Shu yilning 13-iyun kuni Fors ko‘rfazidagi O‘rmuz bo‘g‘ozida Yaponiyaga tegishli Kokuka Courageous neft tashuvchi kemasiga hujum uyushtirildi. AQSh prezidenti Donald Tramp hujumda Eronni aybladi. 20-iyun kuni esa Eron davlat televideniyesi AQShga tegishli uchuvchisiz qurilmani o‘z hududida Eron harbiylari tomonidan urib tushirilganini e’lon qildi. O‘z navbatida, AQSh ham o‘ziga tegishli dron Eron hududida urib tushirilganini tan oldi va harbiylarini mintaqaga yaqin yerga joylashtirdi. Shu kuni kechga yaqin Donald Tramp Eronga qarshi harbiy hujum boshlash haqida buyruq berdi. Ammo uchoqlar yerdan ko‘tarilishi bilan qarorini bekor qildi.

Mintaqada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yana bir urushning oldi olindi. Xo‘sh, AQSh va Eron o‘rtasidagi ziddiyatli munosabatlar ildizi qayerga borib taqaladi ? Hammasi qachondan boshlangan? “Daryo” kolumnisti Jahongir Ostonov ushbu maqolada mazkur savollarga javob izlaydi.

Foto: Google Photos

Eron va AQSh o‘rtasidagi aloqalar XIX asr oxirida, Eron shohi Nasriddinshoh Qojar AQShga birinchi elchisini yuborgan vaqtda o‘rnatilgan. O‘shandan buyon oradagi aloqalar bir necha bor o‘zgargan. Ikkinchi jahon urushigacha AQShning Eronga qiziqishi uncha muhim bo‘lmagan. Urushgacha ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar ancha iliq bo‘lgan. Eron konstitutsiyaviy kuchlari AQShga Buyuk Britaniya va Rossiyaga qarshi kurashdagi uchinchi kuch sifatida qarab kelgan.

Shoh davri

XX asrning 50-yillarida AQSh shoh Muhammad Rizo Pahlaviyga Erondagi Musoddiq hukumatini ag‘darib tashlashda ko‘mak berdi. Shoh hukmronligi davrida AQSh uning asosiy tayanchi bo‘lib keldi.

Muhammad Rizo Pahlaviy.
Foto: France 245

1979-yilgi Eron inqilobi o‘rtadagi munosabatlarni parchalab tashladi. Eronda mutlaq hukmronlikni qo‘lga olgan Oyatulloh Humayniy AQShni “Katta shayton” deb e’lon qildi. Bu ibora bugungacha xalqaro diplomatiyada AQSh, Isroil va ularning ittifoqchilariga nisbatan Eron tomonidan ishlatiladigan termin sifatida qo‘llaniladi.

AQSh elchixonasi oldidagi namoyish, 1979-yil.
Foto: Google Photos

O‘sha paytdagi prezident Karter shohni qo‘llab-quvvatlamasligini ma’lum qildi. Ammo saraton kasalligiga chalingan shoh Karterdan AQShda davolanish uchun izn so‘radi va Amerikadan boshpana topdi. 1979-yil 4-noyabr kuni, Eron Islom Respublikasi e’lon qilingan kundan yetti oy o‘tganidan keyin, eronlik talabalar Tehrondagi AQSh elchixonasiga hujum uyushtirib, u yerdagi 52 xodimni garovga oldi. Talabalar shohni ekstraditsiya qilish talabini ilgari surdi. Garov 444 kun davom etdi. 1980-yil 7-aprel kuni AQSh Eron bilan barcha aloqalari uzilganini e’lon qildi va unga nisbatan savdo embargosini joriy etdi.

Inqilobdan keyin

1988-yil 3-iyul kuni AQSh harbiy kemalari “xatolik” tufayli Iran Air’ga tegishli  Airbus A300B2  yo‘lovchi uchog‘ini urib tushirdi. Oqibatda 290 kishi, jumladan, 66 bola halok bo‘ldi. 1996-yil 22-fevralga kelibgina AQSh halok bo‘lganlar uchun 61,8 million dollar tovon pulini to‘lashga rozi bo‘ldi. Ammo, uchoq uchun berilishi lozim bo‘lgan 30 million dollar haligacha to‘langani yo‘q.

Aviahalokat qurbonlari bilan xayrlashuv.
Foto: IRNA

Yadroviy qurol ishlab chiqarish aybi bilan 1995-yil 30-aprel kuni AQSh prezidenti Bill Klinton Eronga qarshi yalpi iqtisodiy embargo e’lon qildi. Bunga qo‘shimcha ravishda 1996-yilda Eronga neft va gaz sohasiga investitsiya kiritgan tashkilotlarga nisbatan sanksiyalar joriy qilindi. 2002-yil 29-yanvar kuni prezident Jorj Bush Eronni terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi “yovuzlik o‘qi” bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiritdi.

2005-yilda saylangan konservator prezident Mahmud Ahmadinajod Eronda uranni boyitishni qayta yo‘lga qo‘ydi. Ahmadinajod prezidentligi davrida ham ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar ziddiyatliligicha qoldi.

