O‘zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov 26-fevral, juma kuni Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Mixail Myasnikovich bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Uchrashuvda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorlik bo‘yicha elchixonaning yangi tayinlangan maslahatchisi va bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasidagi vakili bo‘lgan Shuhrat Shukurov tanishtirildi.
Shuhrat Shukurov Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisiga ushbu komissiyaga O‘zbekiston vakili tayinlanishi to‘g‘risida bosh vazir Abdulla Aripovning maktubini topshirgan.
Ma’lumot uchun, Shuhrat Shukurov 49 yoshda. U Moskva iqtisodiy-statistika institutini va Prezident huzuridagi O‘zbekiston davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tugatgan. Davlat xizmatida 27 yillik tajribaga ega. Tayinlovga qadar u Makroiqtisodiy izlanishlar va prognoz instituti direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2020-yilning dekabrida Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida rasman kuzatuvchi-davlat maqomini olgan.
Izoh (0)