O‘zbekistonda fevral oyining oxirida kuzatilgan anomal sovuqdan so‘ng Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi mavjud mevali bog‘lar, uzumzorlar va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlari ustidan to‘liq monitoring amalga oshirilmoqda. Bu haqda “Daryo”ga vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Ta’kidlanishicha, ko‘p yillik amaliy natijalarga ko‘ra, sovuq ob-havoning daraxtlar kurtaklari, gullari va nihollariga ta’siri oqibatlari hamda muzlashiga qarshi barcha tezkor chora-tadbirlar natijalarini 3-4 kun o‘tgandan so‘ng kuzatish va sovuq ta’sirini aniqlash mumkin.
Shu sababli hosilli bog‘ va uzumzorlarni ko‘zdan kechirish iliq turg‘un ob-havo boshlanishi bilan, ya’ni o‘simliklarni saqlab qolish uchun amalga oshirilgan sa’y-harakatlardan bir muncha vaqt o‘tgach boshlandi.
“Hozirda Qishloq xo‘jaligi vazirligining hududiy boshqarmalari va tizim tashkilotlari barcha mevali bog‘ va uzumzorlardagi yo‘qotilgan hosilni aniqlash bo‘yicha olim va mutaxassislarni jalb etgan holda dalolatnomalar tuzib, 2021-yilda yetishtirish kutilayotgan hosilni aniqlamoqda.
Ayniqsa, sovuq qattiqroq bo‘lgan, ya’ni havo harorati 20-22 daraja sovuqqacha tushgan shimoliy hududlarda bog‘ va uzumzorlarni asrab qolishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ammo shuni ta’kidlash kerakki, mazkur hududlarda fevral oyining I, II dekadalarida janubiy viloyatlarda bo‘lgani kabi g‘ayritabiiy iliq ob-havo kuzatilmadi, shuning uchun u yerlarda kurtaklar hali paydo bo‘lishga ulgurmagan edi. Bu bizga shimoliy hududlarda katta yo‘qotish bo‘lmaydi, deb taxmin qilish uchun asos bo‘la oladi.
Janubiy hududlarda ham katta yo‘qotishlarning oldi olindi, deb umid qilamiz, buni, albatta, monitoring natijalari ko‘rsatadi. Ushbu tom ma’nodagi chinakam qutqaruv ishlarida barcha qiyinchiliklarga va qattiq sovuqlarga qaramay, faol qatnashgan qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlarining harakatlari alohida e’tirofga va minnatdorchilikka loyiq ekani shubhasiz”, – tushuntirish berdi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Meva-sabzavotchilik, uzumchilik, polizchilik va kartoshkachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Qirg‘izboyev.
Sovuq ob-havoning salbiy ta’sirini kuzatish natijalariga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston va viloyatlardagi mavjud mevali bog‘lar, uzumzorlar va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarining zararlanish darajalari bo‘yicha natijalar aniqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda yanvar oyi oxiri va fevral oyi o‘rtalarida kuzatilgan anomal issiq ob-havo mevali daraxtlarning erta gullashiga sabab bo‘ldi. Biroq ob-havo keskin sovib, qor yog‘ishi tufayli mevali daraxtlar kurtaklari va gullari xavf ostida qoldi. Bog‘bonlar gilos, o‘rik, uzum va bodom hosilidagi yo‘qotishlarni 30 foizdan 80 foizgacha baholadi.