Gruziya koronavirus pandemiyasi tufayli kiritilgan bir qator cheklovlarni bekor qiladi. Bu haqda bosh vazir Irakli Garibashviliga tayanib “Korrespondent.net” xabar qildi.
Qayd etilishicha, mamlakat 1-martdan boshlab COVID-19’ning manfiy test natijasiga ega chet ellik sayyohlar uchun chegaralarni ochadi.
“Hukumat shaharlararo transportlar harakati cheklovlarini 25-fevraldan bekor qiladi. Shuningdek, 25-fevraldan tog‘li kurortlarda mehmonxonalar ochiladi. Restoranlar va umumiy ovqatlanish shoxobchalari Batumida 1-martdan boshlab dam olish kunlaridan tashqari ishlashi mumkin. Butun mamlakat bo‘ylab esa bu cheklovlar 8-martda olib tashlanadi”, — dedi Garibashvili.
Shu bilan birga, bosh vazir ta’kidlashicha, soat 21:00 dan 05:00 gacha harakat cheklovi amalda qoladi. Shuningdek, 1-martdan muzeylar va kutubxonalar faoliyatiga ruxsat beriladi, 15-martdan esa talabalar universitetga qaytishlari mumkin.
Garibashvili mamlakat sayyohlar uchun ochilayotganini qo‘shimcha qildi. 1-martdan boshlab Ukraina, Armaniston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Rossiya va Belarus fuqarolari PZR testining manfiy natijalari taqdim etilgandan so‘ng Gruziyaga kirishlari mumkin.
“Gruziyaning quruqlikdagi chegaralari chet el fuqarolari uchun yopiq bo‘lib qolmoqda”, — dedi bosh vazir.
Bundan avval Buyuk Britaniyada COVID-19 sabab e’lon qilingan asosiy cheklovlar iyun oyi oxirida bekor qilinishi mumkinligi, Shvetsiyada koronavirus sabab joriy qilingan cheklovlar 7-martga qadar uzaytirilgani hamda Turkiya va Shveysariyada mart oyidan boshlab COVID-19 cheklovlari yumshatilishi haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)