Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov Buxoro davlat universitetiga tashrifi chog‘ida talaba oliy ta’limga faqat bilim olish uchun kelishi kerakligini aytdi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Qonunchilik palatasi matbuot xizmati

“Oliy ta’lim tarbiya maskani emas, bu jarayondan uzilishi kerak. Talaba oliygohga faqat bilim olishi uchun kelishi lozim. Ya’ni oliy ta’limda faqat yetuk mutaxassis tayyorlanadigan muhit yaratilishi kerak”, — deya ta’kidlagan Alisher Qodirov.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning fevral boshlarida oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov oliy ta’lim muassasalari isloh qilinishi, buning uchun esa uch oy vaqt kerakligini ma’lum qilgandi. “Umuman oliy ta’lim muassasasida nima yoqmagan bo‘lsa hammasi isloh bo‘ladi”, — degan edi u.

Avvalroq Toshkentning Yunusobod tumanida besh nafar talaba o‘lik holda topilgani, ulardan biri Inha universitetining 1-bosqich talabasi ekanligi to‘g‘risida xabar berilgan edi. Fojiadan so‘ng ijarada yashayotgan talabalarning sharoitlari o‘rganiladigan bo‘ldi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2-mart kuni o‘tkazilgan “Hukumat soati”da oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalarning yotoqxonalarga bo‘lgan ehtiyoji haqida so‘z yuritib, hozirda respublikada mavjud 228 ta talabalar turar joyida 58 ming nafar talaba istiqomat qilayotganini ma’lum qilgandi.