Eron AQShning Iroqdagi koalitsion kuchlari obyektlariga hujum qilgani Pentagon tomonidan tasdiqlandi. AQSh mudofaa vazirining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha yordamchisi Jonatan Xoffmanning ma’lum qilishicha, ikkita harbiy obyektga o‘ndan ortiq raketa uchirilgan.

“Ushbu raketalar Erondan uchirilgani va AQSh harbiy va koalitsion xodimlari joylashgan Iroqdagi kamida ikkita — Asad va Arbil harbiy bazalariga qaratilgani aniq”, — dedi Xoffman.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika bazalari yuqori jangovar tayyorgarlik holatida turibdi, boisi ular rejalashtirilayotgan hujumlar haqida oldindan boxabar edi. Hozirda Pentagon yetkazilgan zararning dastlabki hisob-kitobini qilmoqda.

“Vaziyatdan va javobimizdan kelib chiqib, biz mintaqadagi xodimlarimiz, AQShning hamkorlari va ittifoqchilarini muhofaza qilish bo‘yicha barcha zaruriy choralarni ko‘ramiz”, — deya qo‘shimcha qildi AQSh vakili.

CNN telekanalining o‘z manbasiga asoslanib xabar berishicha, raketa zarbasidan so‘ng Vashington va Bag‘dod “eng oliy darajada” maslahatlashuv olib bormoqda.

Ayni vaqtda, Eronning Tasnim agentligi birinchi raketalaridan taxminan bir yarim soat o‘tib, Iroqdagi AQSh harbiy bazalariga yana raketa zarbalari berilgani haqida xabar tarqatdi.

Eronning Press TV telekanali xabariga ko‘ra, ushbu raketa zarbalari uchun javobgarlikni Eron Islomiy inqilob muhofizlari korpusi o‘z zimmasiga olgan.