Mahmud Ahmadinajod.
Foto: Washington Post

2009-yil 20-mart kuni Barak Obama Eron xalqi va rahbariyatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashishni taklif qildi. Ammo iyun oyidagi namoyishlar kuch bilan bostirilganini tanqid qilib, Ahmadinajod qayta saylanishi jiddiy muammolarga olib kelishini eslatdi.

2013-yil 15-iyun kuni AQSh Eronning yangi prezidenti Hasan Ruhoniy bilan muzokaralar olib borishga tayyor ekanini ma’lum qildi. 26-sentabr kuni AQSh davlat kotibi Jon Kerri Nyu-Yorkda Eronlik hamkasbi Muhammad Javod Zarif bilan yuzma-yuz ko‘rishdi, ertasi kuni esa 1979-yildan buyon ilk marotaba ikki davlat rahbari telefon orqali muloqot qildi. Munosabatlar yaxshi tomonga o‘zgara boshladi.

Kelishuv

2015-yil 14-iyul kuni Tehron va katta “kuchlar” o‘rtasida Eron yadroviy dasturi borasida 12 yillik nizolarga yakun yasagan tarixiy kelishuv imzolandi. Kelishuvga muvofiq, Eron atom quroliga ega bo‘lish niyatidan voz kechadi, buning evaziga unga nisbatan qo‘yilgan sanksiyalar izchillik bilan bekor qilinadi.

Yadroviy kelishuv imzolanishi.
Foto: BBC

Biroq 2016-yil dekabr oyi boshida Kongress Eronga qarshi Iran Sanction Act (ISA) qonunini yana o‘n yilga uzaytirish haqida qaror qabul qildi. Obama qonunni imzolamagan bo‘lsa-da, unga qarshilik ham qilmadi. AQSh Eron yadroviy dasturi bilan bog‘liq sanksiyalarni to‘xtatib qo‘ydi, biroq Tehron tomonidan inson huquqlarining poymol qilinishi, terrorizmni qo‘llab-quvvatlash va ballistik raketalar bilan bog‘liq dastur uchun sanksiyalarni saqlab qoldi.

AQShda bo‘lib o‘tgan prezident saylovidagi g‘alabasidan so‘ng hokimiyatga kelgan Donald Tramp qasamyod qabul qilganidan bir hafta o‘tib, 2017-yilning 27-yanvar kuni Eron dohil yetti musulmon mamlakat fuqarolari uchun viza berishni taqiqlovchi qaror qabul qildi. Xalqaro hamjamiyat qarshiligiga qaramasdan, 2018-yil 8-may kuni Tramp AQShning 2015-yilda imzolangan Eron yadroviy dasturiga doir shartnomadan chiqqanini e’lon qildi va Tehron rejimiga qarshi sanksiya kiritilishini ma’lum qildi. Obama davrida imzolangan ushbu kelishuvni “halokatli” deb atagan Tramp saylovoldi bayonotlarida undan chiqishga va’da bergan edi. O‘z navbatida, kelishuvni imzolagan Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya singari AQShga ittifoqdosh davlatlar kelishuvdan chiqmasligini va uning doirasida ishlashda davom etishini ma’lum qildi.

* * *

Bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning yaxshilanishiga to‘siq bo‘lib turgan bir qancha sabablar bor. Jumladan, amerikaliklar Eron siyosatidagi besh jihatni qabul qilib bo‘lmas deya baholaydi:

- yadroviy va ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqarishga urinish;

- Eron xalqaro terrorizmni qo‘llab-quvvatlashi bilan bog‘liq taxminlar;

- Yaqin Sharqdagi tinchlik jarayoniga tahdid soluvchi muxoliflarni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq taxminlar;

- qo‘shnilariga nisbatan tahdid va qo‘pol xatti-harakatlar qilish;

- inson huquqlarining hurmat qilinmasligi.

Eron ham munosabatlarga rahna soluvchi bir qator to‘siqlar bor deb hisoblaydi. Ular quyidagilar:

- demokratik yo‘l bilan saylangan Muhammad Musoddiq hukumatini ag‘darib, quvg‘indagi shoh rejimini qayta tiklagan Ayaks operatsiyasi;

- Eronning 1979-yilda muzlatilgan va qaytarib berilmagan 10 milliard dollarga yaqin aktivlari;

- Eronga qarshi bo Eron lgan terrroristik tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlash (masalan, Eron xalq mujohidlari tashkilotini);

- Eron – Iroq urushida Amerika shirkatlari kimyoviy qurollarni ishlab chiqarishda va tarqatishda faol qatnashgani;

- Eron yo‘lovchi uchog‘ining AQSh harbiylari tomonidan urib tushirilishi. Bu 290 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan;

- 2003-yildan buyon Amerika dronlarining Eron havo hududida noqonuniy uchib yurishi;

- inson huquqlarining toptalishi.

Ko‘rib turganimizdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turgan. Hatto, ba’zi tahlilchilarga ko‘ra, Eron AQSh uchun “oqsoqollar hukumati” bo‘lmish Saudiyadan ko‘ra ishonchliroq hamkor bo‘lishi mumkin.

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.