Yaponiya hukumati Tokioda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarini chet ellik muxlislarsiz o‘tkazishga qaror qildi. Bu haqda Kyodo News nashriga tayanib “Interfaks” xabar berdi.
Yaponiya hukumatining bunday chora ko‘rishi koronavirus tarqalishi xavfi bilan bog‘liq.
Xabarlarga ko‘ra, mart oyi oxirida hukumat, Tokio—2020 tashkiliy qo‘mitasi Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi bilan masofaviy majlis o‘tkazadi va natijalarga ko‘ra yakuniy qaror qabul qilinadi. Aprel oyida musobaqaga tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan muxlislar soni e’lon qilinadi.
Tokio Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari 2020-yil yozida bo‘lib o‘tishi kerak edi, lekin koronavirus pandemiyasi tufayli ular 2021-yilga qoldirildi. Endi Olimpiada 23-iyuldan 8-avgustgacha, Paralimpiya o‘yinlari 24-avgustdan 5-sentabrgacha bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq Yaponiya kompaniyalarining yarmidan ko‘pi 2021-yilgi Olimpiada o‘yinlariga qarshi ekanini bildirgan edi.
Izoh (0)