Dastlab Buyuk Britaniyada aniqlangan va yuqumliroq deb ta’riflanayotgan VOC 202012/01 shtammi o‘tgan bir hafta ichida yana beshta mamlakatda aniqlandi. Shu bilan mazkur virus aniqlangan mamlakatlar soni 111 taga yetdi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
Shuningdek, Janubiy Afrika shtammi 58 mamlakatda, Braziliya shtammi esa 32 mamlakatda qayd etilgan, deya ta’kidladi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislari.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, virusning “britancha” shtammi dastlab ma’lum bo‘lgan SARS-CoV-2 shtammiga qaraganda 36-75 foizga yuqumliroq.
Shuningdek, ushbu variantni yuqtirgan bemorlarni kasalxonaga yotqizish xavfi ortadi, kasallik yanada og‘irroq kechadi va o‘lim xavfi yuqori bo‘ladi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 30-yanvar kuni mamlakatda ilk bor koronavirusning yangi shtammi aniqlangani haqida xabar berdi. Yangi shtamm Dubaydan 23-yanvar kuni mamlakatga qaytgan oilaning 10 yashar farzandida aniqlangan. Ma’lum qilinishicha, kasallik yuqtirgan qizaloq shifoxonada davolanib, uyga javob berilgan.
Avvalroq Italiyaning shimolidagi Breshiya shahrida olimlar koronavirusning “nigeriyacha” shtammini aniqlagani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)