti ostida qolgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)