Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov reklamalarda davlat tili oyoqosti qilinayotgani yetmagandek, unda hayosizlik va pornografiya elementlari borligini keskin tanqid qildi.

Foto: “Milliy tiklanish” partiyasi

“Biz Yevropa emasmiz. Reklamada davlat tili oyoqosti qilingani yetmagandek, hayosizlik va pornografiya elementlari ham bemalol bo‘lib qoldi. Buni normal holat sifatida qabul qilish mumkin emas! Reklamaning mazmuni va shakli tubdan qayta ko‘rib chiqilishi kerak”, — deb yozadi Qodirov.

Uning ma’lum qilishicha, “Milliy tiklanish” partiyasi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda ko‘rib chiqishni boshlagan.

Avvalroq “Milliy tiklanish” va “Adolat” partiyalari hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga faol bo‘ysunmaslik, ommaviy tartibsizliklar va fuqarolarga nisbatan zo‘ravonlik ishlatishga da’vatlar uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish borasidagi qonun loyihasi tashabbusi bilan chiqqan edi. Alisher Qodirov Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga, shuningdek, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga kiritilishi rejalashtirilayotgan o‘zgartirishlar borasidagi fikr bildirib, “erkin so‘z jamiyatning xotirjam rivojlanishiga xalaqit bermasligi kerak” — degandi.