Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida o‘zbekistonlik muhojir besh yoshli bola hamda uning onasi, buvisi, bobosini o‘ldirishda gumon qilinayotgani haqida xabar berilgan edi. Meduza “Komsomolskaya pravda”ga tayangan holda qotillikda gumon qilinayotgan mehnat muhojiri 26 yoshli Sharofiddin Amirov ekanligini ma’lum qildi.
“NN.ru” ma’lumotlariga ko‘ra, unda Rossiyada ishlashi uchun muddati iyul oyida tugaydigan ruxsatnomasi bo‘lgan. Muhojir qotillik sodir etgan oilada uy qurishda, gullar o‘stirishda yordam berib kelgan va boshqa xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullangan. Oila a’zolarining tanishlarining aytishicha, uyda yana bir nechta ishchi ishlagan.
Mahalliy aholining “NN.ru”ga ma’lum qilishicha, uy u yerda 5 yildan buyon yashab kelayotgan Malaxovlar oilasiga tegishli bo‘lgan. Oila boshlig‘i yirik qishloq xo‘jaligi zavodining direktori bo‘lgan. Uning turmush o‘rtog‘i Yelena bilan ikki nafar farzandi — to‘ng‘ich qizi va olti yoshli o‘g‘li bo‘lgan. Ular bilan birga Yelenaning ota-onasi ham yashagan. Otasi —Anatoliy Korolev Gorkiy temiryo‘lining Nijniy Novgorod aloqa direksiyasining boshlig‘i bo‘lib ishlagan.
“Komsomolskaya pravda”ning yozishicha, qo‘shnilar oilani “tuppa-tuzuk, do‘stona odamlar” deya ta’riflagan. Shu bilan birga, ular o‘ziga to‘q oilalardan bo‘lgan: katta kottejda yashashgan, bir nechta mashinalari bo‘lgan.
“NN.ru”ning ma’lum qilishicha, qotillikdan avval Korolev va ishchi o‘rtasida kelishmovchilik yuz bergan. Life’ning qayd etishicha, ishchi oila bilan muntazam ravishda janjallashgan va “asablari dosh berolmagan”.
“NN.ru”ning aniqlik kiritishicha, Jinoyatchi Korolevga pichoq urgan, uning rafiqasini bo‘g‘ib o‘ldirgan, so‘ng Yelena Malaxovani zo‘rlab, o‘ldirgan, shundan keyin olti yoshli bolani bo‘g‘ib o‘ldirgan. Bu vaqtda sport to‘garagida bo‘lgan Malaxovning to‘ng‘ich qizi uydagilariga qo‘ng‘iroq qilib tusha olmagach, otasiga telefon qilgan (Mash Telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, bu vaqtda otasi xizmat safarida bo‘lgan). Malaxov qo‘shnisidan uyini tekshirishni iltimos qilganidan so‘ng aynan shu qo‘shni murdalarga guvoh bo‘lgan.
Jinoyatda gumon qilinayotgan shaxsning qochishida uning tanishi yordam bergan. Baza Telegram-kanali ma’lumotlariga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha Kia avtomobilida harakatlangan ikki kishi qidiruvga berilgan, ularning yonida sovuq qurol bo‘lgan.
1-mart kuni gumonlanuvchi qo‘shni Vladimir viloyatida qo‘lga olingan va so‘roq qilish uchun Nijniy Novgorodga olib kelingan. U bilan birga jinoyatga sheriklikda gumon qilingan shaxs ham qo‘lga olingan. Holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining 105-modda (ikki yoki undan ortiq kishining o‘ldirilishi) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.